AQShning 45-prezidenti, navbatdagi saylovlarga nomzodini qo‘ygan Donald Tramp Amerikadagi The New York Post tabloidi uchun intervyusida AQSh Maxfiy xizmati agentlarining Pensilvaniyadagi miting chog‘ida o‘ziga suiqasd uyushtirilganida amalga oshirgan harakatlariga yuqori baho berdi.
«Ular fantastik ish qilishdi… Ular uni ko‘zlar orasiga yo‘llangan bitta o‘q bilan o‘ldirishdi», — degan Tramp Miluokiga Respublikachilar partiyasiga uchayotganida samolyotda olingan intervyuda.
Sobiq prezident AR-15 yarimavtomat miltiq bilan qurollangan jinoyatchi unga o‘t ocha boshlaganida Maxfiy xizmat agentlari uning ustiga xuddi «laynbekerlar» (amerikacha futboldagi amplua) kabi tashlanganini eslagan. The New York Post xabarida keltirilishicha, Tramp bu so‘zlarining tasdig‘i sifatida oq ko‘ylagi tugmalarini yechib, o‘ng yelkasidagi katta ko‘karishni ko‘rsatgan.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, agentlar uni shu qadar qattiq urishganki, oyoq kiyimining bir poyi yechilib ketgan. Shundan keyin, suiqasd vaqtida olingan videolarga qaraganda, Tramp agentlardan oyoq kiyimini kiyib olishga imkon berishlarini so‘ragan, ammo Maxfiy xizmat xodimlari uni shoshilinch tarzda sahnadan olib chiqib ketishgan. Trampning aytishicha, olib ketishayotganida u yig‘ilgan tarafdorlari qarshisida nutq qilishni istagan, ammo agentlar unga bu yer xavfsiz emasligi va u shifoxonaga borishi kerakligini aytishgan.
«Shifoxonadagi vrach hech qachon bunaqasini ko‘rmaganini aytdi va buni mo‘jiza deb atadi», — degan Tramp intervyuda. O‘zining aytishicha, vrach unga hech qachon AR-15 miltig‘idan o‘qqa tutilganidan keyin omon qolgan odamni ko‘rmaganini aytgan.
«Men bu yerda bo‘lmasligim kerak edi, men o‘lgan bo‘lishim kerak edi», — degan Tramp. O‘zining aytishicha, u o‘q uzilgan pallada yig‘ilganlar ko‘targan plakatlarda noqonuniy muhojirlar haqidagi yozuvlarni o‘qish uchun boshini o‘ng tomonga burgani uchun suiqasddan omon qolgan. Shu harakati tufayli o‘q uning faqat o‘ng qulog‘ini tilib o‘tadi. Nashr qayd etishicha, intervyu vaqtida Trampning yaralangan o‘ng qulog‘ini yopib turgan katta oq bog‘ich bo‘lgan. Trampning xodimlari jurnalistga uni suratga olishni taqiqlagan.
AQShning sobiq prezidenti amaldagi prezident Jo Bayden suiqasddan ko‘p o‘tmay unga qo‘ng‘iroq qilganini eslab o‘tgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Bayden «juda mehribon» edi. Shu tariqa, Bayden va Tramp bir necha yildan buyon ilk bor o‘zaro gaplashishgan (iyun oyi oxiridagi debatda ular moderatorlar orqali muloqot qilishgandi).
- Donald Trampga suiqasd Pensilvaniyadagi miting chog‘ida amalga oshirildi. FQB versiyasiga ko‘ra, unga 20 yoshli Tomas Metyu Kruks o‘q uzgan. AQSh Maxfiy xizmati xodimlari darhol sahnaga chiqib, Trampni o‘rab olishgan va uni olib ketishgan. Hujum vaqtida 50 yoshli o‘t o‘chiruvchi Kori Komperator halok bo‘lgan, yana ikki kishi yaralangan. Hujum uyushtirgan shaxs otib tashlangan.