Prezidentning "Hududlar iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va bo‘sh yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
2024 yil 1 avgustdan joriy yil yakuniga qadar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Kadastr agentligi bilan birgalikda hududlardagi yer uchastkalarini master-rejalarga muvofiq auksion savdolariga qo‘yadi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 68 ta tuman va shaharlarda xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylab zamonaviy infratuzilmani yaratish, savdo va servis obektlarini joylashtirish uchun master-rejalar asosida yer uchastkalarini auksion savdolariga qo‘yish rejasi tasdiqlandi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga joriy yil yakuniga qadar xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylab zamonaviy infratuzilmani barpo etish, savdo va servis obektlarini joylashtirish bo‘yicha master-rejalar ishlab chiqish, shuningdek yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarish vazifasi topshirildi.
Tuman va shaharlar bo‘yicha ishlab chiqiladigan master-rejalarning asosiy yo‘nalishlari:
● shahar va tuman markazlarida urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, jumladan aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib, ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylar majmualarini tashkil etish;
● aholi gavjum bo‘lgan shahar hududlaridan oqib o‘tuvchi suv bo‘ylarini obodonlashtirish, piyodalar va velosiped yo‘laklarini qurish, ularning atrofida yengil konstruksiyali ko‘chma savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini yaratish;
● hududlarda aholi, sayyohlar va tadbirkorlik sub’yektlari uchun qulay sharoitlar yaratish, shu jumladan "yashil" hududlarni ko‘paytirish, zamonaviy xizmat ko‘rsatish va servis obektlarini qurish;
● bo‘sh turgan yer uchastkalaridan samarali foydalanish, shu jumladan iqtisodiy samarasi yuqori faoliyat turlarini rivojlantirish, shuningdek bo‘sh turgan yer uchastkalarini tayyor lotlarga ajratgan holda elektron onlayn-auksionlarda realizatsiya qilish;
● hududlarning infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyojini baholash, shu jumladan zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obektlari parametrlarini aniqlash.
Shuningdek, master-rejalarni ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirishni tashkil etish va muvofiqlashtirishning vertikal tizimini yaratish ko‘zda tutilmoqda, unga muvofiq javobgarlik va vazifalar respublika, mintaqaviy, shuningdek tuman (shahar) darajalarida taqsimlanadi.