Filippinning Agusan botqoqliklarida joylashgan Manobo mahalliy jamoasi suv toshqinlari, suv sathining ko‘tarilishi va tayfunlarga bardosh bera oladigan suzuvchi uylarda yashaydi. Ularning uylari bundan 60 yilcha oldin qurilgan. Hozir Manobo qabilasi deyarli har kuni iqlim o‘zgarishi oqibati bilan kurashishiga to‘g‘ri kelyapti. Hududda suv sathi 10 metrgacha o‘zgarishi mumkin. Jarayon tartibsiz bo‘lgani uchun ham uni oldindan aytishning iloji yo‘q. Bu yerda iyun oyida suv toshqini mavsumi boshlangan. Hududda butun yil davomida bo‘ronlar va tayfunlarning soni keskin oshgan. Ammo Manobo qabilasi hayotini toshqinlarda yashashga moslashtirib olgan. Ular bo‘ronlar vaqtida uylarni bir-biriga arqonlar yordamida bog‘laydi. Arqon uy atrofi va ostidagi daraxt xodalariga mahkamlanadi.
Aholining aytishicha, uylar doimiy suv toshqinlari paytida suvga to‘lgan. Vaqt o‘tib, ularning ajdodlari tabiiy bambuklardan suzib yuradigan uylar yasagan. Uylar toshqinlar vaqtida harakatlanib, o‘zini asrab qoladi. “Bu tajribani o‘rganish qiyin bo‘lsa ham uni bilib olishga majburmiz. Biz uchun toshqinlar hech qachon muammo bo‘lmagan. Har qanday yuqori toshqinda ham uylarimiz biz uchun qulay”, – deydi mahalliy aholi vakili.
Manobo jamiyati yetakchilaridan biri keksa Marites Babanto suv-botqoqlar hajmi oldingidek emasligi, ular qisqarganini aytadi. “Bolaligimda Agusan botqog‘ida juda ko‘p suv bo‘lganini eslayman. Oila qurganimdan beri iqlim o‘zgarishi tufayli juda ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Botqoq qurib, bo‘ronlar kuchayib, atrof-muhitimizni o‘zgartirdi”, – deydi u.
Agusan Marsh qo‘riqlanadigan hudud boshlig‘i Sherrilin Vaskesning so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishining nazorat qilish juda qiyin bo‘lgan jihati botqoq o‘tlarining tez o‘sib ketishidir. “Bu ta’sir jamiyatga og‘ir bo‘ldi. Chunki suvli kunlar kamaygan. Ba’zida u yerga qayiqda borish qiyin bo‘lardi va jamoalarning o‘zlari, ayniqsa mahalliy aholi qiynalmoqda. Bu ularning kundalik baliq oviga ta’sir qiladi. Toshqinlar vaqtida suv toza bo‘ladi, biz baliqlarni g‘amlab olamiz”, – deydi u.
Qabila boshlig‘i Datu Reyesh suv gullarining ko‘payib ketishi ularning kundalik hayotiga qanday jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini shunday tushuntiradi. “Baliq ovlash to‘rlarimizni ishdan chiqishiga sabab bo‘ladi. Ularni olib tashlash uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilyapmiz”, – deydi u.
Suv gullari global ekologik muammo bo‘lib, suv yo‘llari va daryolarni to‘sib qo‘yadi. Bu esa keng ko‘lamli suv toshqini keltirib chiqaradi. Ularni yo‘q qilish esa qiyin.
Manobo qabilasi atrof-muhitning tez o‘zgarishiga qaramay, suvda o‘z hayot tarzini saqlab qolishga harakat qilmoqda. Ular o‘zlarini botqoqning qo‘riqchilari deb hisoblaydilar va kelajak avlodlar uchun mahalliy muhitni asrab qolishga harakat qilishadi. Ammo ularning vazifasi tobora qiyinlashib bormoqda. “Biz iqlim o‘zgarishi haqiqatini boshdan kechirmoqdamiz. Yer suvga, suv esa yerga aylanib boryapti. Hozir botqoqliklar qurib, o‘rni yerga aylanib boryapti”, – deydi Reyes.
Manobo qabilasining hayot tarzi iqlim tahdidlariga qanday moslashishga yaxshi misol bo‘la oladi.