“Work and travel” dasturi doirasida AQShga borish uchun salkam 3 ming dollar to‘lov qilgan talabalar 7 oydirki pulini qaytarib ololmayapti. Ularga viza olib berish, Amerikaga jo‘natib, ish bilan ta’minlashni va’da qilgan, lekin va’dasini bajarmagan “American Adventure” firmasi egalari xorijga qochib ketgani aytilmoqda.
Odamlarga 4 oylik “work and travel”, ya’ni AQShda ham ishlash, ham sayohat qilish dasturini taklif qiluvchi “American Adventure” MChJ yuzlab odamlarni chuv tushirgani aytilmoqda.
Dasturda muvaffaqiyatli qatnashganlar hikoyasiga ishonib, 2 900 va 3 400 dollardan to‘lov qilgan fuqarolar pulini qaytarib ololmayapti.
Hozirda holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Kun.uz bu ishdagi jabrlanuvchilarning hikoyalarini tingladi.
“Webster universitetining 3-bocqich talabasiman. “American Adventure” haqida Instagram orqali bilganman, o‘zim ham “work and travel”ga qiziqardim. Ularning ofisi [Toshkentdagi] “Malika” [savdo majmuasi]da joylashgan. Ko‘p blogerlar, yigitlar shu firma orqali Amerikaga ketgandi. Amerikaga ketish maqsadim kuchliligi uchun ularga ishonib qolganman.
Keyin uydagilar bilan gaplashib, kelasi oyga to‘lov qilishni boshlaganman. Birinchi ular taklif qilgan, ya’ni bittada 2 900 dollar naqd to‘lasam, chegirma bo‘lishini aytishdi. 3 oyda to‘layman desang, 3 400 dollar bo‘ladi, har oy 1 200 dollardan tushadi deyishgan. 2022 yil 22 noyabrda birinchi to‘lovni qilganman”, – deydi buxorolik Shahzodbek Jo‘raqulov.
Xorazmning Shovvot tumanidan bo‘lgan Bobur Zarifboyev ham firma bilan shartnomani 2022 yilning noyabrda imzolagani, chegirma bilan naqd pulda 2 900 dollar to‘laganini aytadi.
“Singapur menejmentni rivojlantirish institutida o‘qiyman. “American Adventure” bilan shartnoma qilgan holda, 4 oy davomida shu dasturda ishtirok etgan kursdoshlarim bor. Shunga ishonib, men ham shartnoma qilganman. Afzal ismli odam bilan bog‘langanman. U Telegram'dan lokatsiya, [dasturning] puli qancha bo‘lishini tashlab bergan. [Firma manziliga] borganman, ular menga dasturga nimalar kirishini, qanday xizmat ko‘rsatishlarini tushuntirib bergan.
Keyin ikkinchi kun borib, to‘lovini qilib, shartnomaga imzo chekkanman. Shubha bo‘lmagan, chunki bu firma bilan boshqa yigitlar ham ketganini bilar edim”, – deydi u.
“ISFT universitetida 4-bosqich talabasiman. 2-kursni bitirgan vaqtimda “work and travel” dasturi bilan ketish niyati bo‘lgan. U yerga borib, aylanib, bir-ikki so‘m ishlashni o‘ylaganman. Harakat qildim, joylar qidirishni boshladim. 2 ta joy “jo‘natamiz” deb ma’qullashgan, birinchi bo‘lib “American Adventure” chiqqani va arzonroq xizmatlarini taklif qilgani uchun shunga qiziqish bo‘lgan. Keyin gaplashilgan, ular meni jo‘natishlarini aytgan. 2 900 dollar naqd pul to‘langan. Shartnoma 2022 yil 12 dekabrda imzolangan”, – deydi Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi Mirqodir Alimov.
Yuqorida aytib o‘tilgan Afzal ismli shaxs “American Adventure” MChJning 49 foiz ulushi egasi Najmiddinov Azimjon Murodjon o‘g‘lining ukasi, Najmiddinov Afzaljon Murodjon o‘g‘li hisoblanadi. U 2020 yil noyabrda ta’sis etilgan firmaning menejeri bo‘lgani aytilmoqda.
Chippakka chiqqan rejalar
Jabrlanuvchilarga ko‘ra, “American Adventure” firmasi bilan shartnoma tuzgan va aldanib qolganlar soni butun respublika bo‘yicha 90 nafardan oshgan.
Har bir odam bilan imzolangan shartnoma deyarli bir xil, faqat ism-familiya va qo‘l qo‘yilgan sanasi turlicha. Shartnomaga muvofiq, firma 11 ta xizmat bo‘yicha majburiyatni o‘z bo‘yniga olgan. Ulardan eng asosiylari ish bilan ta’minlash, viza olish va sayohat jarayonlari bilan bog‘liq. Firma viza uchun nomzodlarning barcha hujjatlarini tayyorlash, ish beruvchilar bilan suhbat uyushtirish, sayohat dasturini tashkil qilish kabi ishlarda bosh-qosh bo‘lishi kerak bo‘lgan. Shunga asosan, 2023 yil boshidan ish beruvchilar bilan suhbat boshlangan.
“Fevral kelgach ish beruvchilar bilan suhbat bo‘ldi, mart oyida bizdan yana 300 dollar olishdi. Boshqatdan suhbat bo‘ladi deyishdi, 1 mart kuni suhbat bo‘lgan. Meni mehmonxonaga ishga qabul qilishdi. Keyin 1 mayda Amerikadagi ish beruvchilar elektron pochtamga yozib, 10 maygacha elchixonadan navbat olib, bizga shuni tashlashing kerak deyishgan. Bo‘lmasa, mening o‘rnimga boshqa odamni olishlarini yozishgan.
Keyin men firmaga 4-5 may kunlari vaziyatni aytganman. Agar 10 maygacha navbatni olmasam, shuncha qilgan harakatim havoga aylanishini tushuntirganman. Ular bir shifoxonada, dam olishda ekanini, keyinroq ishga chiqishini aytishgan. Keyin orada bir hafta yo‘q bo‘lib, 9 may kuni menga favqulodda telefon qilishdi. “Bugun Ozarboyjonga chiqib ketishingiz kerak, biz sizga navbat olib beramiz, vizaga kirasiz”, – dedi. [Vaholanki] Ozarboyjonga chiqish firma to‘lovidan tashqari o‘zimizning yonimizdan 900 dollar to‘lagan holda bo‘ladi, bir haftalik turpaket, borish-kelish – hammasi ichida. Kechqurun 12 da chiqib ketishimni aytishyapti.
Men ularga bunday qilolmasligimni, 4-5 soatda uncha pul topolmasligimni aytganman. Oradan 1-2 soat o‘tib, “bo‘pti, senga ertaga Misrdan navbat oldik” deb, manga DS to‘ldirilgan varaq tashlashgan. Qarasam, haqiqatan ham navbat olingan, u ham lekin xuddi shunday favqulodda bo‘lgan, 1000 yoki 1 200 dollar to‘lashim kerak bo‘lgan. Keyin men 15-20 kun oldin ogohlantirishlarini, shunga qarab pul topishim mumkinligini aytganman. Shu bilan keyin Amerikadagi ish beruvchilar dasturdan chetlashtirishganini ma’lum qilishgan”, – deydi Shahzodbek Jo‘raqulov.
“4 xil joydan ish taklif ko‘rsatilgan. Shundan bittasini tanlaganman, undan keyin ish uchun suhbatni kutganman. Suhbat cho‘zilgan, may oyiga taqalib boravergan. Borgan sari shubham ortavergan.
Suhbat tugaganidan keyin javobini kutish kerak bo‘lgan, 3-4 kunda chiqqan. Ingliz tilimdagi muammo sabab qilib ko‘rsatilib, rad javobi kelgan. Menga mehmonxonada ishlash taklifi kelgandi”, – deydi Mirqodir Alimov.
“Bizda muammo [2023 yilning] fevral-mart oylaridan boshlangan. Ish tashlashgan, men bittasini tanladim, [firma egalari] bir haftadan keyin chiqishyapti-da, bu ish bekor qilinganini aytyapti. Keyin boshqa ish tashlashdi, undan ham tanladim, keyin yana bu ishlar yopilib ketganini aytishdi. Shu bilan 1 oy vaqtim ketdi. Bu jarayon faqat menda emas, do‘stlarimda ham kuzatilgan. Ular vaqtni cho‘zishgan.
Qolaversa, [firma egalari] biz uchun Amerika elchixonasiga navbatga yozib berishi kerak edi. U ham bo‘lmadi. Chunki 2023 yilda viza navbat olish uchun oqim katta bo‘lgan, ya’ni joy bo‘lmagan. Biz uchun may, iyun, iyulda ham joy topilmadi. Keyin bizga Zoom'dan aloqaga chiqishdi, ular bizga O‘zbekistondan viza olishning imkoniyati bo‘lmagani sababli, boshqa davlatlar, misol uchun, Misr, Malayziya, Gruziyadan viza olishni taklif qilishdi. U davlatga ketish uchun ham xarajatlar bo‘lishini, o‘shanda ming dollardan ko‘proq pul ishlatishimiz kerakligini aytishdi. Ya’ni biz shu davlatlardan biriga borib, 4-5 hafta turib, viza olishimiz kerak edi. Biz 2 900 dollar pul to‘lagan bo‘lsak, yana 1,5 ming dollar xarajat qilib, viza navbatiga yozilishimiz kerak bo‘lgan. Lekin men bu narsaga ko‘nmadim”, – deydi Bobur Zarifboyev.
“6-7 oydan beri hech kimning puldan umidi qolmadi”
Shunday qilib, yuqoridagi holatlar o‘tguncha 6-7 oy vaqt sarflanadi. Qahramonlarimiz pulini qaytarib olish fikriga kelib, MChJ rahbari Mahmudov Bekzod Alijon o‘g‘li nomiga ariza yozishni boshlashadi.
Firma vakillari tez orada pullar qaytarilishini, hatto shartnomada ko‘rsatilgan muddat – 2023 yil dekabr oyiga ham bormasligini va’da qiladi. Ammo 2024 yil yanvar oyiga ham keladiki, pullardan darak bo‘lmaydi.
“Iyulda dastur kerakmasligi, pulimni qaytarishlari bo‘yicha ariza yozdim. Har oy xabarlashib turdik, pul kelmadi. Ertaga, “zavtra, zavtra” deb bizni “zavtrak”lar bilan boqishdi. Oxiri 1 dekabr ham keldi, pul hozirgacha yo‘q. 2024 yilga ham o‘tdik, biz yozsak, javob kelmaydigan ham bo‘lib qoldi” , – deydi Zarifboyev.
“Oxirida telefonlar bo‘lgan, ko‘p qilganmiz. “Aka, to‘xtab turing, bizning ustimizdan ko‘pchilik yozyapti, siz yozmay turing”, deb muhlat so‘ragan. 15 yanvarda pulni qaytarishini aytgan, undan keyin ham bir hafta o‘tdi. Shu bilan 102 ga telefon qilganman.
Yunusobod IIBga borib ariza yozganman, keyin u yerda rasmlarini ko‘rsatib, ko‘p odamlar murojaat qilganini aytishgandi. O‘sha vaqtda men 36-bo‘lib borgandim, hozirga kelib ularning soni 90 nafardan oshgan, adashmasam”, – deydi Alimov.
“Menimcha, 6-7 oydan beri hech kimning puldan umidi qolmadi, chunki [firma] odamlari Malayziyada mazza qilib yuribdi, bittasi qochib ketgan. Bittasi Toshkentda topilmaydi. Qanday qilib O‘zbekistonda bo‘lib turgan shaxsni topolmaslik mumkin? Vaholanki, uy-joylari, ota-onasining, ishxonasining ma’lumotlari ma’lum bo‘lsa-yu, shu odamni topa olishmasa”, – deydi Jo‘raqulov.
Gumondorlar qidiruvga berilgan — IIV
Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shoxruh G‘iyosovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan shu yil 16 fevral sanasida “American Adventure” MChJ va rahbarlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergovni Yunusobod tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi olib bormoqda.
Ikki nafar shaxsga ehtiyot chorasi sifatida sirtdan qamoq qo‘llanib, qidiruv e’lon qilingan.