Bloomberg: Yevropada gaz narxi 2023 yil oktyabrdan beri maksimumga chiqdi

Jahon 23:07 / 02.01.2025 4502

Yevropada gaz narxi ming metr kub uchun 540 dollarga chiqib, 2023 yil oktyabr oyidan beri eng yuqori darajaga ko‘tarildi, deb yozmoqda Bloomberg.

Agentlikning qayd etishicha, yoqilg‘i narxi Rossiya gazining Ukraina orqali Yevropaga yetkazib berilishi to‘xtatilgani fonida qimmatlashgan. Bundan tashqari, Norvegiyaning Xammerfest shahridagi suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish zavodi faoliyati to‘xtatilgani ham narxlar oshishiga ta’sir ko‘rsatgan. U kompressorning ishdan chiqishi tufayli 9 dekabrda faoliyatini to‘xtatgandi.

Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi 2025 yil 1 yanvar kuni Ukraina orqali Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatganini e’lon qildi. Ukraina hukumati tomonidan 2023 yil oxirida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya gazining mamlakat bo‘ylab quvurlar orqali Yevropaga yetkazilayotgan hajmi 2022 yilga nisbatan 28 foizga kamayib, 15 milliard kub metrni tashkil qilgan. Ukraina bu shartnomadan yiliga taxminan 1 milliard dollar, «Gazprom» esa yiliga 3 milliard dollardan ortiq daromad olayotgan edi.

Avvalroq Slovakiya va Avstriya kabi Rossiya gazining asosiy iste’molchilari muqobil gaz manbalari bo‘yicha kelishib olgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shu bilan birga, Ukraina orqali ta’minotning to‘xtatilishi Moldova uchun jiddiy zarba bo‘ldi. Tahlilchilarga ko‘ra, Ukraina orqali gaz tranzitini to‘xtatish bozorga minimal ta’sir ko‘rsatadi.

Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng, Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya gaziga qaramlikni kamaytirishga kirishgan edi. Rossiya gaz bozorlarini AQSh, Norvegiya va Qatar ta’minotchilariga boy berdi.

Ko‘proq yangiliklar: