25 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 21:23 / 25.12.2024 1953

Maoshi oshirilayotgan hokimlik va tibbiyot xodimlari, chiqindi xizmatlari uchun yangi tartib va o‘zbek armiyasining dron mashqlari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Hokimlik xodimlari ish haqi oshiriladi

O‘zbekistonda hokimliklar xodimlarining ish haqini oshirish rejalashtirilmoqda. Ikki oy muddatda xodimlarning mehnat haqi va moddiy rag‘batlantirish miqdorini oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.

Bundan tashqari, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida hokimning yangi birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Xitoy bilan hamkorlik, raqamlashtirish va qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha maslahatchilar lavozimlari hamda protokol bo‘limi tashkil qilinmoqda.

Mahalliy hokimliklar faoliyati samaradorlik.uz platformasida baholanadi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘nalishidagi 10 ta asosiy ko‘rsatkich bo‘yicha baholash amaliyoti joriy etiladi.

Tibbiyot xodimlarining maoshi oshiriladi

2025 yilda tibbiyot sohasiga 41 trln so‘m ajratilib, shifoxonalar tashkil etish va tibbiy xizmat qamrovini kengaytirishga yo‘naltiriladi.

Prezident Mirziyoyev huzurida o‘tgan yig‘ilishda tibbiy yordam sifati va hududlardagi muassasalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tibbiyot xodimlarining oyliklari oshirilib, oilaviy shifokorlarga samaradorlikka asoslangan ustama tizimi joriy etiladi.

Qoraqalpog‘iston va boshqa hududlarda davlat tibbiy sug‘urtasi amaliyoti joriy etiladi. 35 yo‘nalishda 400 ta klinik protokollar ishlab chiqilib, xalqaro akkreditatsiya uchun 7 ta ixtisoslashgan markaz tayyorlanadi. Tibbiy o‘quv yurtlarida ta’lim sifati oshirilib, kadrlar tayyorlashga e’tibor kuchaytiriladi.

2025 yilda 100 ta yangi maktab quriladi

2025 yilda O‘zbekistonda 100 dan ortiq maktab va 162 ta maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etiladi. Bu orqali 257 ming o‘quvchi o‘rni yaratilishi va maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizgacha oshirilishi kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev asosiy e’tiborni ta’lim tizimi sifatini oshirishga, ayniqsa, chekka hududlarga qaratishni topshirdi.

Maktablarda ikkinchi xorijiy til va kasb-hunar o‘qitish kengaytiriladi, harbiy vatanparvarlik darslari soni ko‘paytiriladi. Shuningdek, «Jasorat maktabi» loyihasi doirasida 208 ta maktab tashkil etiladi.

O‘qituvchilar malakasini oshirishga innovatsion yondashuv joriy qilinadi: ularga raqamli baholash tizimi asosida 70 foizgacha ustama to‘lanadi. Maktab va bog‘chalar rahbarlari moddiy rag‘batlantiriladi. Maktabgacha ta’lim muassasalari uchun yangi lavozim va malaka oshirish shakllari joriy etiladi.

Chiqindi xizmatlari uchun yangi tartib

Qonunchilik palatasi chiqindilarni to‘plash va olib chiqish sohasida yangi to‘lov mexanizmlarini joriy qilishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini qabul qildi.

Unga ko‘ra, iste’molchilarga chiqindi xizmati uchun qarzdorlikni to‘lash uchun SMS xabar orqali besh kunlik muddat beriladi. Agar qarzdorlik bartaraf etilmasa, elektr energiyasi to‘lovlarini qabul qilish vaqtinchalik to‘xtatilishi mumkin.

Qonun loyihasida tashkilotlar tomonidan to‘lovlarning haqqoniy hisoblanishiga javobgarlik belgilangan. Shuningdek, bu talab buzilgan taqdirda iste’molchining zarari qoplanishi kafolatlanadi.

Qonun chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmatlarini takomillashtirish va sifatni oshirishga qaratilgan.

Yangi yilda o‘zbekistonliklar necha kun dam oladi?

2025 yilda O‘zbekistonda Yangi yil bayrami munosabati bilan 6 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar ketma-ket 5 kun — 29 dekabrdan – 2 yanvargacha dam olishadi. 5 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar esa 6 kun — 28 dekabrdan – 2 yanvargacha dam oladi.

Prezident qaroriga asosan, 2 yanvar kuni 6 kunlik ish haftasi uchun qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilandi, 5 kunlik ish haftasi uchun esa dam olish kuni 4 yanvar kunidan 2 yanvarga ko‘chirildi. Shu tariqa, barchaga uzluksiz dam olish kunlari tashkil etildi.

Demak:

28 dekabr — 6 kunlik ish haftasi uchun ish kuni, 5 kunliklar uchun dam olish kuni;

29 dekabr — barcha uchun dam olish kuni;

30 dekabr — qo‘shimcha dam olish kuni;

31 dekabr — qo‘shimcha dam olish kuni;

1 yanvar — Yangi yil bayrami;

2 yanvar — barcha uchun dam olish kuni.

O‘zbekiston armiyasi dronlar bilan mashqlar o‘tkazmoqda

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi armiyasi 2024 yilda jangovar shaylik tadbirlarini 1,5 barobarga oshirdi. Oliy Majlis Senatida o‘tkazilgan muhokamada vazir Shuhrat Xolmuhamedov armiyaning jangovar tayyorgarligi zamonaviy qurolli to‘qnashuvlar tahlili va xorijiy tajriba asosida tashkil etilganini ta’kidladi.

Armiya AQSh, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston armiyalari bilan hamkorlikda mashqlar o‘tkazib, uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish va ularga qarshi kurashish bo‘yicha yangi taktik harakatlarni o‘zlashtirdi.

2024 yilda jangovar mutaxassislik bo‘yicha Ozarboyjon, Qozog‘iston va Turkmaniston harbiylari ham o‘qitildi.

Nosvoylardagi zaharli moddalar

Yaponiyaning Kioto universitetida o‘zbek nosvoylari ustida o‘tkazilgan tadqiqotlarda 10 xil zaharli organik moddalar aniqlandi. Tadqiqot o‘tkazgan olim Jasur Jo‘rayevning ma’lumotiga ko‘ra, mazkur moddalar inson salomatligi va atrof-muhit uchun juda xavflidir.

Turg‘un organik moddalar, jumladan pestitsidlar, o‘simlik zararkunandalariga qarshi qo‘llansa-da, nosvoyda ularning mavjudligi og‘iz saratoni, yurak-qon tomir kasalliklari, bepushtlik va immunitet tizimi buzilishlarini keltirishi mumkin. Jo‘rayev, shuningdek, nos iste’moli sigaretga nisbatan zararsiz, degan tushuncha noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi.

Tadqiqotda turli hududlardan olingan nosvoylarda sigaretlarga nisbatan ko‘proq zaharli moddalar topildi.  

Ko‘proq yangiliklar: