Joriy yilning 23-26 iyul kunlari kutilayotgan yomg‘irlar yog‘ishi sababli respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet agentligi direktori Sherzod Habibullayev ogohlantirdi.
Unga ko‘ra, quyidagi hududlarda sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin:
- Toshkent viloyati — Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
- Namangan viloyati — Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
- Farg‘ona viloyati — So‘x, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida va Shohimardon hududida;
- Andijon viloyati — Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonobod shahrida.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari so‘ralmoqda.
Shuningdek, Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi hududi bo‘yicha yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin.