Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili mamlakat Konstitutsiyaviy sudiga yaqinda qabul qilingan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonunga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Bu haqda 15 iyul, dushanba kuni Mtavari telekanali parlament kotibi Giorgiy Msxiladzega tayanib xabar berdi.
«Gurjiston prezidenti birinchi marta Konstitutsiyaviy sudga «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun bilan bog‘liq bo‘lgan «Rossiya qonuni» deb atalgan qonun bo‘yicha da’vo kiritmoqda», - dedi Msxiladze matbuot brifingida. Unga ko‘ra, Zurabishvili qonunning amal qilishini to‘xtatib, uni butunlay bekor etilishini talab qilmoqda.
Paper Kartuli Telegram-kanali yuridik fanlar doktori Kaxa Uriadmkopeliga tayanib yozganidek, Konstitutsiyaviy sud da’vo ko‘rib chiqilayotgan vaqtda qonunni to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Avvalroq Gurjiston parlamentining ta’lim, fan va yoshlar masalalari qo‘mitasi rahbari Givi Mikanadze «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun «bir necha haftadan keyin kuchga kirishi»ni aytgandi.
Gurjistonda «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun va unga qarshi norozilik
Aprel oyi boshida Gurjistonning hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunning ruscha versiyasiga o‘xshash «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini parlamentga taqdim etdi. Bir necha oy davomida mamlakat bo‘ylab qonunga qarshi ommaviy namoyishlar davom etdi. Namoyishchilarni, jumladan, Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili ham qo‘llab-quvvatlagan.
May oyi o‘rtalarida Gurjiston parlamenti «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonunni uchinchi va yakuniy o‘qishda qabul qildi. Bir necha kundan so‘ng Zurabishvili veto qo‘yganini e’lon qildi, parlament uni bekor qilishga muvaffaq bo‘ldi.