Ispaniyada mamlakat janubi-sharqiy qismida sodir bo‘lgan halokatli suv toshqini qurbonlari soni 150 kishidan oshdi. 31 oktyabr, payshanba kuni tushdan keyin qutqaruv xizmatlari 158 nafar halok bo‘lganlarning jasadini topdi. Birgina Valensiya viloyatida kamida 155 kishi tabiiy ofat qurboni bo‘ldi, qutqaruvchilar omon qolganlarni qidirishni davom ettirmoqda.
Shahar rasmiylarining ma’lum qilishicha, 25 ming aholiga ega Payporta shahrida kamida 62 kishi halok bo‘lgan. Ispaniya mudofaa vaziri Margarita Robles ko‘p odamlar hali ham bedarak yo‘qolganligini ta’kidladi. Qutqaruv operatsiyasida o‘t o‘chiruvchilar, politsiya xodimlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlaridan tashqari 1200 dan ortiq askar ishtirok etmoqda. Qidiruv ishlarida dronlardan foydalanilyapti.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning aytishicha, qurbonlarni qidirish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. U Valensiya va Kastellon aholisini uyda qolishga va qutqaruvchilar ko‘rsatmalariga amal qilishga chaqirdi. Ispaniya qiroli Felipe VI ham xavfli ob-havo hali tugamaganidan ogohlantirib, odamlarni ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Sinoptiklar yana kuchli yomg‘ir yog‘ishini taxmin qilmoqda.
Berlin va Bryussel toshqindan keyin Ispaniyaga yordam taklif qildi
Yevropa Ittifoqi Ispaniya qutqaruv xizmatlariga yordam berish uchun o‘zining Copernicus sun’iy yo‘ldosh tizimidan foydalanmoqda. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen o‘zining X ijtimoiy tarmoqdagi akkauntida ma’lum qildi.
Berlin suv toshqinlari paytida Ispaniyaga yordam taklif qildi. Germaniya kansleri Olaf Shols Berlin Madrid bilan «ehtimoliy yordam haqida muloqotda» ekanligini aytdi. Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer, o‘z navbatida, suv toshqinlarini «dahshatli tabiiy ofat» deb atadi.