«Siti» 3 ta gol ustunligini boy berdi, «Arsenal» istagancha gol urdi. Kun o‘yinlari

Sport 03:24 / 27.11.2024 19170

Grizmanning yubileyi va «Atletiko»ning rekordi

«Sparta» — «Atletiko» 0:6
Gollar:
Alvares (15, 59), Liorente (43), Grizmann (70), Korrea (85, 89).
«Sparta» – Vindal-Yyensen, Ross, Panak, Vitik, Rinesh, Kayrinen, Lyachi (Solbakken, 79), Vizner, Xaraslin (Peshek, 27), Krasniki (Tutsi, 61), Rrahmani (Olatunji, 60).
«Atletiko» – Oblak, Galan, Langle, Ximenes, Lorente, Gallaher, Barrios (Koke, 79), De Paul (Lino, 79), Simeone (Rikelme, 79), Alvares (Korrea, 79), Syorlot (Grizmann, 59).
Ogohlantirishlar: Peshek (65), Barrios (67).

YeChL oqshomi Sharqiy Yevropadagi o‘yinlar bilan boshlandi. Favorit klublar yaqqol autsayderlar mehmoni bo‘lishdi. Bu o‘yinlar turlicha kechdi. Pragada nisbatan raqobatbardosh ko‘ringan «Sparta» «Atletiko»ga qarshi hech narsa qila olmadi. Madridliklarning gollariga foydalanilmagan qulay vaziyatlar hamrohlik qildi. Xususan, Juliano Simeone o‘ta oddiy vaziyatda to‘pni darvoza to‘riga yo‘naltira olmadi, shundan ko‘p o‘tmay Alvares jarima zarbasini namunali tarzda ijro etdi. Qanchalik g‘alati bo‘lmasin, bu «matraschilar» futbolchisi Diyego Simeone davrida ilk bor YeChLda jarimadan gol urishi bo‘ldi.

Serlot esa dastlab pragaliklar posboni bilan duelni boy bergach, undan revansh oldi. Liorente to‘pni darvozabon maydonchasiga yetkazib berdi va norvegiyalik hujumchi bosh harakati bilan darvozabonni chalg‘itdi, to‘p esa hech kimga tegmasdan darvoza to‘riga borib tushdi. Tanaffusdan keyin esa Alvares kichik Simeone bilan devor uslubida o‘ynab, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Grizmann ham maydonni golsiz tark etmadi. Bu safar zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan fransuz futbolchisi uchun bu asosiy yevrokubokdagi 100-o‘yin edi. O‘yin oxirida esa jamoaning asosiy jokeri Korrea ketma-ket ikki aniq zarba yo‘lladi. Natijada «Atletiko» yevrokuboklarda safar o‘yinlaridagi eng yirik g‘alabasiga erishdi.

«Slovan» — «Milan» 2:3
Gollar:
Barsegyan (24), Marselli (88) — Pulishich (21), Leau (68), Abraham (71).
«Slovan» – Takach, Vut (Marselli, 76), Kashiya, Bayrich, Medvedev, Savvidis (Mak, 90), Kutska (Tolich, 76), Blekmen, Metsoko (Ignatenko, 66), Barsegyan, Strelets.
«Milan» – Menyan, Teo, Pavlovich, Tomori, Kalabriya (Emerson, 75), Reynders, Fofana (Musa, 76), Okafor (Leau, 46), Pulishich (Loftus-Chik, 75), Chukvueze, Abraham (Kamarda, 84).
Ogohlantirishlar: Chukvueze (54), Kalabriya (58), Tomori (79), Tolich (90).
Chetlatish: Tolich (90).

«Milan» esa Bratislavadagi o‘yinda muammolarga uchradi. Bo‘limning birinchi qismida bo‘sh o‘yin ko‘rsatgan «Slovan» vaqt o‘tib muntazam ravishda xavfli qarshi hujumlarga chiqa boshladi. Streletsning vaziyati ogohlik qo‘ng‘irog‘i edi, u Menyanni aldab o‘tdi, ammo Pavlovich to‘pni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qoldi. O‘zining ikkinchi imkoniyatidan foydalangan Pulishichning goliga esa uch daqiqa o‘tib Barsegyan javob qaytardi, u maydon markazida himoyachilardan qochib ketdi va to‘pni chiroyli uslubda darvozabon ustidan oshirib tashladi. Ushbu yarimhimoyachi YeChL guruh bosqichida gol urgan ikkinchi arman futbolchiga aylandi. Bungacha bu ishni faqat Mxitaryan (to‘rt jamoa safida) uddalagandi.

