«O‘zbekistonda Telegram’ni sevishadi». Durov O‘zbekistonga tashrifi haqida fotopost joyladi

Jamiyat 13:56 / 30.06.2024 17551

Telegram asoschisi Pavel Durov O‘zbekistonga bir necha kunlik tashrifi bo‘yicha taassurotlarini o‘rtoqlashdi. U mamlakat o‘ziga juda yoqqanini bildirgan va safar davomida olgan fotosuratlarini bo‘lishgan.

«O‘zbekistonda Telegram’ni yaxshi ko‘rishadi: mamlakatning 37 millionlik aholisidan 70 foizdan ortig‘i Telegram’dan foydalanadi va ularning butun iqtisodiyoti bizning platformamiz bilan bog‘liq (mamlakatdagi har bir biznes tarmog‘ida Telegram-bot yoki kanal mavjud). Biz bu mashhurlikdan faxrlanamiz va bunga javoban O‘zbekistonga sevgimizni izhor qilamiz», — degan Durov.

U tez rivojlanayotgan Toshkentning zamonaviy infratuzilmasi, O‘zbekiston sharqidagi tog‘li landshaftlar hamda Buxoro va Samarqandning boy tarixi o‘zini hayratga solganini bildirgan.

«Men juda ko‘p yosh va iqtidorli, qalbi qaynoq insonlarni uchratdim. Men iliq qabuldan mamnunman va umid qilamanki, yil oxirida quyoshli Toshkentga yana kelaman», — deya yozgan u.

Biroz oldinroq Markaziy Osiyo MMA konfederatsiyasi prezidenti Otabek Umarov Toshkentda Pavel Durov bilan uchrashgani haqida xabar bergandi.

«Joriy haftada Telegram jamoasi loyiha asoschisi Pavel Durov va uning akasi Nikolay boshchiligida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mamlakatimizda ushbu xizmatga alohida iliq munosabat bildiriladi, chunki Telegram biz uchun shunchaki birinchi raqamli messenjerdan kattaroq narsadir. Biz uning yordamida yaqinlarimiz bilan doim aloqada bo‘lish bilan birga, yangiliklardan xabardor bo‘lamiz, ishlarni yuritamiz, kerakli tovar va xizmatlarni topamiz. Telegram har qanday masalada mobil internetning deyarli har bir foydalanuvchisiga yordam beradi.

Biz uchun Pavel va uning yaqinlarini mehmondo‘st O‘zbekiston zaminida qabul qilish haqiqiy sharafga aylandi. Ularning barchasi yuksak darajadagi o‘z ishining ustalari bo‘libgina qolmay, balki dunyoga qalbi ochiq bo‘lgan ajoyib insonlar ekanligiga shaxsan ishonch hosil qilish benihoya yoqimli hissiyotdir. Umid qilamizki, Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlari qoldirgan taassurotlar hamda Telegram foydalanuvchilari bilan muloqot ularga yangi texnologik yechimlarni yaratishga ilhom beradi. Bunga juda oz fursat qolganiga ishonaman», — deya yozgan Otabek Umarov.

Foto: Telegram / Otabek Umarov

Pavel Durov O‘zbekistonga kelishidan oldin Qirg‘izistonda ham bo‘lgandi.

U Markaziy Osiyo mamlakatlari kelmoqchiligi haqida 10 iyun kuni xabar bergandi. «Men Markaziy Osiyoga tashrif buyurib, u yerda hayot qanday ekani, odamlar Telegram’dan qanday foydalanishini va ularning raqamli ehtiyojlarini o‘rganishga qaror qildim», — deya yozgandi u.

Ko‘proq yangiliklar: