Toshkent shahrining jamoat transporti yo‘nalishlarida 2025 yil 1 yanvardan naqd pul shaklidagi yo‘lkira narxi oshishi kutilmoqda. Toshkent shahri hokimining tegishli qarori loyihasi e’lon qilindi.
Qaror bilan 2025 yil 1 yanvardan Toshkent shahrining jamoat transporti yo‘nalishlarida (avtobus va metropoliten) qatnovlarni amalga oshirish uchun yo‘lkira haqining quyidagi cheklangan tariflari belgilanmoqda:
- bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif – 3 ming so‘m (hozir 2 ming so‘m). Bunda, bir yo‘lovchi qatnovi uchun bir martalik to‘lovni elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirilganda rag‘batlantiruvchi chegirma qo‘llanilgan holda – 1700 so‘m undiriladi;
- bir yo‘lovchining bagajini tashish bo‘yicha xizmat uchun – 4 ming so‘m;
- qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan tarif rejalarini hisoblash uchun cheklangan tarif – 1600 so‘m.
Qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan transport kartalarining va transport kartalaridan foydalanilgan holda bir soat ichida bir yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tarif rejalarining narxlari o‘zgarishsiz qoldiriladi.
Qayd qilinishicha, Toshkent shahri yo‘nalishlaridagi barcha avtobuslar salonida yo‘lkira haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechiladi va yo‘lkira haqini faqat elektron tarzda qabul qilish amaliyoti joriy etiladi.