17 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 21:28 / 17.07.2024 5818

Hukumat tarkibiga o‘tkazilayotgan qurilish inspeksiyasi, ishdan olingan 10 hokim, turizm sohasida 3 yillik oliy ta’lim, qabul qilinayotgan Tadbirkorlik kodeksi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Qurilish inspeksiyasi hukumat tarkibiga o‘tkaziladi

Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili va yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Qurilish inspeksiyasi faoliyatini jonlantirish zarurligi qayd etildi.

O‘tgan bir yarim yilda ekspertizasi yo‘q 2,2 ming obekt qurilishiga asossiz ruxsat berilgan. O‘tgan yil ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan qurilishi boshlangan 1,6 mingta obekt aniqlangan.

Shu bois, ushbu inspeksiya hukumat tarkibiga o‘tkazilishi va vakolatlari kengaytirilishi belgilandi.

Ruxsatsiz yoki loyihadan chetga chiqib qilinayotgan qurilishlar bo‘yicha jazo choralarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Bunday holatlarni aniqlash uchun Qurilish inspeksiyasining texnik vositalar, shu jumladan dronlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Qurilish vaziri lavozimidan ketdi

Prezident tomonidan o‘tkazilgan videoselektorda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirov sog‘ligi tufayli lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

2018 yilning aprelidan buyon Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri sifatida ishlab kelayotgan Botir Zokirov sog‘ligi tufayli lavozimidan ozod etilgan.

Sherzod Hidoyatov 2021 yil yanvarida uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri etib tayinlangan, 2023 yil yanvarida ushbu vazirlik qurilish vazirligiga qo‘shilgach, vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lib qolgandi.

9 ta tuman va bir shahar hokimi ishdan olindi

Prezident raisligidagi videoselektorda 9 ta tuman, bir shahar hokimlari ishdan olindi, 28 ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘rildi.

«Yutuqlarimiz haqida ko‘p gapirish mumkin. Dunyodagi og‘ir sharoitga qaramasdan barqaror iqtisodiy o‘sish yo‘lida aniq natijalarga erishyapmiz », dedi davlat rahbari.

Bunga munosib hissa qo‘shayotgan tarmoq, viloyat va tumanlarga, tadbirkorlarga alohida minnatdorlik bildirildi.

Shu bilan birga, faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 28 ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy jazo choralarini ko‘rish, Qorao‘zak, Taxiatosh, Uchquduq, Toshkent, Furqat, Gurlan, Mirzaobod, Yangiariq, Mingbuloq tumanlari, G‘ozg‘on shahri hokimlarini ishdan olish bo‘yicha Bosh vazir Abulla Aripovning taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Mobil internet tezligi reytingida yuqorilash

O‘zbekiston mobil internet tezligi reytingida o‘tgan oyda 12 pog‘ona ko‘tarildi. Ayni paytda bu borada O‘zbekiston 108 davlat ichida 77-o‘rinda bormoqda. O‘zbekistonda mobil internetning o‘rtacha tezligi soniyasiga 30 Mbitni tashkil etmoqda. Simli internet tezligi borasida O‘zbekiston o‘rtacha 65 Mbit/sekund tezlik bilan 83-o‘rindan joy olgan.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 2020 yilga nisbatan 56 pog‘ona ko‘tarilgan.

“Ya’ni aholi o‘sishi va narxlar saqlangan holda ko‘proq mobil internetga ega tariflar ko‘payib, tarmoqqa talab kundan kunga ortishiga qaramay, o‘rtacha tezlikni oshirish bo‘yicha operatorlar reytingdagi boshqa ko‘pgina davlatlardagidan ko‘ra ko‘proq harakat qilmoqda. Albatta bu hali yetarli emas, internet tezligi va sifatini oshirish bo‘yicha operatorlarimiz yanada ko‘proq harakat qilishlari zarur”, deb yozadi Sherzod Shermatov.

Turizm sohasida oliy ta’lim 4 yillikdan 3 yillikka o‘tkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 iyul kuni hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Turizm sohasidagi tadbirkorlar uchun qator yengilliklar ham nazarda tutilmoqda. Ular orasida avtobus va mikroavtobuslarni bojxona bojidan ozod etish, turoperator va hunarmandlarning xalqaro yarmarkalardagi xarajatining 50 foizini qoplab berish kabi choralar bor.

Soha uchun mutaxassislar tayyorlash masalasi ham muhim. Kelayotgan o‘quv yilidan boshlab, bu borada ham qator yangiliklar mo‘ljallanmoqda.

Jumladan, turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohasida o‘quv dasturlari jahon reytingida birinchi 100 talikka kiruvchi ta’lim muassasalari tajribasi asosida takomillashtiriladi. Bu sohada oliy ta’lim 4 yillikdan 3 yillikka o‘tkaziladi. Talabalarga bir vaqtning o‘zida ixtisosligi bo‘yicha ishlab, kasbiy ko‘nikmalarini bevosita ish joylarida rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.

Andijon, Buxoro, Samarqand va Urganch davlat universitetlari, Sharqshunoslik, Jahon tillari va “Ipak yo‘li” oliygohlarida gidlarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi.

Tadbirkorlik kodeksi qabul qilinmoqda

Parlament majlisida “Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Tadbirkorlik kodeksi loyihasiga tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni yagona hujjat bilan tartibga solish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Tadbirkorlik sub’yektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda. Hozirgacha amalda toifa sifatida faqat kichik tadbirkorlik sub’yekti mavjud.

Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning chegaralari hamda tartibga solish shakllari ko‘zda tutilmoqda. 39 ta davlat organining 147 ta nazorat funksiyalari va Biznes ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan 20 turdagi tekshiruvlar ro‘yxatlari mazkur kodeksga ilova sifatida tasdiqlanib, ro‘yxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar Biznes ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshirilishi taklif etilmoqda.

Kodeks loyihasida yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilishi bilan mumkin bo‘lmagan faoliyat turlarini belgilagan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: