Orolbo‘yida yashil texnologiyalarni yaratish bo‘yicha laboratoriya tashkil etiladi 

O‘zbekiston 09:25 / 28.06.2024 858

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsion markazi olimlaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Orolbo‘yi xalqaro innovatsion markazi direktori B.Habibullayev va Shinjon ekologiya va geografiya instituti bosh direktori o‘rtasida “Orolbo‘yida yashil texnologiyalarini tadqiq qilish, ishlab chiqish va namoyish etish bo‘yicha qo‘shma laboratoriya” tuzish bo‘yicha shartnoma imzolandi.  

Qurg‘oqchil hududda joylashgan Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumani va Orol dengizi mintaqasi ham xuddi shunday ekologik muammolarga duch kelmoqda. Laboratoriya Orolbo‘yida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, ekologik tiklanish, suv resurslarini boshqarish va qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish sohalarida ilmiy almashinuv va innovatsion hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ushbu laboratoriya Xitoy va Markaziy Osiyoning ekologiyani tiklash, yuqori samarali suvni tejaydigan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslaridan barqaror foydalanish va biologik xilma-xillikni saqlash kabi muhim sohalarda tajribasi va texnologiyasidan foydalanadi. Olimlar Orolbo‘yining yashil va barqaror rivojlanishiga yo‘naltirilgan har tomonlama ekologik tiklash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: