Ispaniyada halokatli suv toshqini qurbonlari soni kamida 205 kishiga yetdi. 1 noyabr, juma kuni qutqaruv xizmatlarining ma’lum qilishicha, ko‘pchilik bedarak yo‘qolgan, qurbonlar soni ortib borishda davom etishi mumkin.
Ispaniyada 30 oktyabrga o‘tar kechasi kuzatilgan kuchli yomg‘irdan keyin mamlakat sharqidagi ko‘plab hududlar suv ostida qolmoqda. Ayniqsa, O‘rta Yer dengizi bo‘yidagi Valensiya mintaqasi qattiq jabr ko‘rdi, u yerda qutqaruvchilar 202 kishining jasadini topdi. Kastilo-La-Mancha va Andalusiyada yana bir necha kishi halok bo‘ldi.
Bir kun oldin rasmiylar kamida 158 qurbon haqida xabar berishdi. Tabiiy ofatdan uch kun o‘tgani sababli, tirik qolganlarni topish imkoniyati tobora kamayib bormoqda.
Berlin va Bryussel toshqindan keyin Ispaniyaga yordam taklif qildi
Yevropa Ittifoqi Ispaniya qutqaruv xizmatlariga yordam berish uchun o‘zining Copernicus sun’iy yo‘ldosh tizimidan foydalanmoqda. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen o‘zining X ijtimoiy tarmoqdagi akkauntida ma’lum qildi.
Berlin suv toshqinlari paytida Ispaniyaga yordam taklif qildi. Germaniya kansleri Olaf Shols Berlin Madrid bilan «ehtimoliy yordam haqida muloqotda» ekanligini aytdi. Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer, o‘z navbatida, suv toshqinlarini «dahshatli tabiiy ofat» deb atadi.