Toshkentda yana “snos” masalasi: odamlar va’da qilingan uylarni ololmayapti

O‘zbekiston 17:13 / 07.12.2024 6423

Shu yil Mirzo Ulug‘bek tumani Temur Malik ko‘chasidagi ko‘prik rekonstruksiya qilinib, yo‘l kengaytirilgan, shuning hisobiga atrofdagi hovlilar buzilgan edi. Buning uchun mulkdorlarga kompencatsiya pullari to‘liq yoki qisman berilgan. Xususan, may oyida 50 ga yaqin fuqaroga yangi ko‘p qavatli uylardan xonadon ajratilishi belgilangan. Lekin uylar bitgan bo‘lsa-da, odamlar va’da qilingan xonadonlarni ololmayapti.

2024 yilning avgust oyida poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani Temur Malik ko‘chasi bo‘ylab yangi yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirilgan edi. Ko‘chaning hozirgi qiyofasiga qaralsa, fuqarolar uchun ko‘plab qulayliklar yaratilgan, yo‘l oldingidan kengaygan. Bu kengaytirish uchun yo‘l bo‘yida joylashgan o‘nlab kishilarning uylari kompencatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olinib, buzilgan.

O‘shanda mutasaddilar kompencatsiya mablag‘larini mulkdorlarga to‘liq yoki qisman bergan. Shuningdek, rasmiy kelishuvlarga asosan, 50 ga yaqin kishiga may oyida sobiq MIB hududida qurib foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylardan xonadon ajratilishi belgilangan. Oradan roppa-rosa 6 oy o‘tdi. Uy ham bitdi. Ammo xonadonlar egalariga topshirilmadi.

Muammosi hal etilmayotgan bir guruh fuqarolar Kun.uz'ga murojaat qildi.

Aholi rozi bo‘lib, mana shu joylarda uchastkalar buzildi. Bundan oldin, Toshkent shahar hokimligi tomonidan komissiya tuzilgan edi. Komissiya har bir xonadonga kirdi. Biz bilan shartnoma tuzgach, uylar buzishga tayyorlandi. Kafolat xatlari berildi, uylar baholandi. Kimdir yarmini, kimdir hammasini berdi. Mutasaddilar kafolat xati orqali yangi ko‘p qavatli uylardan xonadonlar berilishini ashtishdi. Bunda kimgadir ikki xonali, kimgadir uch xonali xonadon va’da qilingan. Shu kungacha biz bu uyni kutib yashadik. Quruvchi tashkilot hokimiyat bilan shartnoma tuzmagani, shuning uchun uy bera olmasligini aytyapti”, deydi Shavkat Yo‘ldoshev.

Hozirda fuqarolarga va’da berilgan xonadonlar vaqtida topshirilmasligi ortidan turli noqulayliklar kelib chiqmoqda.

Yangi ko‘priklarimiz yaxshi va chiroyli bo‘ldi, baland devor qurildi, lekin devorlar orqasidagi sharoitlar juda yomon holatda. Shularni yaxshilasa bo‘lardi. Masalan, bir xil odamlar sharoit va kanalizatsiya bo‘lmagani uchun uylarini tashlab, kvartira olib ketishdi. Bir xil odamlar esa yarim hovlisida qolib, hozirgi kungacha yomon sharoitda yashab kelmoqda. Bizda ham xuddi shunaqa ahvol. Bir o‘g‘lim bilan men eski hovlimizda qolganman, bitta o‘g‘limni kvartiraga chiqarganman. Endi o‘sha o‘g‘limga mana shu ikki xonali kvartira olib berishim kerak edi”, deydi Mirhosil Fozilov.

Komila Jumayeva yetti oydan beri ko‘chada sarson-sargardonligini bildirdi. Unga ko‘ra, hokimiyat tomonidan ijarada yashab turishlari uchun ikki marta yordam puli berilgan. Keyin ularga hech qanday yordam berilmagan.

Iloji bo‘lsa, tezroq yordam berib, uyimizni hal qilishimizga yordam bersa. Juda ham qiynalyapman. Kvartirada yashash azob ekan, yolg‘izman. Temur Malik ko‘chasi, 78-uyda turardim, yangi “dom”ning “G” blokidan 1 xonali, 5-qavat, 28-xonadonni berishdi. Kafolat xati ham shunaqa deb yozilgan, lekin hech natija yo‘q”, deydi Komila Jumayeva

Mulkdorlarga ko‘ra, mutasaddilarga qilingan murojaatlarga tayinli javob berilmagan.

Muammolarimizni hech kim hal qilib bera olmayapti. Mirzo Ulug‘bek tuman hokimiyatiga, shahar hokimiyatiga va hatto prezident qabulxonalariga ham bir necha marta bordim, lekin natija bo‘lmadi. O‘tgan payshanba kuni Vazirlar Mahkamasigacha borib keldim.

Quruvchi va hokimiyat tomonidan muammo sabablari tushuntirilmayapti. Odamlar sarson, men ota-onam bilan vaqtinchalik kvartirada turaman”, deydi Zahro Hamidova

Quruvchi tashkilot vakilining aytishicha, tuman hokimiyati mazkur ko‘p qavatli uyni bunyod etish uchun ma’lum miqdordagi pul mablag‘ini ajratgan. Lekin keyin moliyalashtirish to‘xtab qolgan. Quruvchi esa o‘z hisobidan qurilishni davom ettirgan.

Buzilishga tushgan fuqarolar ro‘yxatini Toshkent shahar hokimligi berib, jami 47 nafar fuqaro uchun 116 ta xonadonni buyurtma qilgan. Buning uchun ularga ma’lum miqdorda pul mablag‘i taklif etganmiz, shundan hozirgacha bir qismi berilgan. Shundan beri hokimiyat bizga javob qaytarmadi. Ularga qolgan pul mablag‘ini bering, keyin xonadonlarni egalariga topshiramiz demoqchimasmiz, faqatgina biz bilan shartnomasini yakunlasin, biz xonadonlarni tayyorlab qo‘yganmiz, ular sotilmay turibdi.

2-3 hafta oldin shahar hokimiyatiga borib keldim, hokim yordamchisi bilan uchrashdim, unga xonadonlar bo‘yicha tegishli ma’lumot va hujjatlarni taqdim etdim, Ulardan haligacha biron javob kelmadi”, deydi quruvchi tashkilot vakili.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xodimi Kun.uz bilan suhbatda qurilish ishlarini Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi olib borgani, ayni paytda to‘liq tushuntirish bera olmasligini ma’lum qildi.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Ko‘proq yangiliklar: