"Dunyo" xabariga ko‘ra, Ispaniya vakillari UNIVERSAE faoliyatiga doir ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashib, oliy ta’lim muassasasining maqsadi, vazifalari va istiqbolli rejalari haqida so‘zlab berdilar. Yangicha o‘qitish tizimini tatbiq etgan holda universitetda har yili iqtisodiyotning turli sohalarida ishlash uchun minglab yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, universitet nafaqat xorijiy oliy ta’lim muassasalari, balki yirik korxonalar bilan ta’lim sohasida hamkorlik qiladi va ularni kerakli malakali mutaxassislar bilan ta’minlaydi.
O‘zbekistonning o‘sib borayotgan iqtisodiy, ijtimoiy, demografik salohiyatini, uning qo‘shni mamlakatlar bilan olib borayotgan do‘stona tashqi siyosatini e’tiborga olib, universitet vakillari UNIVERSAE’ning mamlakatda filialini ochish taklifini ilgari surdilar.
Ispaniya tomoni, shuningdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning to‘laqonli ta’lim habiga aylanishiga ishonch bildirdilar.