Toshkent shahrida ijtimoiy tarmoqlar orqali soxta havolalarni jo‘natish orqali fuqarolarning bank kartalaridagi mablag‘ini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida yashovchi 39 yoshli ayol S.G. ichki ishlar organiga murojaat qilib, bank kartasidagi 4 mln 949 ming so‘m pul noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganligini bildirgan. Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi 42 yoshli N.A. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan N.A. internet foydalanuvchilariga Telegram orqali turli xil mazmunidagi havolalarni jo‘natib, ularni qiziqtirgani, so‘ngra bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan holda undagi pullarni o‘g‘irlagani ma’lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan N.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandi (qonunga xilof ravishda axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib o‘g‘irlik sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur turdagi jinoyatni sodir etganlik uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.