Eron Trampga suiqasdga aloqadorligini rad etdi, biroq uni jinoyatchi deb hisoblaydi

Jahon 22:18 / 17.07.2024 4374

Eron Oq uyning sobiq rahbari va AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampga suiqasd uyushtirishga aloqadorligi haqidagi har qanday ayblovlarni rad etadi, biroq bu siyosatchini general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi uchun javobgarlikka tortishga harakat qiladi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kan’oniy AQSh razvedka xizmatlarining Tehron go‘yoki Donald Trampni yo‘q qilishni rejalashtirganini tekshirayotgani haqidagi xabarlarga shunday izoh berdi.

«Eron Islom Respublikasi Trampga qurolli suiqasd uyushtirishga har qanday aloqadorlikni va bunday qadamni amalga oshirish niyati haqidagi barcha da’volarni qat’iyan rad etadi va bunday ayblovlar noxolis siyosiy maqsad va motivlarga ega, deb hisoblaydi», deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, bayonotda qayd etilishicha, Tehron Trampni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi maxsus kuchlari sobiq qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi uchun javobgarlikka tortishga harakat qiladi. Suiqasd aynan Tramp prezidentligi davrida yuz bergan va Vashington bilan Tehron munosabatlarini nihoyatda keskinlashtirgan edi.

Avvalroq, CNN telekanali AQSh razvedkasi Eronning Donald Trampga suiqasd uyushtirishga aloqadorligi ehtimolini tekshirayotgani haqida xabar berdi. Telekanal materialida aniq faktlar keltirilmagan, biroq «Pensilvaniyada sobiq prezidentni o‘ldirmoqchi bo‘lgan Tomas Metyu Kruksning bu fitna (Eron) bilan aloqasi borligiga ishora yo‘q»ligi qayd qilingan.

Mojaro fonida Donald Trampning o‘zi Bloomberg nashriga bergan intervyusida Eron haqida biroz kutilmagan bayonot berdi.

«AQSh sanksiya siyosati dunyo mamlakatlari Vashingtonga nisbatan yomon munosabatda bo‘lishiga olib kelmoqda. Hozir sanksiyalar bo‘yicha qilayotganimiz barchaning mamlakatimizdan uzoqlashishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun menga sanksiyalar yoqmaydi. Eronga kelsak, sanksiyalar juda foydali deb o‘yladim. Lekin prinsipial jihatdan, bu choralar unchalik zarur emas edi», dedi sobiq prezident.

Ko‘proq yangiliklar: