Xitoyda mudofaa va tashqi ishlar vazirliklari sobiq rahbarlari davlat lavozimlaridan chetlatildi

Jahon 10:21 / 28.06.2024 10877

Xitoyning sobiq mudofaa va tashqi ishlar vazirlari Li Shanfu va Tsin Gang o‘z lavozimlaridan chetlatildi va Xitoy Davlat kengashi – mamlakat hukumati tarkibidan chetlashtirildi. Tegishli qaror Xitoy Xalq Respublikasi parlamenti Butunxitoy xalq vakillari kengashi (BXVK) doimiy qo‘mitasi tomonidan qabul qilindi, deya xabar bermoqda «Sinxua» davlat agentligi 27 iyun, payshanba kuni.

Avvalroq ikkala vazir ham ishdan chetlashtirilgan edi. Li Shanfu rasman korrupsiyada, jumladan pora olish va berishda ayblangan. U Kommunistik partiya safidan chiqarib yuboriladi va o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin. Li XXR qurolli kuchlarining boshqaruv organi bo‘lmish Markaziy harbiy kengash tarkibidan chetlashtirilgani ham bir kun avval ma’lum bo‘ldi.

«U o‘zi va boshqalar uchun kadrlar mexanizmlari orqali noqonuniy ravishda daromad olgan, mansabidan foydalanib, boshqalar uchun foydali ishlar qilgan va buning evaziga katta miqdordagi pul va qimmatbaho narsalar olgan. Shuningdek, Li Shanfu manfaat yo‘lida boshqalarga pul taklif qilgan. Sobiq mudofaa vazirining xatti-harakatlari partiya ishiga, milliy mudofaa va qurolli kuchlar rivojiga, shuningdek, yuqori martabali amaldorlarning obro‘siga putur yetkazdi», — deyiladi «Sinxua» xabarida. 

Tashqi ishlar vaziri Tsin Gangning lavozimdan chetlatilishi

Tsin Gangga qarshi ayblovlar rasman xabar qilinmagan. Xitoyning AQShdagi sobiq elchisi 2022 yil dekabrida tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan, biroq olti oydan so‘ng g‘oyib bo‘lgandi. Bir oy o‘tgach, u lavozimidan chetlatildi. Tsin Gang 2024 yil fevral oyida BXVK deputatligidan iste’foga chiqqanida yana omma oldida paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng u yana ko‘zga ko‘rinmadi.

26 iyun kuni XXR yana bir sobiq mudofaa vaziri, Li Shanfuning o‘tmishdoshi Vey Fenxe partiya safidan chiqarib yuborilganini e’lon qildi. U korrupsiyada ayblanib tergov qilinmoqda. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Vey Fenxe partiya intizomi va qonunchiligini qo‘pol ravishda buzganlikda ayblanmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Siyosiy byurosi uning ishini harbiy tergov organlariga topshirdi. 

Xitoyda asosiy vazirlarning hibsga olinishi va iste’foga chiqarilishi Si Jinpingning Xitoy Xalq Respublikasi raisi va Kommunistik partiya rahbari etib uchinchi muddatga qayta saylanishi fonida sodir bo‘lmoqda. Bungacha partiya raisi ikki muddatdan ko‘p bo‘lmagan muddatga o‘z lavozimini egallashi mumkin edi. 2018 yilda bu cheklov Si tashabbusi bilan bekor qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: