Yevropa komissiyasi (YeK) 15 iyul, dushanba kuni Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning Moskva va Pekinga munozarali tashriflariga javoban Vengriyaning Yevropa Ittifoqi kengashiga olti oylik raisligi ostidagi norasmiy uchrashuvlarni boykot qilishini bildirdi. YeK Yevropa komissarlarini Vengriyadagi Yevropa Ittifoqi vazirlarining norasmiy konferensiyalariga yubormaydi. Buning o‘rniga, komissiya ushbu yig‘ilishlarda yuqori mansabdor shaxslar tomonidan taqdim etiladi.
«Vengriya raisligining boshlanishi bilan bog‘liq so‘nggi voqealarni hisobga olgan holda, rais (Ursula fon der Lyayyen) Yevropa komissiyasi faqat kengashning norasmiy yig‘ilishlarida yuqori martabali davlat xizmatchilari darajasida vakillik qilishiga qaror qildi», - dedi YeK matbuot kotibi Erik Mamer aytdi. Shuningdek, u Yevrokomissiyaning Vengriyaga birinchi rasmiy tashrifi bekor qilinganini bildirdi.
Politico: YeI Vengriyadagi TIV rahbarlari uchrashuvini boykot qilmoqchi
Avvalroq Politico Yevropa Ittifoqi davlatlari vakillari YeI tashqi ishlar vazirlarining Budapeshtda avgust oyi oxiriga rejalashtirilgan norasmiy konferensiyasini boykot qilmoqchiligi haqida xabar bergan edi. Orban hukumati ushbu konferensiyani Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat kun tartibini shakllantirish imkoniyati sifatida baholaydi, deya qayd etadi Politico.
Yevropa Ittifoqi vazirlarining norasmiy uchrashuvlari YeI kengashiga raislik qiluvchi mamlakat tomonidan tashkil etiladi. Ushbu uchrashuvlarda Yevropa Ittifoqining 27 davlati vazirlari muayyan sohadagi masalalarni muhokama qiladilar - masalan, mudofaa, savdo, transport. Yig‘ilishlarda odatda Yevropa komissiyasining 27 a’zosidan biri – Yevroparlamentga qonun loyihalarini kiritish bo‘yicha eksklyuziv huquqqa ega Yevropa Ittifoqidagi organ vakili ham ishtirok etadi.
Orban «tinchlikni saqlash missiyasi» uchun tanqid qilindi
Yevropa Ittifoqi davlatlari elchilari Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanni Kiyev, Moskva, Pekin va Vashingtondagi «tinchlikparvarlik missiyalari» vaqtida Yevropa Ittifoqi qarorlari «harfi va ruhini» buzgani uchun qoraladi, deb xabar berdi Politico 11 iyul kuni.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelning aytishicha, Vladimir Putin oldiga tashrif buyurganida, Orban Yevropa Ittifoqi nomidan emas, balki Rossiya va Vengriya o‘rtasidagi «ikki tomonlama munosabatlar» doirasida harakat qilgan, chunki Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzini rasman qoralaganidan keyin «Yevropa Ittifoqi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi rasmiy aloqalar istisno qilingan».