Germaniya «Oxmatdet»ni qayta tiklash uchun 10 mln yevro ajratadi

Jahon 12:58 / 17.07.2024 3019

Germaniya 8 iyul kuni Rossiya hujumi natijasida qisman vayron bo‘lgan Kiyevdagi «Oxmatdet» kasalxonasini tiklash uchun Ukrainaga 10 million yevro ajratmoqda. «Biz Ukrainada saraton kasalligiga chalingan bolalar uchun bu shifo maskani endi yo‘qligini qabul qilmasligimiz kerak va qabul qilmaymiz», dedi Germaniyaning iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish vaziri Svenya Shulse chorshanba, 17 iyul kuni chop etilgan Rheinische Post gazetasiga bergan intervyusida.

Ajratilgan pullar boshqa donorlar va hissa qo‘shuvchilar mablag‘lari bilan birgalikda shifoxonani tezda ish holatiga keltirish va binoni qishda foydalanishga tayyorlashga yo‘naltiriladi. Gap, xususan, shifoxona fasadlari, davolash xonalarini ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek, elektr va issiqlik ta’minoti haqida bormoqda, deyiladi nashrda. 

Shulse so‘zlariga ko‘ra, bolalar shifoxonasining vayron bo‘lishi «Rossiya bu urushni qanchalik shafqatsiz va g‘ayriinsoniy olib borayotganini» ko‘rsatadi. Vazir qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumidan bolalar «eng ko‘p» aziyat chekmoqda. 

BMT: «Oxmatdet»ga katta ehtimol bilan Rossiya raketasi kelib urilgan 

Kiyevdagi «Oxmatdet» bolalar kasalxonasiga «katta ehtimol bilan» to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaning X-101 raketasi kelib urilgan. Bunday xulosaga BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi mutaxassislari kelgan, ular videoyozuvlarni tahlil qilib, yetkazilgan zararni bevosita joyida o‘rgangan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, «Oxmatdet»ga qilingan hujum natijasida ikki kishi halok bo‘lgan, 32 kishi yaralangan.

«SBU»: Rossiyaning «Oxmatdet»ga zarbasi aniq yo‘naltirilgan bo‘lgan

Ukraina xavfsizlik xizmati («SBU») kasalxonaga zarba berilgan joyda Rossiyaning X-101 raketa dvigateli bo‘laklarini aniqladi. Bundan tashqari, ukrainalik tergovchilar X-101 boshqa detallarini topdilar, ular Rossiya «Oxmatdet»ga raketani aniq yo‘naltirganini va bu uning yo‘nalishidan og‘ishi natijasi emasligini isbotlaydi. 

Ko‘proq yangiliklar: