19 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 21:20 / 19.07.2024 7515

20 yilga “kesilgan” “Baxti Tashkentskiy”, Qirg‘iziston bilan imzolangan 16 ta hujjat, Mustaqillik bayramining shiori, Yangi Toshkent hududiga o‘tayotgan mahallalar — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Qirg‘iziston prezidentining tashrifi

Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga davlat tashrifi davom etdi.

Kecha Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida ikki tomonlama ko‘plab hujjatlar imzolandi.

Jumladan, davlat rahbarlari keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonotni imzoladi.

Tashrif davomida jami 16 ta hujjat imzolangani xabar qilindi.

Mirziyoyev va Japarov ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar. Unda O‘zbekiston rahbari Qirg‘iziston prezidentining davlat tashrifi tarixiy voqea bo‘lgani qayd etdi.

Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish uchun uzoq muddatli eksport-import shartnomalari portfeli tayyorlangani aytildi.

«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘lini qurish strategik loyihasi bo‘yicha uch tomonlama bitim imzolangani tarixiy voqea bo‘ldi, - dedi Mirziyoyev.

Bugun Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov ikki davlat birinchi xonimlari bilan birga Xivaga bordi.

Oliy martabali mehmonlar tanishuvni "Ota darvoza"dan boshlab, noyob "Ko‘hna ark" majmuasi, Sherg‘ozixon madrasasi, Juma masjidi, "Toshhovli" majmuasi va boshqa obidalar bilan tanishdi.

Xiva tarixi va uning fan rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, hududning boy madaniyati va san’ati haqidagi hikoyalar qirg‘izistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Baxti Tashkentskiy” 20 yilga kesildi

Bugun Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan 53 yoshli Baxtiyor Qudratullayev Jinoyat kodeksi qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, u o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, jazoni o‘tash davrida giyohvandlikdan davolanishi ham belgilangan.

Sud hukmi bilan Baxtiyor Qudratullayevning o‘g‘li Ixtiyor Qudratullayev 9 yil, ikkinchi o‘g‘li Bekzod Zafarov 11 yilga, akasi Shuhrat Qudratullayev esa 10 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortildi.

Shuhrat Qudratullayev ham o‘ta xavfli retsidivist deb topildi hamda jazoni maxsus tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.

Sudlanuvchilar orasida yagona ayol bo‘lgan Nargiza Jumaniyozovaga 4 yil 4 oy 24 kunga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.

Umuman, sud hukmi bilan sudlanuvchilarga 3 yildan 20 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi. Hukmga ko‘ra, 6 kishi xavfli retsidivist deb topildi. Ular jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘taydi.

Mustaqillik bayrami shiori tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yillik bayrami «Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» shiori ostida o‘tkaziladi.

Bu borada prezident qarori imzolandi.

Tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi, shuningdek, «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili» bo‘yicha qabul qilingan davlat dasturi bilan uyg‘un holda tayyorlanadi.

Mustaqillik bayrami Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar hamda tumanlar, qishloq va ovullarda nishonlanishi belgilandi.

Xitoy kommaniyasi Farg‘onada paxta terish mashinalarini yig‘adi

Farg‘ona viloyat hokimligida Xitoyning Shandong Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co. Ltd kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda Farg‘onada Xitoy kompaniyasi tomonidan amalga oshirishga kirishilgan paxta terish mashinalarini yig‘ish, texnikalarga servis xizmati ko‘rsatish markazi hamda mexanizatorlar uchun o‘quv markazi tashkil etish loyihasining borish jarayonlari muhokama qilindi.

Shandong Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co. Ltd kompaniyasi vakillari loyiha belgilangan reja asosida amalga oshirilayotganini qayd etib, kelgusi yilda loyiha Farg‘ona shahridagi sobiq Mexanika zavodi hududida to‘la ishga tushirilishini ma’lum qildi.

Yangi Toshkent hududiga o‘tayotgan mahallalar

Toshkent viloyati Kadastr boshqarmasi viloyatdan Yangi Toshkent hududiga o‘tayotgan mahallalar haqida ma’lumot berdi.

Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent viloyatidan umumiy hisobda jami 37 ta mahalla (shundan, 23 ta mahalla to‘liq tarkibda) Yangi Toshkent hududiga o‘tadi.

Bunda Yuqori Chirchiq tumanidan 20 ta, O‘rta Chirchiq tumanidan 3 ta mahalla fuqarolari yig‘ini to‘liq tarkibda Yangi Toshkent hududida o‘tadi.

Avvalroq, Toshkent viloyatidan Yangi Toshkent hududiga o‘tayotgan umumiy obektlar soni jami 19 723 ta ekani, shundan, turar joylar – 18 773 ta, noturar joylar – 891 ta, ko‘p qavatli uylar – 52 ta ekani ma’lum qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: