«Bu yolg‘on» – iqtisodchi Energetika vazirligining yuridik shaxslarga elektr toki uchun oshirilgan tariflar qo‘llashga oid argumentlarini rad etdi

O‘zbekiston 17:30 / 19.07.2024 17490

Tadbirkorlar bilan limitdan ortiqcha ishlatilgan elektr energiyasi uchun 2 barobar – kilovatt-soatiga 1800 so‘mdan hisob-kitob qilinmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, bu boradagi qaror shu yil 31 mayda qabul qilingan.

Tadbirkorlik sub’yektlari noturar binolar uchun o‘tgan yil avgustidan boshlab oshgan tarifda – 1 kWh uchun 900 so‘mdan to‘lov qilib kelishmoqda. Bunda ular elektr ta’minoti korxonasi bilan shartnoma qilishi, oylik taxminiy iste’moli qancha ekanini ko‘rsatib, 50 foiz oldindan to‘lov qilishlari kerak edi. O‘zlari ko‘rsatgan oylik limitdan ortiq qismi uchun, ular 1 kWh’ga 960 so‘m to‘lab kelgan.

1 iyundan esa oldindan to‘lov 100 foiz bo‘lgan, limitdan ortiqcha qismi uchun 2 barobar haq – kilovatt-soatiga 1800 so‘mdan undirilmoqda. Bu vaqtda aksariyat tadbirkorlar bundan bexabar edi.

«Bu jahon tajribasi» – Energetika vazirligi

Energetika vazirligi ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Vazirlikka ko‘ra, bu tartib hukumatning joriy yil 31 maydagi qaroriga ko‘ra kuchga kirgan. Unda hisob-kitob davrida yuridik iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi iste’moli shartnomaviy miqdordan 10 foiz va undan ortishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, ortiqcha iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun belgilangan tarifning ikki baravari miqdorida qo‘shimcha to‘lov undirilishi qayd etilgan.

Shuningdek, istemolchilar agar elektr energiyasining shartnomadagi hajmini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, hisobot oyi boshlanishidan 10 kun oldin hududiy elektr tarmoqlariga taklif berishi kerakligi ham nazarda tutilgan.

Vazirlik amaldagi bu tartib joriy yilda emas, oldingi me’yoriy hujjatlarda ham qayd etilgani, yuridik iste’molchilarning doimiy iste’mol quvvatlari shartnoma bandlarida keltirib o‘tilishini aytmoqda.

Bundan tashqari, rasmiy munosabatda bu xorijiy davlatlar, xususan, Xitoy, Turkiya va Rossiya tajribasida kuzatilishi ta’kidlanadi.

«Bu davlatlarda iste’molchilarning shartnomada belgilangan miqdordan oshganda elektr energiyasi keyingi diapazonning yuqori narxlarida to‘lanadi.

Ma’lumki, elektr energiyasi bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarilishi va iste’mol qilinishi bilan tavsiflanadigan alohida tovar hisoblanadi. Ya’ni iste’molchi tomonidan iste’mol qilishga ruxsat etilgan quvvatning oshirilishi tufayli avariya holati yuzaga kelishi yoki elektr tarmoqlari korxonalarining elektr tarmog‘i xo‘jaligi obektlariga zarar yetkazishi holatlarini hisobga olgan holda yuridik iste’molchilar tomonidan aniq iste’mol quvvatlari bo‘yicha kelishiladi hamda shu asosda elektr energiyasi iste’molchilarga yetkazib beriladi», deyiladi bayonotda.

Vazirlik bundan asosiy maqsad – energetika obektlarining ichki tarmoq elektr energiyasi iste’molining prognozi, ya’ni korxonalarning elektr energiyasi ishlab chiqarish ehtiyojlari, belgilangan tartibda tasdiqlangan obektlarga uzatish bo‘yicha texnologik sarfi har yili umumlashtiriladi hamda kelgusi yil uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste’mol qilish balansini shakllantirish ekanini ta’kidlayapti.

«Bugungi kunda elektr energiyasining katta qismi (75-80 foizi) qimmatli xomashyo hisoblanadigan tabiiy gazni yoqish hisobiga ishlab chiqariladi. Bu jarayonda issiqlik elektr stansiyalari ham shartnoma shartlariga asosan tabiiy gazni xarid qiladi va uni yoqib, elektr energiya ishlab chiqaradi.

Shu bois, yil boshida barcha yuridik iste’molchilar tomonidan berilgan takliflarga asosan (tadbirkorlik sub’yektlarining takliflari ham) elektr energiyasini ishlab chiqarish balansi tasdiqlanadi va shu bo‘yicha gaz qazib chiqaruvchi, yetkazib beruvchi, elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi hamda yetkazib beruvchi korxonalar o‘rtasida o‘zaro shartnoma imzolanib, ishlar tashkil qilinadi. Bunda tadbirkor avval o‘zi bergan elektr energiyasi talabidagi hajmni oshirganda elektr stansiyasi yana qo‘shimcha yoqilg‘i xarid qilish uchun shartnoma tuzadi va bunda u ham bozor munosabatlarida xarid qiladi», deyiladi xabarda.

Vazirlik elektr energiyasi bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarilib, iste’mol qilingani bois, belgilangan normalardan ortiqcha yoki kam ishlab chiqarilsa, umumiy energetika tizimida muvozanat yo‘qolishi va buning natijasida yirik hajmdagi avariyalarga olib kelishi mumkin deb hisoblaydi.

«Shu bois, elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berishda alohida iste’mol balanslari shakllantirilgan holda ishlar olib boriladi.

Qayd etish lozimki, yuqoridagi tartib-qoidalar joriy etilgani muammolarni boshqalar hisobiga yechish emas. Aksincha, barcha energetika korxonalarining yagona maqsadi – iste’molchilarga sifatli va barqaror elektr energiyasini yetkazib berish hisoblanadi», deyiladi rasmiy axborotda.

«Energoyolg‘on shu bilan tugasa qaniydi» – Otabek Bakirov

Iqtisodchi Otabek Bakirov vazirlikning bu tartib jahon tajribasi ekani va u shu vaqtgacha ham amalda bo‘lganiga oid argumentlarini «yolg‘on» deb atadi.

U avvaliga vazirlik bayonotida bu Rossiya tajribasi deb yozilgani, 19 iyul kuni ertalab hech qanday havolasiz «Xitoy va Turkiya» ham qo‘shib qo‘yilganini ta’kidlagan.

«Keling, energetiklarning sevimli Rossiyasida biznes uchun tariflar qanday ishlashini eslatib o‘tamiz. Aytish lozimki, Rossiyada allaqachon ulgurji va chakana energetika bozori faoliyat ko‘rsatadi. Yuridik shaxslar hududi, oylik iste’moli, maksimal quvvati, kuchlanish darajasiga qarab o‘zlari uchun narx kategoriyalarini belgilashi mumkin. Butun Rossiya hududlarida biznes uchun jami 6 ta narx kategoriyasi ishlaydi. Bu tizim qanday ishlashini Federal chakana energosotish kompaniyasi saytidan bilib olish mumkin (narxlar O‘zbekistondagidan ancha arzonligidan hayron bo‘lmang, bu alohida mavzu).

Endi asosiy masalaga qaytamiz. Xo‘sh, shonli energetiklar sig‘inadigan Rossiyada limitdan oshganda oshiruvchi undirish bormi? Ha, bor. Lekin bu jarima koeffitsiyentlar maksimal quvvati 670 kWh’dan oshadigan 3-6 narx kategoriyalari uchun xolos. Undayam oshirish koeffitsiyentlari, bizning qaroqchilar belgilaganidek, 2-3 barobar emas, kategoriyasiga qarab 20-30 foizni tashkil etadi. Misol uchun, butun Rossiya bo‘yicha eng qimmat elektr sotadigan Moskvadagi Energosbytxolding kompaniyasi shartlariga qarang», - deb yozdi Bakirov.

Iqtisodchi Rossiyada kichik va o‘rta biznes foydalanadigan 1- va 2- narx kategoriyalarida maksimal quvvati 670 kWh’dan kam yuridik iste’molchilar uchun oshiruvchi koeffitsiyentlar mavjud emasligini ta’kidlagan.

«Boshqacha aytganda, jarima koeffitsiyentlari tarmoqqa yuklamani keskin oshirib yoki tushirib yuboradigan yirik iste’molchilar uchun belgilangan va undayam karrasiga emas, 30 foizgacha xolos. Kichik va o‘rta biznes uchun emas», dedi u.

Otabek Bakirov vazirlik bu tartib avval ham bor edi, deya Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qarorini keltirganiga e’tibor qaratarkan, bu hujjatda 2 barobarlik emas, balki 15 foiz oshiruvchi to‘lov belgilanganini aytadi.

«[Hujjatda] elektr ta’minoti shartnomasida hisob-kitob davri uchun ko‘rsatilganidan 5 foizdan ortiq miqdorda elektr energiyasi iste’mol qilinganda, iste’molchilardan (maishiy iste’molchilardan tashqari) elektr ta’minoti shartnomasida ko‘rsatilgandan ortiq iste’mol qilingan elektr energiyasi jami hajmi uchun belgilangan tarifning 1,15 baravari miqdorida to‘lov undiriladi, deyilgan.

E’tibor bering, energoqaroqchilar o‘zlarining foydasiga belgilab olganidek, 2 karra emas, 3 karra emas, 15 foizlik oshiruvchi to‘lov belgilangan. Ya’ni yuridik shaxslar mabodo limitdan oshsa, 450 so‘m emas 517,5 so‘m to‘lagan», deb yozdi u.

Qizig‘i, bu qoidalar ham 2023 yil 1 oktyabrdan biznesga tariflar karrasiga oshirilgach, bekor qilingan.

«Hukumat rahbarining o‘zi o‘tgan yili bekor qilgan 15 foizlik oshiruvchi to‘lovni, shonli energetiklar qaysi vaj yo yolg‘onnni ko‘rsatib, 2-3 barobarlik qaroqchi jarimaga aylantirib olishgan?

Odatda, normal davlatlarda biznes va aholini ham ostidan, ham ustidan qoqishtirib aldashdan iborat manipulyatsiyadan keyin energochinovniklar butun jamoasi bilan iste’fo beradi», - deydi iqtisodchi.

Avvalroq iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uz'ga bergan intervyusida bu tartibni kengayib, rivojlangani uchun korxonalarga nisbatan jazo deb atagandi. U bunday cheklovlar elektr energiyasining bozor tovari emasligini ko‘rsatishini ta’kidlagandi.

Ko‘proq yangiliklar: