Rossiyada ota-ona qarovisiz qolgan uch nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi

Jamiyat 01:18 / 27.11.2024 3164

Rossiya Ichki ishlar vazirligi xodimlari ko‘magida xalqaro kelishuvlarga muvofiq, Novosibirsk va Moskva shaharlaridan uch nafar voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bolalar Toshkent shahri IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi tomonidan qabul qilingan va Ijtimoiy himoya milliy agentligi ko‘magida ota-onalariga topshirilgan.

Mazkur holatda voyaga yetmagan shaxslar ota-onasining yaqin qarindoshiga ishonchnoma asosida Rossiya Federatsiyasiga borgan, ammo ishonchnoma Rossiya hududida yuridik kuchga ega emasligi sababli voyaga yetmagan fuqarolar ota-onasi qarovisiz qolgan deb e’tirof etilgan.

Ta’kidlanishicha, olib kelingan bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy xizmatlar ularning yashash manziliga yaqin bo‘lgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ko‘rsatiladi.

«O‘z o‘rnida, ota-onalardan voyaga yetmagan farzandlarini nazoratsiz chet el davlatiga jo‘natmaslikni, dastlab, ushbu davlatning qonunchiligini batafsil o‘rganish kerakligini eslatib o‘tamiz», — deyiladi xabarda.

Oktyabr o‘rtalarida Ichki ishlar vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari Toshkent shahar xalqaro aeroportida yana 4 nafar voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosini kutib olgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, kuni kecha Pekinda qiyin vaziyatga tushib qolgan 40 nafarga yaqin fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi.

Ko‘proq yangiliklar: