The Telegraph: Suriya sobiq prezidentining rafiqasi Asma Asad leykoz tufayli boshqalardan izolyatsiya qilindi

Jahon 21:10 / 25.12.2024 3514

Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadning rafiqasini leykozdan davolash bilan shug‘ullanayotgan shifokorlar uni boshqa odamlardan izolyatsiya qilib qo‘ydi. Tibbiyot xodimlari Asma Asadning omon qolish imkoniyatini «50/50» deya baholamoqda, deb xabar beradi The Telegraph.

«Asma o‘lmoqda. U [o‘zining ahvoli tufayli] hech kim bilan bitta xonada bo‘la olmaydi», — deydi nashrning oxirgi haftalarda Asad oilasi vakillari bilan muloqot qilgan manbalaridan biri. Yana bir manbaning ta’kidlashicha, «so‘nggi haftalarda Asma Asadning ahvoli 50/50 bo‘lgan».

The Telegraph ma’lumotlarida keltirilishicha, Bashar Asadning rafiqasi infeksion kasalliklarni yuqtirib olmasligi uchun boshqa odamlardan izolyatsiya qilingan. Moskvada Asmaga ma’lum muddat otasi Favaz al-Ahras qarab turgan.

Taxminlarda ko‘ra, Rossiya va Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega 49 yoshli Asma Asad Moskvaga Suriyada turmush o‘rtog‘ining rejimi ag‘darilishi va Bashar Asad Rossiyadan boshpana olishidan oldinroq davolanish uchun kelgan.

Asad kanselyariyasi 2024 yil mayda Suriyaning o‘sha vaqtdagi birinchi xonimiga o‘tkir miyeloid leykoz — suyak iligiga zarar yetkazadigan agressiv onkologik kasallik tashxisi qo‘yilganini ma’lum qilgandi. Avvalroq Asma Asad ko‘krak saratonidan davolangan, ammo 2019 yil avgustda butunlay sog‘ayib ketganini e’lon qilgan.

Asma Asad Londonda tug‘ilgan. Buyuk Britaniyada u Amerikaning JP Morgan bankida investitsion bankir bo‘lib ishlagan. U 2000 yilda Bashar Asadga turmushga chiqqan. Asma Asadda Suriya fuqaroligidan tashqari, Britaniya pasporti ham bor.

Financial Times’ning yozishicha, Asma Asad vositachilar orqali Suriyada telekommunikatsiya, ko‘chmas mulk, banklar, savdo kabi iqtisodiyotdagi butun boshli sektorlarni nazorat qilgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti Bashar Asad, uning ukasi Mohir va Asma o‘rtasida bo‘lib olingan.

Turkiyaning Haberturk nashri 23 dekabr kuni Asma Asad ajrashish uchun ariza berganini yozdi. Jurnalistlarning ma’lumotlariga ko‘ra, unga Moskvadagi yashash tarzi yoqmayapti va u Londonga ketmoqchi, shu bois Rossiyadan chiqish uchun «maxsus ruxsat» so‘ragan, chunki Asadning o‘ziga mamlakatni tark etish taqiqlangan. Kreml esa ushbu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: