Mirzo Ulug‘bek tumanining Temur Malik ko‘chasi, aniqrog‘i M39b Toshkent halqa avtomobil yo‘lining 34-36 km qismi rekonstruksiya qilinmoqda. Toshkent shahar hokimiyati ta’mirlash ishlarining birinchi bosqichi yakuniga yetib qolganini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, loyihaning dastlabki qismida bitta avtomobil o‘tkazgich yo‘li hamda ikkita piyodalar uchun yerosti yo‘li barpo qilinadi. Birinchi piyodalar uchun yerosti yo‘li Temur Malik va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasida, ikkinchisi esa Temur Malik ko‘chasida yangi qurilayotgan masjid ro‘parasida joylashadi.
“Bu yerda ayni vaqtda qurilish ishlari yakunlangan, pardozlash ishlari olib borilmoqda. Uzunligi 40 metr, eni 4,5 metrni, balandligi 2,5 metrni tashkil etuvchi piyodalar yerosti yo‘lida jarayonlar davom etmoqda. Bu yerda zinalar, estakada va lift bo‘ladi”, – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Temur Malik ko‘chasida ta’mirlanayotgan 2 kmdagi yo‘lning harakat tasmalari soni 4 tadan 6 taga ko‘paytiriladi. Unda velosiped uchun ham yo‘lak, yashil hudud hamda ko‘prik ustida ortga qayrilish uchun yo‘l qilinishi kutilmoqda.
Loyiha doirasida quriladigan yo‘l o‘tkazgichning uzunligi esa 28 metr, eni 55 metr bo‘lishi, uning harakat qatnovi uchun tasmalar 4 taga ajratilishi aytildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ishlarning 60 foizi yakunlangan, tez orada bu yo‘llar aholiga foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Loyiha qiymati 15,6 mln dollarni tashkil etadi
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, obektni 2025 yilning 1-choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Qurilish-montaj ishlari loyiha-smeta hujjatlariga asosan ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda 1 ta yo‘l o‘tkazgich qurish (Temur Malik va Buyuk ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasida) va 2 ta joyda yerosti piyodalar o‘tish yo‘laklari quriladi, keyingisida 2 km yo‘l qismi (yo‘l to‘shamasini qurish, piyoda va veloyo‘laklar, jihozlash, mahalliy yo‘l, avtobekatlar, ko‘kalamzorlashtirish, yoritish tizimini quriladi) ta’mirlanadi.
Bunda 27 metrli yo‘l o‘tkazgichini qurish uchun 128,6 mlrd so‘m, 2 km yo‘l qismining qurilish-montaj ishlari uchun 67,9 mlrd so‘m, jami qiymatda loyihaga 196,5 mlrd so‘m ajratilmoqda.
2 km yo‘lni ta’mirlash loyihasi qimmatlagan
Prezidentning tegishli qaroriga asosan M39b Toshkent halqa yo‘li avtomobil yo‘lining 47-56 km qismlarini rekonstruksiya qilish belgilangan.
2022 yilda qo‘mita tarkibidagi “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” davlat unitar korxonasi M39b Toshkent halqa yo‘li avtomobil yo‘lining 54-56 km qismlarini (2 km) rekonstruksiya qilish obektining loyiha-smeta hujjatlari “Geo-proyekt” MChJ tomonidan ishlab chiqilgani hamda 45,8 mlrd so‘mga ekspertiza xulosasi berilganini ma’lum qilgandi.
Loyiha uchun o‘tgan tenderda 41,2 mlrd so‘m va 500 kunlik qurilish muddati bilan “Avtomagistral” IAYQTB UK g‘olib deb topilgan va pudratchiga aylangan.
Taklif etilgan narx ichida quyidagi ish turlarini bajarish inobatga olingan:
1 «b» toifali 6 tasmaga ega yo‘lning yer ishlarini bajarish, yo‘l asosi va qoplamasini, sun’iy inshootlarini, avtobus to‘xtash maydonchasini, piyodalar yo‘lakchasini, 37 ta tutashmalar va kesishmalarni qurish, dyuker, kojuxlar, yo‘l o‘rtasiga ajratuvchi to‘siq, suv qochirish novlarini, metall quvurlarni, yo‘l belgilarini o‘rnatish, yotiq yo‘l chiziqlarini chizish va boshqa ish turlari uchun – 38,8 mlrd so‘m;
10 dona avtobekat o‘rnatish uchun – 155, 4 mln so‘m;
tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish uchun – 998,5 mln so‘m;
elektr ta’minoti va svetoforlarni qurish va boshqarish ishlari uchun – 1,2 mlrd so‘m deb belgilangan bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Temur Malik ko‘chasini 6 tasmali etib kengaytirishning dastlabki taklifi 2022 yil yanvar oyida qurilish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va tabiiy gaz ta’minotiga oid loyihalar bilan tanishganida berilgandi.
Shu bilan 2024 yil iyun oyiga kelib, bu ko‘cha ta’mirlash uchun 1 avgustgacha yopildi.