Bayden va Makron Livanda sulh e’lon qilishga tayyorlanmoqda
Reuters'ning Livandagi manbalariga ko‘ra, AQSh va Fransiya prezidentlari Isroil «Hizbulloh»ga qarshi operatsiya o‘tkazayotgan Livanda 36 soat ichida o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilishni rejalashtirgan.

Foto: Mohammed Yassin/REUTERS
AQSh va Fransiya prezidentlari Jo Bayden va Emmanuel Makron Isroil armiyasi va «Hizbulloh» tashkiloti o‘rtasida janglar davom etayotgan Livanda yaqin 36 soat ichida otashkesim e’lon qilishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Reuters 25 noyabr, dushanba kuni Livanning to‘rt nafar yuqori martabali amaldoriga tayanib xabar berdi.
Jurnalistlarga ko‘ra, 26 noyabr, seshanba kuni Isroil vazirlar mahkamasi «Hizbulloh» bilan sulh bitimini tasdiqlash uchun yig‘ilishni rejalashtirgan. Livan parlamenti spikeri o‘rinbosari Elias Bu Saab Reuters agentligiga bergan izohida, agar Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu «fikrini o‘zgartirmasa», Bayrut AQSh taklif qilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejasini amalga oshirishda «jiddiy to‘siqlar» ko‘rmasligini aytdi.
AQSh Davlat departamenti Livanda o‘t ochishni tezda to‘xtatishga umid qilmoqda
Avvalroq AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller Vashington Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha «kelishuvga erishish uchun harakat qilishda davom etayotganini» aytgandi. «Va biz muvaffaqiyatga erishamiz, deb umid qilamiz», deya qo‘shimcha qildi u.
Millerning ta’kidlashicha, tomonlar so‘nggi bir necha kun ichida «kelishuv yo‘lida sezilarli yutuqlarga erishgan».
Mavzuga oid

23:03 / 23.02.2025
Isroil «Hizbulloh» sobiq yetakchisining dafn marosimi vaqtida Livanga hujum qildi

23:07 / 16.02.2025
Eron Livanning iltimosi sabab Bayrutga barcha aviareyslarini to‘xtatdi

19:55 / 08.02.2025
Livanda yangi hukumat tarkibi tasdiqlandi

21:56 / 01.02.2025