60 mlrd rubl evaziga Putinning do‘sti qurgan stadion o‘yin o‘tkazishga yaroqsiz bo‘lib chiqdi

Jahon 21:43 / 16.07.2024 11742

Yangi qurilgan muz stadioni xavfsizlik talablariga javob bermasligi to‘g‘risidagi xulosaga iyun oyining boshlarida — u yerda yong‘in yuz berganidan so‘ng kelingan. O‘shanda elektron videobort, turbinalar va stadionning plastik qoplamasi yonib ketgan edi.

“Ekspertlarning baholashlari, “SKA-Arena”ning miqyosi hamda uning yong‘in xavfsizligi tizimidagi murakkabliklarga ko‘ra nuqsonlar va kamchiliklarni tuzatishga juda uzoq vaqt talab etiladi”, — deyishmoqda klubdagilar.

“SKA-Arena”ni qurilish ishlari 2020 yilda buzib tashlangan “Peterburgskiy” sport majmuasi o‘rnida boshlangan. Avvaliga loyiha 2022 yilning oktyabrida topshirilishi mo‘ljallangan edi, biroq muddatlar bir necha bor surilgan. Natijada arena o‘tgan yilning dekabrida topshirilgan. Stadion direktori Dmitriy Svatkovskiyning so‘zlariga ko‘ra, majmuani qurishga 60 mlrd rubl sarflangan.

“SKA-Arena”ni qurilish bilan Gennadiy Timchenkoga yaqin bo‘lgan “Gorka” kompaniyasi shug‘ullangan. Timchenko RF prezidenti Vladimir Putinning yaqin do‘sti hisoblanadi. Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, biznesmenning boyligi 23,4 mlrd dollarni tashkil etadi. 

Yevropa Ittifoqi Gennadiy Timchenkoni Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli 2022 yilning fevralida sanksiya ro‘yxatiga qo‘shgan edi. Biznesmenga YeI davlatlariga kirish taqiqlangan, uning Yevroittifoq hududidagi aktivlari muzlatilgan. Timchenkoga nisbatan cheklovlar joriy etilganining asosiy sabablaridan biri — Putin va do‘stlarining “hamyoni” hisoblanuvchi “Rossiya” bankida ulushga ega ekanligidir. 2014 yilda bu bank Rossiya banklari ichida birinchi bo‘lib anneksiya qilingan Qrimda filial ochgan edi.

Sanksiyalar joriy etilgach, Timchenko cheklovlarni olib tashlash talabi bilan bir necha bor sudga murojaat qilgan. Uning advokati Stefan Bonifassiga ko‘ra, tadbirkorning RF prezidenti bilan yaqin aloqalari uni Ukraina bilan urushda ittifoqchiga aylantirmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: