Qozog‘istonning Ostona shahrida 7-14 iyul kunlari o‘tkazilgan Xalqaro biologiya olimpiadasidan O‘zbekiston jamoasi chetlashtirilgani ma’lum bo‘ldi.
Bunga Jizzax davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litsey o‘qituvchisining o‘quvchiga yordam bergani sabab bo‘lgan. Oqibatda IBO boshqaruv kengashining qarori bilan butun jamoa natijalari bekor qilinib, o‘zbek delegatsiyasi olimpiadadan chetlashtirilgan (O‘zbekiston jamoasidan 4 nafar yigit-qiz ishtirok etayotgandi).
Voqea ortidan O‘zbekiston IBO’ga a’zo davlatlar ro‘yxatidan ham chiqarib yuborilgan bo‘lishi mumkin. Boisi Xalqaro biologiya olimpiadasining rasmiy saytidagi a’zolar xaritasida O‘zbekiston nomi so‘roq ostida qoldirilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi “keyingi yilda O‘zbekiston jamoasining olimpiadada ishtiroki masalasi hali aniq belgilanmagan” deya izoh berdi.
Ta’kidlanishicha, bu bo‘yicha aniq qaror 2025 yilgi olimpiadaga taklifnoma jo‘natish jarayonida ma’lum bo‘ladi.
“Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilarimizning nufuzli xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini ta’minlash maqsadida tegishli ishlar olib borilmoqda”, — deyiladi vazirlik izohida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Xalqaro biologiya olimpiadasida 1997 yildan beri qatnashib keladi. Bu yilgi olimpiadada 80dan ortiq mamlakatdan 320 nafardan ziyod o‘quvchilar qatnashishi ma’lum qilingandi.