Bugungi kunda elektr energetikasi va neft-gaz sohasida 80 ming kishi mehnat qilmoqda. Shu bilan birga, energetika sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yagona tizimi yo‘qligi soha obektlaridagi ta’mirlash ishlari sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, avariyalar va halokatlar sonining o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.
Energetika vazirligi huzuridagi "O‘zenergoinspeksiya", "Issiqlik elektr stansiyalari" AJ, "O‘zbekgidroenergo", "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari", "O‘zbekneftgaz", "O‘ztransgaz" va "Hududgazta’minot" hamda "O‘zkimyosanoat" ta’sischiligida hududiy filiallarga ega bo‘lgan Energetika sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi MChJ shaklida tashkil etilmoqda.
Markazning asosiy vazifalari:
- zamonaviy talablarga muvofiq kadrlar ta’limi sifatini ta’minlash;
- zarur kasbiy kompetensiyalar darajasini shakllantirish, o‘z kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarini doimiy takomillashtirish mexanizmlarini joriy etish;
- ilg‘or xorijiy tajriba asosida o‘quv dasturlarini ishlab chiqish;
- o‘quv jarayoni sifati va samaradorligini tahlil qilish va monitoring qilishning raqamli axborot tizimlarini joriy etish;
- energoaudit va energomenejment bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish;
- malaka oshirish uchun raqamli ta’lim resurslarini yaratish va masofaviy ta’lim tizimini joriy etish va boshqalar.
2025 yil 1 apreldan boshlab energetika sohasidagi davlat tashkilotlari va korxonalarida ishlayotganlar malakasini oshiradilar:
- rahbarlar va mutaxassislar - besh yilda kamida bir marta;
- muhandis-texnik, ishlab chiqarish va ishchi xodimlar - uch yilda kamida bir marta.
2025 yil 1 aprelgacha markaz energetika sohasida xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish, shuningdek yakuniy imtihonlar o‘tkazish uchun maxsus elektron platformani ishga tushiradi.
Markazda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli o‘tagan tinglovchilarga tegishli sertifikat beriladi.