O‘zbek diplomatlari Xitoy rasmiylari bilan vizasiz rejim masalasida muzokara o‘tkazdi

O‘zbekiston 09:28 / 26.11.2024 6438

O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Xitoy TIV Konsullik departamentining Viza siyosati va ishlari boshqarmasi direktori Son Shiyu bilan konsullik-huquqiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikka oid masalalarni muhokama qildi.

Muzokaralar chog‘ida Xitoyning viza siyosati, ikki mamlakat fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda O‘zbekiston–Xitoy o‘rtasidagi sohaga oid me’yoriy-huquqiy bazani kengaytirish xususida fikr almashildi.

“O‘zbekiston tomoni uchun kelgusida ham konsullik-huquqiy sohadagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri xorijiy davlatlar bilan viza tartibini yanada erkinlashtirish, xususan, viza talablaridan o‘zaro ozod etish to‘g‘risida kelishuvlarga erishish hisoblanishi aytib o‘tildi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

O‘z navbatida, boshqarma direktori Son Shiyu O‘zbekistondagi siyosiy, iqtisodiy ijobiy o‘zgarishlar, ayniqsa, so‘ngi yillarda dunyo mamlakatlari bilan vizalarni liberallashtirish borasida olib borilgan samarali natijalarni yuqori baholab, Xitoy tomoni ham ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi.

Sohaga oid oldinda turgan masalalarni birgalikda hal etishga kelishib olindi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan hafta Xitoy 9 ta davlat, xususan Yaponiya, Estoniya va Latviya fuqarolarining mamlakatga vizasiz kirishiga ruxsat bergan.

O‘zbekiston 2020 yil 1 yanvardan boshlab Xitoy fuqarolari uchun vizasiz rejim o‘rnatgan. Avvaliga 7 kun bo‘lgan muddat, 2021 yil 1 martdan e’tiboran 10 kungacha uzaytirilgan.

Xitoy tomoni ham o‘zbekistonliklar uchun vizasiz rejim o‘rnatishni rejalashtirayotgani haqida 2023 yil may oyida ikki davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotida aytilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: