“Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Qonunning maqsadi shaharsozlik renovatsiyasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunning amal qilishi yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari va moddiy-madaniy meros obektlarining renovatsiyasi sohasidagi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Quyidagilar shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish uchun asos hisoblanadi:
- shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yer uchastkalarini qayta rejalashtirish;
- shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan turar va noturar joy obektlar yashash, foydalanish, ishlatish uchun yaroqsiz bo‘lib, avariya holiga kelib qolganligi;
- hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarning mavjudligi;
- shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan turar va noturar joy obektlardan foydalanish noqulay ekanligi hamda ulardan foydalanish samarasiz ahvolga kelib qolganligi;
- shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan turar va noturar joy obektlarning muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalari zamonaviy talablarga javob bermasligi, energiya samaradorlik ko‘rsatkichlari past ekanligi;
- shaharsozlik renovatsiyasi hududida atrof-muhitning me’moriy qiyofasi ekologik jihatdan zararli bo‘lib qolganligi.
Quyidagilar shaharsozlik renovatsiyasining asosiy maqsadi hisoblanadi:
- renovatsiya loyihasi asosida hududni me’moriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan samarali holatga keltirish;
- yashash, foydalanish, ishlatish uchun yaroqsiz deb topilgan avariya holatidagi uy-joy fondini inson yashashi va foydalanishi uchun yaroqli holga keltirish;
- hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarni bartaraf etish;
- uy-joy fondidan foydalanish qulayligi va unumdorligini oshirish hamda undagi sharoitlarni yaxshilash;
- zamonaviy mezonlarga javob beradigan muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani yaratish, energiya samaradorlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash.
Shaharsozlik renovatsiyasi quyidagi turlarga bo‘linadi:
- davlat tashabbusiga ko‘ra;
- mulkdorlarning tashabbusiga ko‘ra;
- uchinchi shaxslarning tashabbusiga ko‘ra.
Shaharsozlik renovatsiyasi mulkdorlarning roziligi bilan davlat va jamoatchilik nazorati asosida amalga oshiriladi.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish renovatsiya loyihasiga asosan renovatsiya hududida yer uchastkalarini qayta rejalashtirgan holda bino-inshootlarni me’moriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan samarali holatga keltirish yuzasidan amalga oshiriladigan quyidagi shakllardan iborat:
- mavjud obektni asosiy konstruksiyasini o‘zgartirmasdan rekonstruksiya qilish;
- mavjud obektlarni buzish va bo‘shagan yer uchastkasida buzilgan obekt toifasidagi yangi obektni qurish;
- mavjud obektlarni buzish va bo‘shagan yer uchastkasida boshqa toifadagi yangi obektni qurish yoki yashil hududlarni va boshqa hududiy zonalarni tashkil etish.
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturi doirasida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shaharsozlik renovatsiyasi dasturini amalga oshirish shakllarining biri yoki bir nechtasi qo‘llanishi mumkin.