Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida, 29 iyun kuni moliyaviy, yuridik, konsalting, IT va aloqa sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda so‘zga chiqqan soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov soliq maslahatchilariga qonun bilan berilgan vakolatlar protsessual kodekslarga kiritilmagani bois amaliyotda ishlamayotgani haqida gapirdi.
“Soliq maslahati to‘g‘risida”gi qonunda soliq maslahatchisiga vakolatlar berilgan. Soliq maslahatchisi soliq organlari, prokuratura va hatto tergov yoki sud organlarida ham soliq to‘lovchining vakili sifatida ishtirok etishiga ruxsat berilgan. 2006 yil chiqqan bu qonun, lekin shu kungacha hech qaysi protsessual kodeksga o‘zgartirish kiritilmayapti. Jinoiy kodeksda ham, ma’muriy kodeksda ham, iqtisodiy protsessual kodeksda ham, hech birida soliq maslahatchisi vakil sifatida ishtirok etishi belgilanmagan va sudlar maksimal soliq maslahatchisini qatnashtirmaslik pozitsiyasida turadi.
Bu yomon holat, birinchidan, konsalting sferasida soliq maslahatchisiga to‘siq bo‘ladigan bo‘lsa, ikkinchidan, soliq to‘lovchining ham o‘z huquqini himoya qilish imkoniyatini cheklaydi. Qonun qabul qilinganiga 18 yil bo‘lgan, lekin boshqa kodekslarga ham o‘zgartirish kiritish kerak. Tergov jarayonida ham deyilgan, deylik soliq to‘lovchi chaqirilib, tergov qilinadi. Soliq to‘lovchi soliq mutaxassisi emas, tergovchi yoki soliq inspektori qo‘ygan savolga mutaxassis darajasida javob bera olmaydi”, – dedi Muhammadjonov.
U ishlamayotgan normalardan biri sifatida munozarali vaziyatlarda audio va videoyozuvlarini yozib olish mumkinligi haqidagi normani keltirib o‘tdi.
“Protsessual kodekslarda audioga yozish huquqi, videoga olish bu sudyaning ruxsati bilan deyilgan. “Soliq maslahati to‘g‘risida”gi qonunda esa bu soliq maslahatchisining huquqi deb belgilangan, soliq maslahati tashkiloti audio, videoga yozib olishi mumkin deyilgan. Bu huquq ham hech qaysi protsessual kodekslarga kiritilmayapti. Bu huquq cheklanyapti va natijada sud protokollarida ko‘plab gapirilgan gaplar qolib ketyapti hamda shikoyat qiladigan bo‘lsak, bu gap gapirilmadi degan holatga olib kelyapti”, – dedi Murod Muhammadjonov.
Ma’lumot uchun, “Soliq maslahati to‘g‘risida”gi qonun 2006 yilda qabul qilingan, 2022 yilda hujjat o‘z kuchini yo‘qotib, uning o‘rniga “Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgan.
Murod Muhammadjonov 29 iyun kungi yig‘ilishda soliq organlari ishtirokidagi barcha ishlar ma’muriy sudlarga o‘tkazilishiga oid tartib buzilayotganiga ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, bu tadbirkorning ziyoniga qarorlar chiqarilishiga olib kelyapti.
“O‘tgan yili prezident ham aytgan edi, 292-sonli qarorda ham bor: soliq organlari ishtirokidagi barcha sudlar ma’muriy sudlarga o‘tkazilsin degan vazifa bor edi. Hozir ma’muriy sudlarda bekor qilingan qarorlar to‘g‘ridan to‘g‘ri iqtisodiy sudda ko‘rilib, qaror bekor qilingan holatda soliq majburiyati yuklatilgan holatlar bo‘lyapti. Vaholanki, prezidentning qarori bor, soliq organlari ishtirokidagi sudlar deyilgan: bu inkassa, soliq undirish, yoki xatti-harakatiga oid qaror bilan bog‘liqmi – farqi yo‘q – barchasi ma’muriy sudda ko‘rilishi kerak. Ko‘p hollarda iqtisodiy sudlarga o‘tkazilyapti va tadbirkor uchun adolatsiz qarorlar chiqarilyapti”, – dedi u.
Murod Muhammadjonov, shuningdek, konsalting va servis korxonalari uchun soliq yuki og‘irligi haqida ham so‘z yuritdi.
“Taklifim barcha konsalting va servis korxonalariga soliq yuki jihatidan taalluqli. O‘tgan safar umumiy ovqatlanish korxonalari haqida gapirganimizda ularda QQS zacheti yo‘qligi sababli QQSini kamaytirib, boshqa majburiyatlarini oshirish masalasi ko‘rsatilgandi. Aynan xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun ham solishtirsak, soliq yukining taqsimlanishida farq bor. Misol uchun, o‘zimda ham konsalting firmasi bor, boshqa servis sohalarida ham QQS 12 foiz bo‘lishi aylanmadan soliqqa aylanib qoladi. Undan keyin 15 foiz foyda solig‘i bor, ijtimoiy soliq bilan daromad solig‘ini qo‘shadigan bo‘lsak, soliq yuki 50 foizdan oshib ketib qoladi.
Ijtimoiy soliq bilan daromad solig‘ining hammaga tengligini inobatga olsak, QQS yoki foyda solig‘ini diffirensiallash kerak. Chunki soliq yuki servislarning rivojlanishi uchun katta to‘sqinlik qiladi”, – dedi soliq maslahatchisi.