Qashqadaryoda yo‘l harakati qoidalarini 105 marta buzgan Gentra xatlovga olindi

Jamiyat 22:07 / 19.07.2024 12616

Qashqadaryo viloyatida 105 marta yo‘l harakati qoidalarini buzgan va ma’muriy jarimalarni to‘lamagan shaxsning Gentra mashinasi xatlovga olingan.

Viloyat MIB axborot xizmatining xabar berishicha, Qarshi shahrida yashovchi shaxs 105 marta yo‘l harakati qoidalarini buzgani va ma’muriy jarimalarni o‘z vaqtida to‘lamagani uchun uning Gentra mashinasiga qidiruv e’lon qilingan.

Joriy yil 19 iyul kuni MIB xodimlari qarzdorning yashash xonadoniga majburiy ijro harakatlarini olib borish uchun borgan. Shunda qarzdor va uning yaqin qarindoshlari uyda bo‘la turib darvozani ochmagan. So‘ng ijro harakatlariga qarshilik ko‘rsatgan.

Salkam besh soat davom etgan ijro harakatlari natijasida tegishli tashkilotlar ishtirokida qoidalarni buzgan Gentra qarzdorning uyida ekani aniqlanib, xatlangan.

Qayd etilishicha, qarzdorga ma’muriy jarimalarni to‘lash uchun 10 kun muhlat berilgan. Qarzlar to‘lanmasa mashina auksionga chiqarilishi haqida ogohlantirilgan.

MIB Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xabarida mashina egasi qancha qarz ekani ochiqlanmagan.

Ko‘proq yangiliklar: