14 iyun kuni “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha davom etgan apellyatsiya sudida Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva shaxsan ishtirok etib, jabrlanuvchilarga tovon puli to‘lab berish fikridan qaytmaganini, dastlabki to‘lovda ularning har biri 100 mln so‘mdan olishini bildirdi. Shuningdek, u “Dok-1 Maks” ishidagi asosiy aybdor Dubayda dam olib yurganini ta’kidladi.
Bugun “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha apellyatsiya sudi davom etdi. Unda Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva qatnashdi.
Munira Kariyeva suddan yana bir bor o‘g‘li Sardor Kariyevga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlansa, jabrlanuvchilarga tovon pulini to‘lab berishini ma’lum qildi.
“Biz ham qiynaldik, bolalarim ham qiynaldi, hamma qiynaldi. Lekin nazarimda hozirda ish to‘g‘ri tarafga yurishni boshladi. Men kuzatib turib, ona sifatida jabrlanuvchilarning ota-onalariga nima qilsam yordam bo‘ladi deb o‘yladim.
Bu jarayon hali davom etadi, bilaman. Xalqaro miqyosiga chiqdik, bunga yillab vaqt kerak bo‘ladi. Shuning uchun imkoniyatdan kelib chiqib, jabrlanuvchilarga tovon pulini qoplab beramiz. Bu so‘zimda turaman. Faqat bir iltimosim shu bo‘ladiki, o‘g‘limga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi uy qamog‘iga almashtirilib berilsa, qaror chiqqan kundan to‘lovni boshlayman.
Sud jarayonlarida hammasi ma’lum bo‘ldi, bu yerda o‘tirganlar aybdor emas. Bu ishning asosiy aybdori 1,5 yildan beri Dubayda dam olib yuribdi. Buni hammamiz bildik”, deya ta’kidladi Munira Kariyeva.
Shuningdek u dastlabki to‘lovda jabrlangan ota-onalarning har biri 100 mln so‘mdan olishini bildirdi. Qolgan summa esa grafik asosida 3 yil davomida to‘lab beriladi.
Sudda ko‘rsatma bergan jabrlanuvchilar ham Munira Kariyevaning taklifini qo‘llab-quvvatlab, Kariyevni qamoqda ushlab o‘tirishdan ma’no yo‘qligini, suddan tezroq iltimosnomani qanoatlantirib, yetkazilgan zarar to‘lovi boshlanishiga doir qaror chiqarishni so‘radi.
Avvalgi sud majlisida advokatlar Munira Kariyevaning iltimosnomasi talablariga aniqlik kiritgandi. Unga ko‘ra dastlabki to‘lov sifatida 7,5 mlrd so‘m to‘lov birdaniga amalga oshiriladi. So‘ng 36 oy davomida dastlabki oylarda 1,8 mlrd so‘mdan, oxirgi oylarda esa 3 mlrd 780 mln so‘mdan to‘lash rejalashtirilgan. Shunda har bir jabrlanuvchiga birinchi oyda 100 mln so‘mdan, 2-35 oylar bo‘yicha har oyda 25 mln so‘mdan hamda oxirgi oyda 50 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi. Faqat bu uchun Kariyeva o‘g‘liga tayinlangan 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘zgartirilib, unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishi lozimligini iltimos qilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Dok-1 Maks” yo‘tal siropi Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Hindiston Korporativ ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar o‘limi sodir bo‘lgan paytda Marion Biotech'ning asosiy ulushdorlari Sachin Jain va uning xotini Jaya Jain bo‘lgan. Ushbu ikki shaxs O‘zbekiston tomonidan Interpol qidiruviga berilgan bo‘lsa-da, BAA poytaxti Abu-Dabida qo‘lga olinib, ko‘p o‘tmay qo‘yib yuborilgan.
Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasining ma’lum qilishicha, iyul oyining oxirgi haftasida Hindistondan katta delegatsiya keladi va “Dok-1 Maks»” ishi bo‘yicha hamma savollarga javob beradi.