Xiva shahri 1990 yilda YuNeSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, 1997 yilda uning 2500 yilligi nishonlangan. Shahar 2020 yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti, 2024 yilda esa Islom dunyosining turizm poytaxti bo‘ldi.
“Ochiq osmon ostidagi muzey” sifatida tanilgan Xiva yaxlit yodgorlik sifatida Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan yagona shahar hisoblanadi. Bu yerda 120 dan ortiq me’moriy obidalar joylashgan.
Oliy martabali mehmonlar tanishuvni "Ota darvoza"dan boshlab, noyob "Ko‘hna ark" majmuasi, Sherg‘ozixon madrasasi, Juma masjidi, "Toshhovli" majmuasi va boshqa obidalar bilan tanishdi.
Mehmonlar sharafiga o‘zbek xalq qo‘shiqlari yangrab, teatrlashtirilgan tomosha namoyish etildi.
Shundan so‘ng Nurillaboy saroyiga tashrif buyurildi.
Saroy-bog‘ majmuasi XX asr boshlarida bunyod etilgan. Majmua madrasa, 100 dan ortiq xonalar, galereyalardan iborat. Saroy xonalarini bezashda xivalik mohir ustalar bilan birga chet ellik rassom-dekoratorlar ham ishtirok etganlar, ular saroyning sharqona qiyofasiga Yevropaning modern uslubini singdirganlar.
Xiva tarixi va uning fan rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, hududning boy madaniyati va san’ati haqidagi hikoyalar qirg‘izistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.