“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudining muzokara bosqichida advokat va sudlanuvchilar nutqi tinglandi. Ular suddan oqlov va yengillik berishni, prokuror esa birinchi instansiya sudining hukmini o‘z kuchida qoldirishni so‘radi.
Sud majlisi avvalida hindistonlik sudlanuvchining advokati Davron Ahmadov muzokara so‘zida “Zarur amaliyotlar markazi” DUK direktori Aziz Do‘smatovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni, hindistonlik sudlanuvchiga nisbatan esa oqlov hukmi chiqarishni so‘radi.
“Siropni faqat ikki marta qabul qilgan ikki nafar bemorda yoki qabul qilolmay qusib tashlagan bemorlarda ham o‘lim holati kuzatilgan. Ularda buyraklar kasallanishi yoki o‘lim kuzatilishi bu – aynan “Dok-1 Maks” siropidan kelib chiqqaniga shubha uyg‘otadi.
Aziz Do‘smatov sudga yolg‘on ko‘rsatma berib ketgan. Shu ko‘rsatma bilan sudlanuvchilarga ayb e’lon qilinyapti. Unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishingizni so‘rayman”, deydi advokat Ahmadov.
Yana bir sudlanuvchi Shodmonovning advokati jinoyat ishida aynan aybdorlar jazolanishi, aybsizlar ozod etilib, oqlanishi kerakligi va qonuniy asosda hukm chiqarilishi kerakligini ta’kidladi.
Sardor Kariyevning advokati Temur Rahmatov so‘zga chiqib, himoyasi ostidagi sudlanuvchi shu paytgacha biron marta ko‘rsatmasini o‘zgartirmagani va Kariyev nomidan faksimil imzo qo‘yilganini bildirdi.
“Birinchi instansiya sudida Ekspertlar kengashi kotibi U.Temirovga advokat tomonidan “Raissiz o‘tmaganmi, ushbu o‘rinbosarlar rais bo‘lib o‘tkazarmidi?” deb berilgan savolga – “O‘tkazardi” deb javob berib, “Majlislar raissiz o‘tmaganmi?” degan savolga – “Yo‘q, raissiz o‘tmagan. Rais bo‘lardi” deb ta’kidlab, “S.Kariyev bo‘lmaganda shunda o‘rinbosarlar rais bo‘lib o‘tardimi, mayli, S.Kariyev bayonnomaga imzo qo‘ysa ham?” degan savolga – “O‘tardi” deb ta’kidlagan.
Shuning uchun ham, S.Kariyev 2022 yil mart oyida AQShda xizmat safarida bo‘lgani sababli, uning o‘rinbosari M.Inoyatov rahbar vazifasini vaqtincha bajarib, aynan ushbu Nizom talabi asosida Ekspertlar kengashi yig‘ilishdagi raislik vazifasini ham vaqtincha bajarib, yig‘ilishni rais sifatida o‘tkazib, bayonnomaning S.Kariyev tomonidan imzolanishini kutmasdan, o‘zi raislik qilgan 6-sonli Ekspertlar kengashi davomida qabul qilingan qaror asosida “Dok-1 Maks” guvohnomasiga imzo qo‘ygan.
Ekspertlar kengashi kotibi U.Temirov esa kengash bayonnomasini raislik qilgan Inoyatovga imzolatmasdan, S.Kariyev safardan qaytgandan keyin unga imzolatib ketgan.
Shuning uchun, S.Kariyev majlis bayonnomasini bir necha kun o‘tib, AQShdan xizmat safaridan qaytganidan so‘ng imzolagani, “Dok-1 Maks” dori vositasiga guvohnoma berib yuborilishiga umuman sababiy bog‘liqlikda bo‘lmagan holatdir”, dedi advokat Temirov.
Advokat Ulug‘bek Latipov muzokara so‘zida suddan sudlanuvchi Kariyevni to‘liq oqlab, sud zalidan ozod qilishni so‘radi.
“Sudlov hay’ati e’tiborini apellyatsiya instansiyasida so‘roq qilingan Ibragimov Avazning ko‘rsatuvlariga qaratmoqchimiz. Birinchi instansiya sudida “xizmat safarida bo‘lgani sababli” so‘roq qilinmagan Ibragimov Avaz nihoyat apellyatsiya instansiyasida Kariyevning advokatlari iltimosiga binoan guvoh sifatida so‘roq qilindi. Uning ko‘rsatuvlari soha mutaxassisi sifatida ish uchun ayniqsa muhim deb hisoblaymiz.
Ibragimov Avaz Baxtiyarovich – Zarur amaliyotlar markazi direktorining o‘rinbosari, farmatsevtik inspeksiya sohasida 14 yildan buyon ishlab kelmoqda.
Birinchi instansiya sudi o‘z hukmida Zarur amaliyotlar markazi direktori A.Dusmatovning "Agar men “Kuraraks” tabletkasi bo‘yicha o‘zim inspeksiyaga borganimda, “Dok-1 Maks” siropida ishlatilgan zararli EG va DEG moddalarini aniqlardim” degan ko‘rsatuvlariga, aniqrog‘ini aytsak, taxminiy farazlariga asoslandi.
Biroq apellyatsiya instansiyasida guvoh sifatida so‘roq qilingan A.Ibragimov o‘z rahbari A.Dusmatovning ko‘rsatuvlariga mutlaqo qarama-qarshi ko‘rsatuvlar berib, tabletka liniyasini tekshirishga borgan xodimlar oldindan tasdiqlangan dasturdan chetga chiqishga haqli emasligini, bundan tashqari ishlab chiqaruvchi unga arizada ko‘rsatilmagan sirop, suspenziya yoki boshqa biror liniyani ham tekshirishiga yo‘l qo‘ymasligini, xalqaro amaliyot shunday shakllanganini bayon qildi.
Ochig‘i, hatto biz himoyachilar ham, A.Ibragimovdan sudda bunday odilona va aniq, qolaversa, o‘z rahbarining ko‘rsatuvlarini butkul inkor qiladigan javoblar berishni kutmagan edik.
Mana, endi shunday vaziyatda sud qaysi mutaxassisning ko‘rsatuvlarini inobatga olishi kerak? Faoliyati davomida yuzga yaqin inspeksiyaga chiqqan Ibragimovningmi yoki bor-yo‘g‘i bir marta xorijiy inspeksiyada qatnashgan Dusmatovningmi?” dedi advokat Latipov.
Sudlanuvchi Kariyevning yana bir himoyachisi Abror Nabiyev so‘zga chiqib, sudlanuvchiga qo‘yilgan ayblovlar tahliliga kirishdi.
“Bir necha oy davomida olib borgan sud tergovi natijasida S.Kariyevning harakatlarida, tergov xulosa qilgan ayblovni isbotlovchi birorta ham obektiv voqelik aniqlanmadi. Hattoki, tergov versiyasi bo‘yicha ketgan taqdirimizda ham Kariyev aloqador qilib ko‘rsatilayotgan u yoki bu vaziyatlarda shaxslarning harakatlari bilan yuz bergan oqibat o‘rtasida sababiy bog‘lanish yo‘qligi ko‘rinib turibdi.
Masalan, sud tergovi davomida aniqlanishicha, dori vositalarining sifatini nazorat qilish avvalambor davlat farmakopeyasi va xalqaro tan olingan farmakopeyalar asosida shakllantirilgan normativ hujjat bo‘yicha qilinadi. Ushbu normativ hujjatda qayd etilishi shart bo‘lgan sinov ko‘rsatkichlari Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 27 oktyabrdagi 365-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Dori vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament” talablari asosida shakllanadi. Ushbu reglamentda esa sirop shaklidagi dori vositasi tarkibidagi yordamchi moddalarga nisbatan hech qanday sinov ko‘rsatkichlar talab qilinishi belgilanmagan. Bunday amaliyot xalqaro tajribada, rivojlangan davlatlarda ham o‘z aksini topgan.
Aslida, “Dok-1 Maks” va “Ambronol” (sirop) dori vositalari nojo‘ya ta’siri tufayli bolalar o‘limi yuz berayotgani sababli, 2022 yil dekabr oyi oxirlarida dorixonalardan namunalar olinib, markazda laboratoriya tekshiruvlari belgilangan tartib va usullarda o‘tkazilganida, dori vositasi tarkibida dastlab etilenglikol va dietilenglikol moddalari topilmagani, qachonki yangi, ilgari qo‘llanmagan usullar tatbiq qilinib, tekshiruv doirasi kengaytirilgan holda dori vositasi ichidagi yordamchi moddalar tekshirib ko‘rilganidan so‘nggina zararli deb ta’kidlanayotgan etilenglikol va dietilenglikol moddalari topilgani barcha uchun ushbu jinoyat ishi bo‘yicha asosiy baho beruvchi faktor sifatida doimiy ravishda e’tiborda turishi kerak.
Shu bilan birga, sud Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi dispozitsiyasida ko‘rsatilgan jinoyatning yuridik tavsifini umuman keltirmasdan, ya’ni bila turib sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini ishlab chiqargan, tayyorlagan, olgan, saqlagan, tashigan yoki o‘tkazganini ko‘rsatuvchi birorta ham iboralarni keltirmasdan, lekin ayblov qarorining yakuniy qismida S.Kariyevni Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 4-qismi “a, b” bandlarida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilgan deb xulosa chiqarib qo‘yavergan”, dedi advokat Nabiyev.
Muzokara bosqichida davlat ayblovchisi birinchi instansiya sudi tomonidan chiqarilgan hukmning o‘z kuchida qoldirilishini so‘radi.
Sudlanuvchi Kariyev muzokara nutqida hech kimga noqonuniy topshiriq bermaganini aytib, sud maslahatga kirib ketganda jinoyat ishiga chuqurroq kirib, barcha ko‘rsatmalarga baho berishini so‘radi.
Sudlanuvchi Azimov o‘tgan bir yarim yil davomida o‘ziga tegishli xulosani olgani, 3 nafar voyaga yetmagan farzandi borligi hisobga olinib, suddan yengillik berishni so‘radi.
Sudlanuvchilar Musayev va Shodmonov ham suddan yengillik berishni, hindistonlik sudlanuvchi to‘g‘ri hukm chiqarishni, Abdug‘aniyev ishning unga oid qismini bekor qilib hukm chiqarishni, sudlanuvchi Mirzayoqubov esa suddan o‘ziga nisbatan oqlov hukmi chiqarishni so‘radi.
Sud 3 iyulga qadar tanaffus e’lon qildi. Keyingi sud majlisida sudlanuvchilarga so‘nggi so‘z beriladi.