Rossiya millatlar ishi bo‘yicha federal agentlik markaziy osiyolik mehnat migrantlarining ijtimoiy-madaniy moslashuvi bo‘yicha kurs ishlab chiqdi. Bu haqda mazkur kurs materiallari bilan tanishgan «Kommersant» nashri xabar qilmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, tayyorlangan kurs to‘rt qismdan iborat 70 daqiqalik ma’ruzadan iborat. Birinchi qismda Rossiyaning migratsiya va mehnat qonunchiligi to‘g‘risida gap boradi. Xususan, migrantlarga Rossiya xorijliklarning kirishi va bo‘lib turishi, patent rasmiylashtirish va mehnat shartnomasi tuzish haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, migrantlarga «qurolli kuchlarda kontrakt asosida xizmat qilib, Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda qo‘lga kiritish» imkoniyati haqida ham tushuncha beriladi.
«Rossiyada noformal xulq-atvor» deb ataluvchi ikkinchi qismda migrantlarga o‘zini «Rossiyada qabul qilingan tarzda» tutish uqtiriladi. «Kommersant» bu bo‘limdan bir necha iqtibos keltirgan:
- «Rossiyaliklar — ko‘p millatli xalq, lekin hamma rus tilida gapirishi shart ».
- «Sizga qarindosh yoki tanish bo‘lmagan kishilarga “brat” yoki “sestra” deb murojaat qilish yaramaydi».
- «Atrofingizdagi kishilarni o‘z ona tilingizda muhokama qilish, boshqa insonlar bor joyda o‘z ona tilingizda pichirlashish yaramaydi».
- «Rossiyada diniy marosimlarni ko‘chada o‘tkazish yot narsa. Shuningdek, ko‘chada hayvonlarni qurbonlikka so‘yish yaramaydi».
Xuddi shu bo‘limda «qarama-qarshi jins vakillari bilan muloqot asoslari» haqida gap boradi. Kurs materiallarida qayd etilishicha, «Rossiyada ayollar an’anaviy tarzda ochiq va yorqin liboslar kiyishadi» va bu hol aslo «ularning tanishishga tayyor ekani»ni bildirmaydi. Migrantlar notanish erkaklar va ayollarga «teginishi, paypaslab ko‘rishi, quchoqlashi, qo‘lidan yoki kiyimidan ushlashi» mumkin emasligidan ogohlantirilgan, chunki bunday xatti-harakatlar «shilqimlik» deb baholanishi mumkin.
Yoqtirib qolgan erkak yoki ayollarning diqqatini jalb qilish uchun ovoz chiqarish, hushtak chalish va tilni tanglayga urish mumkin emasligi tushuntirilgan.
Kursning uchinchi bo‘limida RF qonunchiligiga rioya qilmaslik, jumladan, miting va namoyishlarda qatnashish qanday oqibatlarga olib kelishi tushuntirilgan. Ruxsat etilmagan aksiyalarda qatnashish uchun hibsga olinib, jarimaga tortilish, xorijiy davlat fuqarolari esa mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkinligi aytilgan. Yakuniy blokda Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarining aloqalari tarixidan hikoya qilingan.
Matnli materiallarga 11 ta animatsion roliklar ilova qilingan. Videoning bosh qahramoni Timur Rossiyadagi hayot qoidalari haqida hikoya qiladi. Har bir rolik «Assalomu alaykum, aka-ukalar, opa-singillar! Mening ismim Timur va men 10 yildan buyon Moskvada yashayman», degan so‘zlar bilan boshlanadi. «Kommersant» nashriga ko‘ra, roliklar mazmuni ko‘pgina hollarda ma’ruza matni bilan mos tushadi.
Millatlar ishi bo‘yicha federal agentlik rahbari o‘rinbosari Stanislav Bedkinning xabar berishicha, ishlab chiqilgan kurs to‘rtta hududda «muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan». Sinovdan so‘ng idora yangilangan kursni barcha hududlarga yo‘naltirgan.
«PSP-fond» migrantlarni moslashtirish va millatlararo munosabatlar hududlararo resurs markazi direktori Boris Panichning «Kommersant»ga so‘zlashicha, hududlarda migrantlar bilan keng miqyosda shunday mashg‘ulotlar o‘tuvchi tuzilmalar va mutaxassislar yo‘q. Shuningdek, ko‘plab migrantlarni bir joyda to‘plash mumkin bo‘lgan maydonchalar ham yo‘q.