Bloomberg’ning Demokratik partiyaning nomi oshkor qilinmayotgan yuqori martabali mulozimiga havola qilib yozishicha, xatning muhokamasi Kongressda demokratlar nazorati yo‘qotilishidan cho‘chib boshlanib ketgan. Chinovnikning so‘zlariga ko‘ra, Jo Baydenni saylovda ishtirok etish fikridan qaytarishga chorlash to‘g‘risidagi xat hattoki demokratlar uchun xavfsiz sanalgan okruglarda o‘z nomzodini qo‘ygan siyosatchilar tomonidan ham tarqatilmoqda. Agentlikning qayd etishicha, bu AQShning amaldagi prezidenti poygadan chiqishi lozimligi to‘g‘risidagi g‘oya keng tarqalganidan dalolat beradi.
Demokratik partiyaga a’zo kongressmenlar Baydenga saylovoldi poygasidan chiqishni so‘rab murojaat qilishga tayyorlanayotgani haqida avvalroq Reuters ham xabar bergan edi. Agentlik manbalarining ma’lumotlariga ko‘ra, Vakillar palatasida kamida 25 nafar demokrat bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda. Reuters’ning boshqa bir hamsuhbati esa ko‘plab demokrat kongressmenlar prezidentga xat yo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytgan.
Bu orada Reuters va Ipsos agentliklari tomonidan birgalikda o‘tkazilgan so‘rovnoma agar Bayden nomzodini olsa, ehtimolli demokrat nomzodlar ichidan faqat Mishel Obama noyabrda o‘tadigan AQSh prezidentligi saylovlarida Trampni yengishi mumkinligini ko‘rsatgan.
Barak Obamaning rafiqasini so‘ralganlarning 50 foizi qo‘llab-quvvatlagan, bu holda Tramp 30 foiz ovoz yig‘a oladi.
Vitse-prezident Kamala Harrisni ehtimolli bahslashuvda Tramp 43 ga 42 foiz bilan ortda qoldirgan, Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusomni esa 42 ga 39 foiz farq bilan.
Reuters va Ipsosʼning so‘rovnomasi Bayden va Trampning ayni paytdagi imkoniyati teng ekanini ko‘rsatmoqda — 40 foizdan.