O‘zbekistonning birinchi rahbari. Fayzulla Xo‘jayev kim edi?

O‘zbekiston 17:06 / 08.07.2024 32205

Dunyo xaritasida O‘zbekiston nomli davlat rasman 1924 yil 27 oktyabrda paydo bo‘ldi. Shu kuni Buxorodagi Oq uyda Fayzulla Xo‘jayev yangi O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tuzilganini e’lon qildi. Xo‘sh, amir Olimxon hokimiyatiga qarshi chiqqan, uch marta o‘limga hukm etilgan, 13 yil O‘zbekiston SSR hukumatini boshqarib so‘ng qatag‘onga uchragan Fayzulla Xo‘jayev kim edi? Kun.uz siyosatchining hayot yo‘li haqida hikoya qiladi.

O‘zbekistonning ilk rahbari Fayzulla Xo‘jayev 1896 yilda Buxorodagi yirik savdogar oilasida dunyoga keladi. Otasi – Ubaydullaxo‘ja zamonasining o‘ziga to‘q kishilaridan biri bo‘lgan. Zamondoshlari Ubaydullaxo‘jani “Buxorodagi eng yirik 4 ta boydan biri edi”, deya xotirlashgan. Uning Moskvada xususiy savdo idorasi bo‘lib, Rossiyaning o‘zida hamda bir qancha boshqa xorijiy bozorlarda qorako‘l teri, paxta bilan keng miqyosda savdo-sotiq yurgizgan.

Fayzulla Buxorodagi madrasalardan birida ikki yil tahsil olgach, 1907 yilda otasi uni Moskvaga olib ketadi. U yerda 1907–1912 yillarda xususiy o‘qituvchilar qo‘lida ta’lim oladi, savdo va zamonaviy ilmlarni o‘rganadi. Otasining vafotidan keyin esa Buxoroga qaytib keladi.

Fayzulla Xo‘jayevning uy-muzeyida joylashgan haykali. Foto: Madaniy meros agentligi

Jadidchilar safiga qo‘shilishi

Buxoro amirligi davrida har qanday islohot, har qanday yangilik va ilg‘or g‘oya jaholatga botgan ayrim qatlamlarning qattiq qarshiligiga uchrar edi. Rossiyada ta’lim olib, dunyoqarashi kengaygan Fayzulla ota yo‘lini tanlamadi. U o‘sha paytdagi Buxoroning ahvolini, mamlakatning taraqqiyotdan orqada qolayotganini sezadi va Buxoroning ahvolini tuzumni o‘zgartirish bilan yaxshilash mumkin degan fikrga keladi.

Buxoroning so‘ngi amiri Sayyid Olimxon

Fayzulla Xo‘jayev 1913 yilda, 17 yoshida jadidchilik harakatiga qo‘shiladi. Unda taraqqiyparvar g‘oyalarning shakllanishida Buxoroning dastlabki ma’rifatparvarlaridan biri Abdulvohid Buxonovning (Munzim) sezilarli ta’siri bo‘lgan.

Jadidlar farzandlarimizni o‘qitib, ma’rifatga erishamiz va jamiyatni o‘zgartiramiz degan g‘oya bilan “Yosh buxoroliklar” partiyasini tashkil etadi va Buxoro amiriga qarshi kurash boshlaydi.

Fayzulla Xo‘jayev otasidan meros qolgan katta boylikni yangi usul maktablari ochish, yosh buxoroliklar siyosiy faoliyatini moddiy qo‘llab-quvvatlashga sarfladi. 1917 yildan boshlab Xo‘jayev va Fitrat partiyaning so‘l qanotiga boshchilik qilib, Buxoroda avval konstitutsion monarxiya, so‘ngra demokratik respublika tuzish uchun kurashadilar.

Sovetlar bilan hamkorlik

Fayzulla Xo‘jayev 1918 yilning bahorida amirlik saltanatiga qarshi hujum uyushtiradi. Ozchilikni tashkil qilgan “Yosh buxoroliklar” amirga qarshi kurasha olmas edilar. Shuning uchun ular Turkiston Xalq Komissarlar Soveti raisi Kolesovdan yordam so‘raydi. Jadid tarafdorlarining kamligi, qizil armiyaning yaxshi qurollanmay urushga kirgani sabab amir kuchlari ustunlik qiladi. Shundan so‘ng u o‘z tarafdorlari bilan amir Olimxon ta’qibi va quvg‘iniga uchraydi, oila a’zolari bilan Toshkentga ketishga majbur bo‘ladi. Amirlikda esa bir necha bor sirtdan o‘limga hukm qilinadi.

U 1918 yil yozida Moskvaga jo‘naydi. Yo‘lda oq gvardiyachilar qo‘liga tushadi va Orenburgda 4 oy qamoqda yotadi. Bolsheviklar bilan aloqalari sabab oq gvardiyachilar harbiy dala sudi uni otuvga hukm qiladi. Faqat baxtli tasodif tufayligina qamoqdan qochishga erishadi.

Fayzulla Xo‘jayev 1918 yil oktyabridan 1920 yilning yanvar oyigacha Moskvada bo‘lib, “Yosh buxoroliklar” firqasi Moskva komiteti raisi bo‘lib ishlaydi. U Moskvada sovet hukumatining raisi Lenin va uning safdoshlari Stalin, Kalinin, Frunze, Rudzutaklar bilan uchrashib, bir necha marta muloqotda bo‘ladi.

Siyosatchi 1920 yilda Toshkentga qaytib, “Uchqun” gazetasini chop etadi. Uni 5000 nusxada yashirin chiqarib, Buxoro aholisiga tarqatadi. Bu yo‘lda unga Abdurauf Fitrat, Munzim, Said Ahroriylar yordam beradi. Buxoro amiri Said Olimxon qanday bo‘lmasin, Fayzulloni yo‘q qilish yo‘llarini izlaydi, boshi uchun yirik miqdorda oltin ham va’da qiladi. Shunday vaziyatda Xo‘jayev yana bolsheviklardan ko‘mak so‘raydi.

Hukumat tepasiga kelishi

1920 yil yozida Buxoro amirligida siyosiy vaziyat juda keskinlashadi. Turkiston fronti qo‘mondoni Frunze Buxoroga hujum uyushtirib, 1920 yil 2 sentabrda Buxoro shahrini egallaydi. Minglab begunoh odamlar halok bo‘ladi.

Bolsheviklarning Xo‘jayevga yordami beg‘araz emasdi, albatta. Amir hokimiyati ag‘darilgach, uning xazinasi talanadi va Buxorodan hammasi bo‘lib ikki eshelonda oltin va qimmatbaho buyumlar Moskvaga olib ketilgan.

Bosqin vaqtida ilma-teshik qilingan Minorai Kalon. 1920 yil, sentabr. Foto: Vikond65.livejournal.com

1920 yil 14 sentabrda Fayzulla Xo‘jayev boshchiligida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Xalq Nozirlar Kengashi tuzildi. U hukumat boshlig‘i (1920—1924) lavozimi bilan birga, harbiy ishlar noziri (1922—1924), tashqi va ichki ishlar noziri (1920-1922) kabi lavozimlarni ham egallaydi. Bu paytda u hali 24 yoshda edi.

Fayzulla Xo‘jayev

Xo‘jayev xorij davlatlari bilan aloqa qilmay, Buxoroni rivojlantirishni tasavvur qilolmasdi. Shu sababdan Eron, Turkiya, Afg‘oniston, Ozarboyjon, shuningdek, Angliya, Germaniya va Yaponiya bilan diplomatik aloqalar o‘rnatishga harakat qiladi. Xususan, 1922 yil oktyabr-noyabr oylarida Germaniyada bo‘lib, turli banklar va kompaniyalar bilan shartnomalar tuzadi.

Xo‘jayevning tashabbusi bilan 100 ga yaqin turkistonlik talaba hukumat hisobidan Germaniyada, o‘nlab talabalar Turkiya va boshqa davlatlarda o‘qishgan.

O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilganidan keyin, Fayzulla Xo‘jayev 1925-1937 yillarda O‘zbekiston SSR Xalq Kommissarlari Soveti raisi sifatida faoliyat yuritadi.

Tashabbuskor Fayzulla Xo‘jayev

Fayzulla Xo‘jayev o‘z faoliyati davomida o‘zbek xalqining iqtisodiy va madaniy ravnaqiga xizmat qiluvchi qator tadbirlarni amalga oshirgan. G‘arbda ilm-fan, sanoat rivojlanayotganini ko‘rgan Xo‘jayev o‘z xalqining orqada qolayotganidan tashvishlanardi. Shu sabab respublika aholisi ilmli bo‘lishi uchun qo‘lidan kelganini qildi. Uning rahbarlik yillarida respublika umumta’lim maktablarida 18 tilda dars berilgan. Oliy o‘quv yurtlari soni 31 taga yetib, 86 ta texnikum tashkil qilingan.

O‘zbekistondagi ilk gidrostansiya Bo‘zsuv GES, Chirchiq elektrkimyo kombinati, Toshkent to‘qimachilik kombinati ham Xo‘jayev sa’y-harakatlari bilan ochilgan. Uning rahbarligida Boysunda ko‘mir, Olmaliqda mis, Samarqand va Farg‘onada marmar, rangli metallarni qidirish ishlari boshlanadi.

Fayzulla Xo‘jayev O‘zbekiston Kommunistik partiyasiga nisbatan muxolifat mavqeida turgan “o‘n sakkizlar guruhi”ga xayrixoh bo‘lgan. U bu guruhning rasmiy a’zosi bo‘lmasa ham, aslida ularning g‘oyaviy ilhomchisi edi. Mulkdorlarni sinf sifatida tugatishga qaratilgan quloqchilik siyosatini yoqlamagan. O‘zbekistonda yoppasiga chigit ekilishi paxta yakkahokimligiga olib keladi, deb hisoblagan. Zamonaviy sanoat inshootlari qurilishida tashabbuskor bo‘lgan.

Fayzulla Xo‘jayev avj olib borayotgan qatag‘onga loqayd bo‘lmagan. Tarixchilarning yozishicha, 1929 yilda Fitrat va Cho‘lponning hayoti xavf ostida qolandi. Lekin Fayzulla Xo‘jayev ikki buyuk insonni 1937 yilgacha, to o‘zi ham taqiblarga uchraguncha yovuz mashina changalidan qutqarib qoladi.

“Agar men O‘zbekistonda shu lavozimda o‘tirar ekanman, agar men tirik bo‘lar ekanman, Fitrat ham, Cho‘lpon ham hech qachon qatag‘onchilar qo‘liga tushmaydi”, degan u.

Fayzulla Xo‘jayevning o‘ldirilishi

Bir tomondan bolsheviklar, ikkinchi tomondan mamlakat ichkarisidagi ayrim guruhlar Fayzulla Xo‘jayev faoliyatini doimiy kuzatib, uning kamchiliklarini topishga harakat qilishdi. Guruhbozlik, Stalin qatag‘oni Xo‘jayevni ham chetlab o‘tmadi.

Xo‘jayev O‘zbekistonda sovet rejimini ag‘darish uchun fitna uyushtirganlikda hamda Germaniya, AQSh, Yaponiya va Polsha foydasiga josuslikda aybdor deb topilgan.

1938 yilning 13 martida SSSR oliy sudining harbiy kollegiyasi “Buxarin protsessi”, “Uchinchi Maskov protsessi” deb nom olgan sud jarayoniga yakun yasab, o‘z hukmini e’lon qiladi. Sudga tortilgan ko‘pchilik qatori Fayzulla Xo‘jayev ham otuvga hukm etiladi va bu hukm o‘sha kuni Moskva yaqinidagi “Kommunarka” harbiy poligonida amalga oshiriladi.

Moskva, Butova tumani / Foto: Bessmertnyy barak

Marhum hukumat rahbari 1965 yilda to‘la oqlanib, Stalin qatag‘onining begunoh qurbonlaridan biri sifatida e’tirof etilgan.

Fayzulla Xo‘jayevning avlodlari hozir qayerda?

Fayzulla Xo‘jayevning 4 nafar farzandi bo‘lgan, bir qizi va bir o‘g‘li yoshligida vafot etgan. Uning 1921 yilda tug‘ilgan Viloyatxon ismli qizi haqida ma’lumot bor, xolos.

Fayzulla Xo‘jayev otuvga hukm qilingandan keyin, rafiqasi Malikaxon va qizi Viloyatxon Sibirga surgun qilinadi. Va shu yerda Viloyatxon nemis immigrantlaridan biri Viktor Barxetga turmushga chiqadi. Ularning Rudolf Barxet ismli o‘g‘li bo‘lib, u hozir O‘zbekistonda yashaydi.

Fayzulla Xo‘jayev 42 yil umr ko‘rdi va butun hayotini o‘zbek xalqiga xizmat qilishga bag‘ishladi, 17 yil davomida Buxoro jumhuriyati va O‘zbekiston SSR hukumatlarini boshqardi. Mustaqil ichki va tashqi siyosat yuritishga, mamlakatda demokratik islohotlar o‘tkazishga xayrixoh bo‘ldi. Yakunda esa ko‘pchilik zamondoshlari kabi mustabid sovet rejimi tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirildi.  

Ko‘proq yangiliklar: