Qurilish sohasiga begona bo‘lmagan Botir Zokirov 2019 yil sentabr oyida Qurilish vaziri etib tayinlangandi. Uning vazirlik davrida (2019-2024 yillar) qurilish sohasida nimalar o‘zgardi? Vazir qanday ishlari bilan ko‘proq “tilga tushdi” va yodda qoldi?
Kovid markazlaridan Olimpiya shaharchasigacha
Botir Zokirovning vazirlik vaqtida qurilish sohasini shaffoflashtirish borasida yaxshi qadamlar tashlandi.
Xususan, davlat dasturlari va loyihalari doirasida obektlar bosh loyiha-qidiruv va bosh qurilish-pudrat tashkilotlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida elektron tender savdolari orqali aniqlanishi yo‘lga qo‘yildi, qurilish obektini foydalanishgacha qabul qilish jarayonini raqamlashtirish ko‘zda tutildi. Shuningdek, vazirlik huzurida Kompetensiyani rivojlantirish instituti, Texnik meyerlash va standartlashtirish instituti tashkil qilindi.
Botir Zokirovning faoliyati davomida amalga oshirilgan katta qurilish ishlari sifatida Kovid markazlarini, Islom sivilizatsiyasi markazini, Imom al Buxoriy majmuasini, Olimpiya shaharchasini, Samarqanddagi turizm markazini sanab o‘tish mumkin.
“Trest-12”ga tendersiz “sovg‘alar”
Botir Zokirov vazirlik paytida uning qarindoshlariga aloqador kompaniya loyihalarni tendersiz olgani haqidagi xabarlar OAVda bot-bot ko‘zga tashlanib turdi. Hatto 2021 yilning may oyida Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burhonov ushbu qurilish kompaniyasiga qariyb 5 trln so‘mlik loyihalar tendersiz berilganligini ochiqlagan.
Jumladan, 2021 yilda «Trest-12» kompaniyasi Mustaqillik maydonidagi 431,5 mlrd so‘mlik loyiha pudratchisi sifatida tanlangan. Ushbu loyiha doirasida Toshkent shahar hokimiyati huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi 2019 yil 9 iyul kuni «Trest-12» kompaniyasi bilan buyurtma shartnomasi imzolagan. Bundan ikki oy oldin, ya’ni 2021 yil 11 may kuni Qurilish vaziri Abduqahhor To‘xtayev boshqa ishga o‘tkazilgan, Botir Zokirov esa Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritayotgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay u vazir bo‘ldi.
“Bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi aniqlangan, buni yashirib bo‘lmaydi. Chunki Qurilish vazirligining ishga aloqasi bor”, degandi Akmal Burhonov.
O‘zbekistondagi eng yirik qurilish kompaniyalaridan biri sanaluvchi «Trest-12» AJning hissadorlari orasida Botir Zokirovning o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i ham bor.
Keyinchalik vazir “Trest-12”ning loyihalarni tendersiz olish holatiga izoh bergandi.
«12-Trest» tashkilotining ayrim obektlar qurilishida to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilanishi sabablari bor. Tashkilot tarixi, sifat, muddat, bundan tashqari har bir tashkilotning o‘zining qonun-qoidalari bor. Har kim ham bu qonun-qoidalarni qilolmaydi.
Albatta, obektning to‘g‘ridan to‘g‘ri berilishi menga bog‘liq emas, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadi. “450 milliard” haqdagi tarqalgan xabarga kelsak, buni bilmayman, mening ham o‘z ishlarim bor. «12-Trest»ni menga bog‘lab bergan joyi yo‘q”, degan edi sobiq vazir o‘shanda.
Bajarilmagan va’da
2021 yilning aprel oyida Botir Zokirov Samarqandda o‘tkazilgan matbuot anjumanida har bir noqonuniy qurilishning ortida turgan odamlarni ko‘rsatishini aytgandi.
“Bugun kimdir noqonuniy qurilma qilayotgan bo‘lsa, uni oddiy odam qilmaydi. Uning orqasida o‘ziga yarasha kuchi bor, o‘shanga ishonib qiladi. Bu ham — korrupsiya. Biz bugun ularga qarshi kurashayotgan bo‘lsak, ular ham bizga qarshi kurashmoqda. Bugun kim chap oyog‘ini ko‘proq bosadigan bo‘lsa, albatta, unga minus bo‘ladi. Biz ham oxirigacha olib boramiz kurashni, chunki bizning qo‘limizda kuchimiz bor, «instrumentimiz» bor. Orqasida turgan odamlarni ham ko‘rsatamiz. Chiqadi hammasi. Oxirigacha kurashishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Biz ularga qarshi kurashayotganimiz uchun ham shunaqa qarama-qarshiliklar chiqyapti”, degandi Botir Zokirov.
Biroq Botir Zokirov aytgan “kurash”da vazirlik yengilganga o‘xshaydi: boshqa maqsadlar uchun ajratilgan yer maydonlarida ham “dom” qurishga harakatlar bo‘ldi, bo‘lmoqda. Ammo ularning ortida turgan odamlar hamon “parda ketida”.
Yengilmagan korrupsiya
Sobiq vazir faoliyati davomida qurilish sohasida eng korrupsiyalashgan sohalar reytingida yuqori o‘rinlarda qolaverdi.
Masalan, 2021 yilning aprel oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi Bekzod Rahmonov 2020 yil holati bo‘yicha eng korrupsiyalashgan vazirliklar uchligini ma’lum qilgandi. U o‘shanda Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Qurilish vazirliklarini sanagan.
2024 yilning 24 mart kuni agenlik davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faoliyati samaradorligi reytingini e’lon qildi. Unda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi “qoniqarli” baholangan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi esa reytingning “qizil ustuni”dan joy olgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektorda Botir Zokirov lavozimidan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi. Vazirning birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Sherzod Hidoyatov uchun bu ilk vazir lavozimi emas. U Sherzod Hidoyatov 2021 yil yanvarida uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri etib tayinlangan, 2023 yil yanvarida ushbu vazirlik qurilish vazirligiga qo‘shilgach, vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lib qolgandi.
Sherzod Hidoyatovning ham bajarilmagan va’dalari bor. Ulardan biri Toshkent shahar bosh rejasi. U 2020 yil Qurilish vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlaganida intervyularidan birida poytaxt bosh rejasi 2022 yili tayyor bo‘lishini aytgandi.