Yunusoboddagi quvur yorilishi oqibatida 80-85 ming kub metr miqdoridagi ichimlik suvi yo‘qotilgan. Bu haqda “O‘zsuvta’minot” AJ rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamiyat bo‘lim boshlig‘i Asiljon Muhiddinov Kun.uz jurnalistining so‘roviga javoban ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, nosozlik 1970-1975 yillarda tortilgan suv quvurlarining bugungi kunda ta’mirtalab ahvolga kelgani va o‘sha tarmoqda ortiqcha bosim paydo bo‘lgani oqibatida kuzatilgan. Birlamchi hisob-kitoblarga ko‘ra, nosozlik jarayonida 80-85 ming kub metr miqdoridagi ichimlik suvi yo‘qotilgan. Bu Toshkent shahriga bir kunda uzatilayotgan ichimlik suvining 3,2 foizini tashkil qiladi.
“Agar biz tarmoqlarni raqamlashtirib, ularning bosimini onlayn boshqaradigan uskuna va jihozlarini o‘rnatmas ekanmiz, tarmoqning qaysidir nuqtasida avariya sodir bo‘lishini oldindan bila olmaymiz. Mana shu ishlarni amalga oshirsak, tarmoqni to‘liq nazorat qilish va nosozliklarning oldini olish imkoniga ega bo‘lamiz”, degan Asiljon Muhiddinov.
“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi rais o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayevning ma’lum qilishicha, avariya diametri 1200 millimetrli quvurning 800 mm bo‘lgan quvurga ulangan qismida sodir bo‘lgan.
“Ushbu hodisada yo‘qotilgan ichimlik suvi zarari aholi yoki o‘sha hududdagi iste’molchilar bo‘yniga hisoblanmaydi. Texnik yo‘qotishlar avvaldan ko‘zda tutiladi. Agar yil davomida [yo‘qotishlar] 17 foizdan oshadigan bo‘lsa, quvur egasi, ya’ni bizning tashkilot zarari hisoblanadi, tabiiy yo‘qotish, degan mazmunda zarar qoplanadi. Bu hech qanaqasiga iste’molchilar bo‘yniga tushmaydi” degan jamiyat boshqaruv raisi o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, 3 iyul kuni poytaxtning Yunusobod tumanida joylashgan katta suv o‘tkazgich tarmog‘ida nosozlik vujudga kelgani ortidan ko‘chalarni suv bosgandi.