Slovaklarda boshqa imkoniyatlar ham bo‘ldi, ammo «Milan» futbolchilari saviyadagi farq evaziga uch daqiqa ichida vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirdi. Avvaliga Fofana markaziy doira hududidan turib ajoyib pas bilan zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Rafael Leauni qulay vaziyatga chiqardi. Keyin esa mezbonlar futbolchisi o‘z darvozasi tomon pas berishda xatoga yo‘l qo‘ydi va to‘pga ega chiqqan Abraham yakkama-yakka vaziyatda darvozabonni dog‘da qoldirdi. O‘yin oxirida «Slovan» yana bitta javob golini urdi, lekin Tolich hissiyotlarini jilovlay olmasdan, bahsli sariq tufayli bahslashgani uchun maydondan chetlatildi va jamoa bir kishi kam holida hisobni tenglashtira olmadi. Vladimir Vayss jamoasi besh turdan keyin birorta ochko olmagan, «Milan» esa qatorasiga uchinchi g‘alabasini nishonladi va bu jamoa uchun asosiy yevrokubokda 1989 yildan buyon ilk bor ketma-ket uch o‘yinda kamida uchta gol urishi bo‘ldi.

Levandovski tanlanganlar orasida

«Barselona» — «Brest» 3:0
Gollar:
Levandovski (10 penalti, 90+2), Olmo (66).
«Barselona» – Penya, Martin (Balde, 78), Martines, Kubarsi, Kunde, Pedri (de Yong, 88), Kasado, Olmo (Gavi, 68), Lopes (Torre, 78), Rafinya, Levandovski.
«Brest» – Bizot, Aydara, Le Kardinal, Shardonne, Lala, Fernandesh (Marten, 77), Dumbiya (Pereyra Lajye, 69), Manetti, Kamara (Fevr, 69), Sima (Balde, 59), Ajork (Del Kastiyo, 78).
Ogohlantirishlar: Lala (24), Kamara (63), Ajork (74), Le Kardinal (81).

«Barselona» bu turnirda sensatsiya ko‘targan «Brest» bilan o‘yinda penalti evaziga tezkor gol urdi, darvozabon to‘pga chiqishda muvaffaqiyatsiz harakatlanib, Levandovskini yiqitganidan keyin hakam nuqtani ko‘rsatgandi. Polyak hujumchisi bu orqali Chempionlar ligasidagi 100-golini urib, Krishtianu Ronaldu (145) va Messi (132) ortidan uchinchi bo‘lib ushbu dovondan o‘tgan futbolchiga aylandi. Levi vaqti kelib bu ikki afsonani quvib o‘tishiga ishonish qiyin, ammo u aniq ijro etilgan 11 metrlik zarbalar bo‘yicha shu mavsumning o‘zidayoq turnir rekordchisi bo‘lib olishi mumkin. Polyak futbolchisi shu vaqtgacha nuqtadan 17 bor aniq zarba yo‘llagan va u bu borada portugaliyalik hamda argentinalik futbolchilardan mos ravishda ikki va bir gol farqi bilan ortda bormoqda.

Hansi Flik jamoasi yaqqol ustunlik bilan o‘ynaganiga qaramay, qaltis hisob tufayli raqibda o‘yinni qutqarish imkoniyati ancha vaqtgacha saqlanib turdi. Kataloniyaliklar vaziyatlardan foydalana olmasligi, darvozabon va himoyachilarning seyvlari (Dani Olmoning zarbasidan keyin to‘p darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qolindi) «Brest»ni o‘yinda qoldirdi. Ammo ushbu futbolchi baribir o‘z golini urdi, o‘yinga so‘nggi nuqtani esa Levandovskining o‘zi qo‘ydi. Ko‘k-anorranglilar turnirda qatorasiga to‘rtinchi bor yirik hisobda g‘alaba qozonib, «Reyms» (1958), «Lids» (1969) va «Bavariya» (2020, 2021)ning natijasini takrorladi. Qatorasiga beshta shunday o‘yin faqat 2017 yil «PSJ»da bo‘lgan. «Barsa» esa ayni vaqtda 18 gol bilan turnirning bu mavsumdagi eng sermahsul jamoasi bo‘lib turibdi.

Idilliyadan dahshatgacha

«Manchester Siti» — «Feyyenoord» 3:3
Gollar:
Holand (44 penalti, 56), Gundo‘g‘an (50) — Haj Musa (75), Ximenes (82), Hansko (89).
«Manchester Siti» – Ederson, Gvardiol, Ake (Makati, 69), Akanji, Lyuis, Gundo‘g‘an (de Bryuyne, 68), Nunesh, Grilish, Foden (Simpson-Pyuzi, 69), Silva, Holand.
«Feyyenoord» – Vellenroyter, Smal (Belen, 68), Hansko, Trauner, Niukop (Lotomba, 72), Timber, Hvan In Bom, Milambo (Zerruki, 68), Payshao, Karransa (Ximenes, 72), Haj-Musa.
Ogohlantirishlar: Karransa (57), Makati (88).

«Manchester Siti» qatorasiga besh mag‘lubiyatdan keyin «Feyyenoord»ni darvozasiga qamab qo‘yishga harakat qildi, ammo birinchi bo‘limdagi yagona gol tanaffus arafasida, himoyachi jarima maydoni ichida Holandni yiqitganidan keyingina urildi. Golsiz seriyasi cho‘zilib ketgan norvegiyalik hujumchi esa penaltidan urgan golini hissiyotga berilib nishonladi. Bu gol Erling uchun navbatdagi rekord bo‘ldi, u YeChLda 45 o‘yinda 50 (45+5) ta golli harakatni amalga oshirib ulgurdi va u bu natijaga Rud van Nistelroydan bitta o‘yinga tezroq erishdi. Qolaversa, Holand Messi va Mbappeni ortda qoldiib, turnirda 50 gollik dovonni zabt etgan eng yosh futbolchiga aylandi (24 yoshu 128 kunlik).

Birinchi gol «shaharliklar»ni tom ma’noda og‘ir yukdan xalos qildi va ikkinchi bo‘lim boshida hisob qulay ko‘rinishga keltirildi. Xosep Gvardiola jamoasiga omad ham qaytgandek edi, chunki Gundo‘g‘anning zarbasidan keyin darvozabon rikoshet tufayli ilojsiz ahvolda qoldi. Holand esa bir gol bilan kifoyalanmadi va Mateus Nunesning qanotdan uzatmasidan keyin to‘pga yiqilayotgan holda zarba berib, hisobni yiriklashtirdi. Gvardiola tabassum qila boshladi, ammo ko‘p o‘tmay u boshini changallab qolishiga to‘g‘ri keldi. Jamoa mudofaasi raqiblarga birin-ketin ikki gol sovg‘a qildi. Uch gol ustunligidan keyin yuzaga kelgan idilliya so‘nggi daqiqalarda dahshatga almashdi. Uchinchi golda Ederson qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va 3:0 o‘n besh daqiqa ichida 3:3 ko‘rinishiga o‘zgardi. Faoliyatida barcha narsani yutgan Pep bu daqiqalarda yig‘lab yuborishdan o‘zini bazo‘r tiydi va yuzini timdalab tashladi.

Qo‘shimcha daqiqalarda Grilishning zarbasi to‘sindan biroz pastga borganida ham umumiy taassurot ko‘p o‘zgarmagan bo‘lardi. O‘z tarixida ilk bor 3 gol ustunligini boy bergan «Siti»ni oldinda «Enfild»ga safar kutmoqda.

«Arsenal» quturdi

«Sporting» — «Arsenal» 1:5
Gollar:
Inasiu (47) — Martinelli (7), Havers (22), Gabriel (45+1), Saka (65, penalti), Trossar (82).
«Sporting» – Israel, Inasiu (Reys, 88), Diomande, Sen-Jyust, Edvards (Bragansa, 68), Trinkau (Simoynsh, 88), Arauxo (Katamu, 68), Morita (Harder, 78), Yulmand, Kenda, Gokeresh.
«Arsenal» – Rayya, Kalafiori (Zinchenko, 78), Gabriel (Kivior, 84), Saliba, Timber, Rays (Merino, 70), Parti, Edegor (Nvaneri, 78), Martinelli (Trossar, 70), Haverts, Saka.
Ogohlantirishlar: Diomande (4), Rayya (52).

«Sporting»ni Ruben Amorim o‘rniga Portugaliya milliy jamoasining sobiq futbolchisi Joau Pereyra boshqarmoqda. Ushbu 40 yoshli mutaxassis uch yil muqaddam lissabonliklar klubida futbolchilik faoliyatini yakunlagan, shundan keyin «sherlar»ning yoshlar va o‘rinbosarlar jamoalarida ishlagan. Pereyraning asosiy jamoadagi karerasi kubok o‘yinida «Amarante» ustidan yirik hisobdagi g‘alaba (6:0) bilan boshlandi, ammo «Arsenal» — butunlay boshqa vazn toifasidagi jamoa edi.

Bu Timber o‘ng qanotdan hisobni ochgan Gabriel Martinelliga golli pas yetkazib bergan vaziyatda ham yaqqol ko‘rindi. Bu hujumda barchasi shu qadar osonlik bilan amalga oshirildiki, «kanonirlar» Chempionlar ligasida safar o‘yinlarida 415 daqiqadan buyon gol ura olmaganiga ishonish qiyin. Ishtaha ovqat mahali keladi deganlaridek, birinchi gol ortidan ikkinchisi ham urildi. Londonliklar yana himoyachilar ortiga to‘p yetkazib berishdi, Havers Sakaning darvozabon oyoqlari orasidan o‘tkazib bergan pasidan keyin bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi.

Bo‘lim oxirida esa «Arsenal» o‘z uslubida burchak zarbasini ijro etdi, hisobni yiriklashtirgan Gabriel Magalyans golini «Sporting»ning eng yaxshi to‘purari Dyokeresh uslubida nishonladi.

Mehmonlar dastlabki 45 daqiqalikda qanchalik ustunlikka erishganini kutilgan gollar koeffitsiyenti ham yaqqol ko‘rsatib turibdi. 2,29 xG — bu Mikel Arteta jamoasi oldingi to‘rt turning birinchi bo‘limlarida qayd etganidan (1,83) ko‘proq. Bu mavsumda «Joze Alvalade»da yutqazmagan mezbonlar ilk bor o‘z uyida bittadan ortiq gol o‘tkazgani bejiz emas. Ikkinchi bo‘lim mezbonlarning goli bilan boshlangan bo‘lsa-da, o‘yin Portugaliya chempionlari uchun sharmandali ko‘rinishda yakunlandi. O‘tgan turda «Manchester Siti»ni sensatsion ravishda (4:1) mag‘lub etgan «sherlar» Angliyaning boshqa bir jamoasi qarshisida ojiz qoldi.

«PSJ» og‘ir vaziyatda

«Bavariya» — «PSJ» 1:0
Gol:
Kim (38).
«Bavariya» – Noyyer, Devis, Kim Min Je, Upamekano, Laymer, Goretska, Kimmix, Koman (Gnabri, 72), Musiala (Myuller, 77), Sane (Olise, 71), Keyn.
«PSJ» – Safonov, Mendesh, Pacho, Markinos, Hakimi, Ruis (Asensio, 83), Nevesh, Vitinya, Zair-Emeri (Li Kan In, 65), Barkolya (Ramush, 72), Dembele.
Ogohlantirishlar: Dembele (37), Hakimi (57), Koman (67), Mendesh (71), Olise (76), Gnabri (84).
Chetlatish: Dembele (56).

Seshanba oqshomidagi asosiy o‘yin – Germaniya va Fransiya chempionatlarida peshqadamlik qilayotgan jamoalar to‘qnashuvi edi. Ikki klub ham eng yaqin ta’qibchisidan olti ochkoga o‘zib ketgan. Chempionlar ligasida esa ishlar silliq kechmayapti. Ayniqsa, «PSJ» xavfli zonadan chiqa olmayapti. Parijliklar Myunxendagi o‘yindan keyin ham o‘sha yerda qolishdi.

«Bavariya» o‘yinni faol boshladi va dastlabki 12 daqiqa ichida darvoza sohasi bor uch bor zarba yo‘lladi. «PSJ» kamroq hujum qildi, ammo 29-daqiqada o‘yindagi eng yaxshi vaziyatiga ega bo‘ldi. Uorren Zair-Emeri 11 metrlik masofada, ustun ro‘parasidan zarba berdi. Mezbonlar darvozaboni esa narigi burchak tomonda qolib ketgandi, ammo fransuz yarimhimoyachisining zarbasi yaxshi chiqmadi, to‘p ustun yonidan o‘tib ketdi.

Ko‘p o‘tmay «Bavariya» hisobni ochdi – o‘yindagi voqealar shunga qarab ketayotgandi. Burchak zarbasidan keyin Safonov to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi, rossiyalik darvozabon to‘pga tegindi, ammo uni raqib futbolchisi Kim Min Jega yetkazib berdi, koreyalik himoyachi esa bir necha metr masofadan turib darvozani ishg‘ol etdi.

Ikkinchi bo‘limda mehmonlar yana bir muammoga duch keldi. Usmon Dembele ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etdi. Unga birinchi ogohlantirish arbitr bilan bahslashgani uchun ko‘rsatilgandi, ikkinchisi – oyog‘ini baland ko‘tarib podkat qilgani uchun.

Fransuzlar oxirgi daqiqalargacha o‘yinni qutqarish uchun imkoniyat saqlab qolishdi, ammo Joau Neveshning 85-daqiqadagi zarbasi to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi. 90+3-daqiqada burchak zarbasi chog‘ida Safonov raqib jarima maydoniga yetib keldi, ammo to‘pga yeta olmadi. «Bavariya» oxirgi daqiqalarda hisobni saqlash uchun o‘ynashdi. Nemislar to‘qqiz ochko bilan top-8 ga yaqinlashdi, «PSJ» esa to‘rt ochko bilan 26-o‘rinda joylashgan, bu o‘rin esa o‘tish o‘yinlarida ishtirok etishga ham imkon bermaydi. Jamoaning keyingi turlardagi raqiblari - «Zalsburg» (safar), «Manchester Siti» (uy), «Shtutgart» (safar).

Milanliklar devori va De Ketelarening benefisi

«Inter» — «Leypsig» 1:0
Gol:
Lukeba (27, avtogol).
«Inter» – Zommer, Pavar (Bissek, 44), Bastoni (Augusto, 65), de Vrey, Chalxono‘g‘li (Mxitaryan, 76), Zelinski, Barella, Dimarko, Dumfris, Torimiy (Tyuram, 65), Martines (Arnautovich, 76).
«Leypsig» – Gulachi, Henriks, Lukeba, Orban, Gertryuyda (Gebel, 85), Nusa, Kampl, Aydara (Zayvald, 61), Baumgartner (Uedraogo, 61), Openda, Silva (Sheshko, 61).
Ogohlantirishlar: Pavar (11), Bastoni (33), Baumgartner (34), Lukeba (85).

«Leypsig» — turnirning asosiy omadsizi. Kamtargina «Slovan» qatorasiga besh bor mag‘lub bo‘lishini tushunish mumkin, ammo bundesliganing eng yaxshi jamoalaridan biri bunday natija ko‘rsatishini izohlash qiyin. «Inter» bilan o‘yinda ham nemislarning omadi kelmadi. Dimarkoning jarima nuqtasidan oddiy uzatmasi himoyachiga tegib darvoza to‘riga kirib ketdi. Mehmonlar qolgan bir soatdan ortiq vaqt davomida jamoa qaytara olmadi, turnirning bu mavsumida «Inter» mudofaasini hech kim buza olmayapti. Birinchi turda «Siti»ga qarshi 0:0 o‘ynagan milanliklar qatorasiga to‘rt o‘yinda quruq g‘alabaga erishdi — bu neradzurrilar tarixidagi rekord natija.

«Bayyer» — «Zalsburg» 5:0
Gollar:
Virts (8 penalti, 30), Grimaldo (11), Shik (61), Garsiya (72).
«Bayyer» – Kovarj, Inkapie (Artur, 68), Ta, Tapsoba, Grimaldo, Jaka, Andrix, Palasios (Garsiya, 68), Frimpong (Tella, 68), Virts (Oniyeka, 76), Shik (Stepanov, 73).
«Zalsburg» – Shlager, Terzich (Gindo, 46), Baydu, Piontkovski, Dedich, Diambu (Kapaldo, 74), Gurna-Duat (Baychetich, 46), Klark (Bidstrup, 46), Glux, Yyeo, Konate (Dorjyeles, 16).
Ogohlantirishlar: Yyeo (58), Andrix (65).

«Zalsburg» esa Leverkuzenda ojiz qoldi, muammolar tezkor penalti bilan boshlandi. VAR bosh hakam qaroriga qo‘shilmadi, videotakrorda to‘p mehmonlar futbolchisi qo‘liga uning oyog‘idan kelganini ko‘rish mumkin edi, ammo referi qarorini o‘zgartirmadi. Keyin esa Grimaldo jarima zarbasidan chiroyli gol urdi, mehmonlar esa jarohat tufayli asosiy forvardi Konateni yo‘qotdi. O‘yin avstriyaliklarning xo‘rlanishiga aylanib ketdi, yana bir bor o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygan Virs Messi grafigida ketmoqda. U xuddi Leo kabi 22 yoshigacha yevrokubokda 17 gol urib ulgurdi. Lekin bu rekord emas: bu yoshda Holand (23), Mbappe (21) va Krishtianu Ronaldu (20) ko‘proq gol urishgan. Lekin ushbu triodan farqli ravishda Virs forvard emas, balki yarimhimoyachidir.

«Yang Boyz» — «Atalanta» 1:6
Gollar:
Ganvoula (11) — Retegi (9, 39), de Ketelare (28, 56), Kolashinats (32), Samarjich (90+1).
«Yang Boyz» – fon Ballmos, Xajam (Atekame, 78), Lauper, Kamara, Blum, Lakomi (Males, 46), Nyasse, Ugrinich, Almada Monteyru (Elia, 67), Ganvula (Itten, 60), Kolli (Virjiniyus, 46).
«Atalanta» – Karnezekki, Kolashinats (Toloi, 75), Hin (Godfri, 80), Kossunu, Breshianini (Samarjich, 63), de Ketelare (Palestra, 75), Rujyeri, Pashalich, de Ron, Kuadrado, Retegi (Zaniolo, 63).
Ogohlantirishlar: Kolli (44), Breshianini (45), Elia (73).

«Atalanta» turnirning joriy mavsumida ilk bor o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi, faqat bu voqea faqat statistika nuqtayi nazaridan e’tiborli. Jan Piyero Gasperini shogirdlari hech qanday muammosiz safarda yirik g‘alabaga erishdi. Himoyachi Kolashinats to‘pni maydonning o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida egallab olib, oldinga yurib bordi va De Ketelare bilan devor uslubida o‘ynab, darvozani ishg‘ol etdi. Unga uzatma bergan belgiyalik esa oqshomning asosiy qahramoniga aylandi. Ikki gol, assistentlar bo‘yicha het-trik — u beshta golda qatnashdi. So‘nggi yillarda bunday natija faqat Holand, Neymar va Gnabri tomonidan qayd etilgan, ammo YeChLda Italiyaning biror klubi futbolchisi bunaqa natijaga erishmagandi.

Kun statistikasi

Forvard Alvares «Atletiko»ning YeChL guruh bosqichida jarima zarbasini to‘g‘ridan to‘g‘ri golga aylantirgan 3-futbolchisi bo‘ldi. Bungacha bu ishni faqat Pantich (ikki marta) va Aguero uddalagandi.

«Atletiko» forvardi Grizmann asosiy yevrokubokdagi yuzinchi o‘yinida gol urgan 7-futbolchi bo‘ldi — Anri, Ibrahimovich, Krishtianu Ronaldu, Pirlo, Kroos va Levandovskidan keyingi.

YeChLda 19 o‘yin — 18 yoshli futbolchilar orasida turnir rekordi. Uni «PSJ» yarimhimoyachisi Zair-Emeri o‘rnatdi, u bu borada Boyan Krkichning natijasini yaxshiladi.

«PSJ» 21 o‘yindan buyon safar o‘yinlarida darvozasi daxlsizligini saqlay olmayapti.

O‘yin kunida 40 gol — turnirda 2014 yil 21 oktyabridagi rekord takrorlanishi bo‘ldi. Lekin o‘shanda hozirgidek to‘qqiz emas, sakkiz o‘yin o‘tkazilgandi.

«Manchester Siti»da 61 yildan buyon olti o‘yinda kamida ikkitadan gol o‘tkazib yuborish bilan bog‘liq seriya bo‘lmagandi.

Braziliyalik himoyachi Markinos «PSJ» safida YeChLda 96 o‘yinda maydonga tushdi. Fransuz klublari futbolchilari orasida u darvozabon Gregori Kupeni ortda qoldirib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi va boshqa bir darvozabon — Mandandadan (115) ortda qolmoqda115).

«Bavariya» darvozaboni Noyyer YeChLdagi o‘yinlari sonini 150 taga yetkazdi. U bu ko‘rsatkich borasida faqat uch darvozabondan ortda — Iker Kasilyas (179), Janluidji Buffon (159) va Pepe Reyna (157).

Turnir jadvali

Ko‘proq yangiliklar: