“Ismlarimiz rus tiliga moslashtirilgani bizni noqulay ahvolga soladi” – Kanadadagi o‘zbek

Jamiyat 10:39 / 30.06.2024 20560

Uzoq yillardan buyon Kanadada istiqomat qilaman. Shu vaqt davomida 30ga yaqin davlatlarda bo‘ldim. Qayerga borsam, O‘zbekiston davlati, o‘zbek millati borligi va ular mehnatsevarligi bilan azal-azaldan qo‘shni xalqlarning hurmatiga sazovor bo‘lib kelayotganini targ‘ib qilaman.

Britaniya Kolumbiyasida yurtdoshlarimiz hujjatlarini litsenziya asosida yozma tarjima qilaman va shu jarayonda meni bir jihat juda xafa qiladi. O‘zbek tilidagi hujjatlarni ingliz tiliga tarjima qilishda lotin alifbosida ismlar qo‘pol va ba’zan hujjat egasining ismini ingliz tilida aytishga istihola qilinadigan holatlarga duch kelaman. Fikrimning isboti sifatida eng yumshoq, ammo rus tilidan transliteratsiya qilingani sabab, ism ma’nosining buzilishiga olib kelgan bir nechta misol keltiraman.

Masalan, Vohid – yakka, yolg‘iz, yakka-yu yagona, odob-axloqda barchaga namuna ma’nosidagi ism. U pasportda Vakhid deb yozilishi bu ismning transliteratsiyasi rus tilidan qilinganining isbotidir. Chunki rus tilida o‘zbek tilidagi o‘, q, g‘, h harflari va tovushlarining ekvivalenti yo‘q. Shu sabab o‘zbek tilidagi yumshoq h harfi yoki tovushi rus tilida qattiq x harfiga almashib, lotin alifbosiga o‘girilganda kh ga aylanadi. Ingliz tilida esa Vakit kabi talaffuz etiladi. Xuddi shu ism o‘zbek tilidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ingliz tiliga transliteratsiya qilinsa, Wohid bo‘ladi va uning talaffuzi deyarli o‘zbek tilidagidek chiqadi.

Xuddi shunday ismlardan biri mening ismim Mahbuba. Mahbuba – arab tilidan olingan bo‘lib, suyukli, aziz do‘st, dilbar qiz ma’nolariga ega. Lekin rus tiliga Maxbuba shaklida o‘tgani uchun uni pasportimda Makhbuba deb yozishgan. Ingliz tilida so‘zlashuvchilar esa uni Makapuba, Mahabubba, Mak yoki Buba kabi har xil talaffuz qilishadi va bu meni noqulay vaziyatga soladi. Aslida, bu ismning to‘g‘ri va aniq o‘zbek tilidan ingliz tiliga transliteratsiyasi Mahbooba bo‘ladi. 

O‘zbek tili turkiy tillar oilasiga, ingliz tili esa german tillar (Indo-Yevropa tillar guruhi) oilasiga mansub bo‘lib, har ikkala tilda ham uch-to‘rtta ohang (ton) oralig‘ida so‘zlashiladi. Bu ikki til uch-to‘rtta ohang, tovush oralig‘ida so‘zlashish imkoni bilan bir-biriga yaqindir. Ya’ni ismlar transliteratsiyasida, lotin alifbosiga o‘girishda aniq moslashishtirishning imkoni bor. Ammo hozirgacha O‘zbekiston pasportlarida ismlar rus tili orqali transliteratsiya qilinadi. Bu nafaqat o‘zbek ismlarining qo‘pol o‘girilishiga, balki ularning ma’nosi buzilishiga ham sabab bo‘ladi va afsuski, ayrim hollarda ingliz tilida haqorat so‘zlariga aylanib qoladi.

Vankuver orolidagi davlat universitetlarining birida akademik va immigratsiya masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘lib xizmat qilayotganimga o‘n yildan oshdi. Buzilgan ismlar transliteratsiyasini faqat sobiq ittifoqning ayrim davlatlaridan keluvchi talaba va xodimlar pasportlarida ko‘rganman.

O‘z tiliga ega mustaqil davlat fuqarolarining ismi o‘z chiroyini pasportlarida namoyon etishi muhim. Vorvik universitetining qonunshunoslik professori Jyeyn Brayn o‘z ismining qayta-qayta noto‘g‘ri talaffuz etilishi insonda begonalik, boshqalarga nisbatan kamroq qadrlangandek bo‘lish hissiyotiga olib kelishini isbotlagan. Hozir xorijga ketayotgan o‘zbeklar soni oshib boryapti. Shundoq ham yurtidan uzoqda bo‘lgan odamlarning ismi ham xato yangrasa, bu ularni O‘zbekistondan yana ham uzoqroq his qilishlariga sabab bo‘lishi mumkin.

Mahbuba Ergasheva,
Vankuver oroli davlat universiteti akademik va immigratsiya masalalari maslahatchisi

Ko‘proq yangiliklar: