Aholiga birlamchi zarur bo‘lgan 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari hisob-kitobi yuritiladi

O‘zbekiston 21:10 1302

Yig‘ilishda davlat rahbari yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament majlisidagi nutqida aholi soni ko‘payib borayotgan hozirgi sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb vazifa ekanini ta’kidladi.

Qayd qilinishicha, aholi yiliga qariyb 1 millionga o‘sib borayapti. Yer va suv manbalari esa cheklangan. Shu bois ichki bozor barqarorligini omilkorlik va hosildorlik orqali ta’minlash mumkin.

Taqdimotda qishloq xo‘jaligi vaziri shu boradagi rejalarni bayon etdi.

Kelgusi yil 4 million 800 ming gektarda ekin yetishtirish mo‘ljallangan. Shundan 2 million gektardan ziyod yerda meva-sabzavot, kartoshka, dukkakli va poliz mahsulotlari ekiladi. Ularning dalalarda joylashtirilishi va hosilning zaxiraga jamlanishi monitoring qilib boriladi.

Xususan, aholiga birlamchi zarur bo‘lgan 10 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining tizimli hisob-kitobi yuritiladi. Bunda har bir tuman kesimida qanday mahsulot yetishtirilishi va ichki bozor uchun qancha zaxira qilinishi mujassam bo‘ladi.

Prezident xorijiy tajribaga asosan kartoshkachilik tizimini takomillashtirish va hosildorligini oshirish zarurligini ta’kidladi. O‘tgan yilgi qishda 9 ming gektar bog‘ va 4 ming gektar uzumzorni sovuq urgan edi. Oqibatda 207 ming tonna hosil nobud bo‘ldi.

Prezident bunday ob-havo sharoitlarida dehqonlar zararining oldini olish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shunga muvofiq, xorijiy mutaxassislar bilan birga «Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Uning qabul qilinishi dehqon va fermerlarning iqtisodiy himoyasini ta’minlaydi.

Paxtachilikda xorijiy navlarni ekishning natijadorligi tahlil qilindi.

Davlat rahbari bu borada klaster, fermer va sanoat korxonalari fikrini o‘rganib, masalaga ilmiy yondashish, fermerlarni zamonaviy agrotexnologiyalarga o‘qitish muhimligini ta’kidladi. Zamonaviy paxta terish mashinasi va aholi tomorqalari uchun kichik agrotexnikalar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Taqdimotda viloyat va tumanlarda qishloq xo‘jaligi sohasida boshqaruv tizimini isloh qilishga oid takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Ko‘proq yangiliklar: