"Dunyo" xabariga ko‘ra, tantanali marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Kanada general-gubernatori O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash borasida erishilayotgan yutuqlardan yaxshi xabardor ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Kanada iqtisodiyoti o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta salohiyatga ega ekani bildirildi. Shu nuqtayi nazardan, doimiy ravishda o‘zaro iqtisodiy tashriflar va savdo missiyalari almashinuvini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Furqat Siddiqov 2023 yilning may oyida O‘zbekistonning AQShdagi elchisi sifatida prezident Jo Baydenga ishonch yorliqlarini topshirgan edi. Shuningdek, u oktyabr oyida O‘zbekistonning Braziliyadagi elchisi (qarorgohi Vashingtonda) etib tayinlangani to‘g‘risidagi ishonch yorlig‘i nusxasini topshirgan. Shu tariqa, O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Braziliya va Kanadada ham mamlakat rasmiy vakili hisoblanadi.
Avval O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Furqat Siddiqov 53 yoshda. U 1993 yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida "O‘zDeuElektroniks" QK, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida ishlagan. 2002 yildan beri TIV tizimida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida, Pokistondagi elchi, vazirning o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Furqat Siddiqov 2017-2023 yillarda O‘zbekistonning AQSh, shuningdek, o‘rindoshlik asosida Kanada va Braziliyadagi elchisi bo‘lib ishlagan Javlon Vahobov o‘rniga tayinlangan.