AQShda prezidentlikka nomzodlar — Donald Tramp va Jo Bayden o‘rtasidagi birinchi debat bo‘lib o‘tdi. Tomoshabinlar va ekspertlar baholariga ko‘ra, amaldagi prezident unda muvaffaqiyatsizlikka uchradi va respublikachilar nomzodi yaqqol ustunlikka erishdi. Tarafdorlari esa Bayden umuman saylovdagi ishtirokini to‘xtatishi mumkinligini ham istisno etishmayapti. «Meduza» debatlarda aynan nimalar muhokama etilgani va bu saylovoldi poygasiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida yozdi.
Trampning shtabidagilar birinchi debatdan ochiqchasiga xavfsirayotgandi. Uning safdoshlari oldindan CNN moderatorlarini tarafkashlikda ayblab, Bayden chiqish qilishidan oldin jismoniy holatini yaxshilash uchun qandaydir dori-darmon qabul qilganini aytishdi.
Ammo ilk daqiqalardanoq bu xavotirlar o‘rinsiz bo‘lgani oydinlashdi. Bayden sahnaga chiqishda yana o‘ng‘aysiz ahvolda qoldi, moderatorlar bilan uning mikrofoni yoqilishidan oldinroq noqulay tarzda salomlashdi, keyin esa savollarga juda past va bo‘g‘iq ovozda javob bera boshladi va muntazam ravishda to‘xtalishlar qildi. Prezident bir necha marta duduqlandi, dovdiradi va o‘z fikrlarini aniq jamlay olmadi.
Bayden so‘nggi oylardagidan ancha yomonroq holatda ko‘rindi. Uning atrofidagilar jurnalistlarga prezident debat arafasida shamollab qolganini aytishgan.
Ammo Bayden bunday chiqishi bilan 81 yoshli demokrat mamlakat prezidenti bo‘lish uchun juda qarilik qiladi deb hisoblovchi ko‘plab saylovchilarning xavotirlarini faqat mustahkamladi. Debatni fokus-guruh ishtirokchisi sifatida kuzatgan ikkilanuvchi saylovchilar prezidentning holatidan qattiq xavotirga tushishmoqda. Debatni Sakramentoda Demokratik partiya tarafdori bo‘lgan 40 kishi davrasida kuzatgan The New York Times jurnalisti «[kuzatish vaqtida] kayfiyat kichik vahimadan dahshatli umidsizlikka aylangani»ni yozgan.
Yana bir ajablanarli holat shu bo‘ldiki, bir yarim soatlik debat davomida Tramp faqat bir marta, uning navbatdagi mujmal gaplariga javob berish asnosida Baydenning holatiga munosabat bildirdi: «Bu jumla oxirida u nima deganini tushunmadim. Uning o‘zi ham tushunmagan bo‘lsa kerak!»
Ular aynan nimalarni muhokama qilishdi?
CNN telekanali xodimlari bo‘lgan moderatorlar nomzodlarga qanday mavzular qaysi tartibda taqdim etilishini oldindan aytishmagandi. Yakunda debat tuzilishi ancha tartibsiz tus oldi. Moderatorlar nomzodlardan keng doiradagi mavzular bo‘yicha so‘rashdi va ularga javob berish uchun ikki daqiqa (va shu mavzudagi replikaga javob qaytarish uchun yana bir daqiqa). Yakunda Bayden ham, Tramp ham qo‘yilgan savollarni bir chetga surib, o‘zlarining eski mulohazalariga qaytaverishdi. Moderatorlar bir necha bor nomzodlarning dialogini uzishga majbur bo‘lishdi: masalan, Bayden Tramp 2021 yil 6 yanvarida Kapitoliyni shturm qilganlarni qoralashini talab qilganida.
Baydenning strategiyasi uning yomon holati tufayli baribir noma’lumligicha qoldi. Ba’zida u Trampni mamlakatning bugungi muammolarida aybladi, ba’zida o‘z yutuqlarini e’tirof etishga harakat qildi. Ammo muhokama davomida u muntazam ravishda savol mavzusidan uzoqlashdi. Ko‘pincha keskin gaplari uchun tanqid qilinadigan Tramp esa odatdagiga qaraganda mo‘’tadil pozitsiya tanlashga va o‘zini markazchi sifatida ko‘rsatishga harakat qildi.
Muhokamaning eng mazmunli qismi, aytish mumkinki, Ukrainadagi urush mavzusi haqida gap ochilganida bo‘ldi. Moderatorlar Trampdan u Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan hududlardan ukrain qo‘shinlari olib chiqilishi evaziga harbiy harakatlarni to‘xtatishni taklif etgan Putinning «tinchlik rejasi»ga qanday munosabatda ekanini so‘rashdi. Respublikachilar nomzodi savoldan qochishga urinib, amerikalik askarlar uni qanchalik hurmat qilishi haqida hikoya qilish orqali gapni burishga harakat qildi, boshlovchi bosim qilganida esa, Putinning taklifi «qabul qilib bo‘lmas talablar» ekanini aytdi. Ammo darhol AQShdan qurollar uchun yanada ko‘proq pul sarflashni talab qilayotgani uchun Volodimir Zelenskiyni tanqid qildi:
«Biz bu urushga sarflangan mablag‘lar… Men bunga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardim. Odamlar shunchaki o‘lib ketishdi».
Shundan keyin Tramp Baydenni ham tanqid qilgan — uning Rossiya bosqiniga yo‘l qo‘ygani uchun. Demokrat nomzod esa bunga javoban Putinni harbiy jinoyatchi deb atagan va ajratilgan mablag‘larning katta qismi Ukrainaga yuboriladigan qurollar ishlab chiqaruvchilarga yo‘naltirilishini tushuntirishga uringan.
Debat oxirida, moderatorlar Trampning qanday bo‘lishidan qat’i nazar saylov natijasini tan olish bo‘yicha va’dasini olishga uringanida, u yana urush haqida gapirgan. U «Ukraina yuta olmasligi» va «ular juda ko‘p odamlarni hamda ming yillik oltin gumbazlarga ega bo‘lgan butun shaharlarni yo‘qotganidan juda qayg‘udaligi»ni bildirgan. Keyin esa ikki nomzod ham saylovda raqibi g‘alaba qilgudek bo‘lsa, uchinchi jahon urushi muqarrar bo‘lib qolishi haqida bayonot berishgan.
Debatlarning borishini tahlil qilib, CNN Trampning so‘zlaridagi o‘ttizta yolg‘on gapni sanagan — bu Baydennikidan 21 taga ko‘p. Ammo nomzodlarning bayonotlari ko‘pincha shunchaki ma’nosiz edi. Masalan, iqlim o‘zgarishi bilan kurash masalasi haqidagi savolga javoban Tramp uning boshqaruvi davrida «Amerikada [toza] H2O bo‘lgani»ni aytgan. Ba’zida esa respublikachilar nomzodi shunchaki javobdan qochib, har qanday da’volar noto‘g‘ri deb atagan.
Tramp hatto o‘zining jamoatchilik qarshisida aytgan gaplarini ham inkor etgan — masalan, Fox News bilan intervyudagi unda demokratlarni jinoiy javobgarlikka tortishga «huquqi borligi» haqidagi (bu gap hozirda unga qarshi ko‘rib chiqilayotgan to‘rtta jinoiy ishga javoban aytilgandi). Debatda respublikachi hech qachon bunday gap aytmaganini bildirib, Bayden o‘z prezidentligidan keyin «qamalishi mumkinligi»ni qo‘shimcha qilgan. Bunga javoban demokratlar nomzodi raqibiga o‘tkir nigoh bilan qarab shunday dedi: «Tarixda birorta prezident bunday gap aytmagan».
Bu epizod Bayden nisbatan kuchli bo‘lib ko‘ringan kam sonli lahzalardan biri edi. Yana bir shunday bahs Tramp halok bo‘lgan amerikalik askarlarni «lattalar va omadsizlar» deb ataganini tan olmaganida ro‘y berdi. Demokrat bunga javoban o‘zining 2015 yilda miya saratonidan vafot etgan Boni yodga oldi (u ham Amerika armiyasi faxriysi bo‘lgan):
«Mening o‘g‘lim latta emasdi. U luzer emasdi. Latta bu sensan. Luzer bu sensan».
Donald Trump is a sucker and a loser. pic.twitter.com/vzaWRqevN7
— Joe Biden (@JoeBiden) June 28, 2024
Eng g‘alati blok nomzodlar yoshi bo‘yicha bo‘ldi (Bayden 81, Tramp — 78 yoshda). Avvaliga moderatorlar bu haqda Baydendan so‘rashdi — va kutilgan savolga muvaffaqiyatli javob uni vaziyatdan olib chiqishi mumkin edi. Amaldagi prezident bahorda ham bu savolga oldindan tayyorgarlik bilan javob berib, tajriba hamda yangi g‘oyalarga qo‘l urishga tayyorlikning afzalliklari haqida gapirgandi, ammo debatda u mikroprotsessorlar ishlab chiqarishga investitsiya kiritish haqida gapira ketdi.
Tramp esa xuddi shu savolga javob berarkan, kognitiv testlardan yaxshi o‘tgani bilan maqtana boshladi — keyin esa yaqinda o‘z klubida golf bo‘yicha turnirda g‘olib bo‘lganini aytdi. Shundan keyin Bayden Trampni kuch sinashishga chaqirdi — faqat u «sumkasini o‘zi bilan olishi» sharti bilan. Nomzodlar chalkashib bahslasha boshlashdi, bahs respublikachi shunday deganidan keyin to‘xtadi: «O‘zimizni bolalarcha tutmaylik».
Bu saylovlarga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Amerikalik jurnalistlar debatdan keyin demokratlarni vahima chulg‘agani haqida yoza boshlashdi. Politico Oq uyning prezidentning chiqishini «dahshatli» deb atagan sobiq xodimi so‘zlarini keltirgan: «U hozir nima dedi? Bu aqlsizlik». Polittexnolog-demokrat munozara vaqtida tomoshabinlar bo‘lmagani Baydenga zarar yetkazganini taxmin qilgan (nomzodlar kelishuviga binoan, debat yopiq studiyada o‘tdi): «Bechora biroz qizib olishi lozim edi. Choy ichishi kerak edi. Yoki viski».
Oq uy matbuot xizmatining sobiq rahbari Keyt Bedingfeld Baydenning chiqishi «hafsalani pir qilgani»ni aytgan: «Uning asosiy vazifasi xalqqa unda energiya va chidamlilik yetarli ekanini isbotlash edi — u esa aynan shuni uddalay olmadi». Demokratik partiyaga ishlovchi strateg NYT bilan suhbatda shunday degan:
Bayden saylovdan chiqishga chaqiriqlar oqimi bilan to‘qnashmoqda. Bu sahnada bo‘lgan odam g‘alaba qozona olmaydi. Trampning g‘alabasidan qo‘rquv Baydenning tanqidchilarini jim qilgandi — endi esa bu uning nomzodini qaytarib olishga chaqiriqlarni kuchaytiradi.
Respublikachilar anchadan buyon avgust oyidagi qurultoyda demokratlar Baydenni boshqa nomzodga almashtirishlari haqidagi nazariyani ilgari surib keladi. Ammo hozirgi debatgacha buning uchun jiddiy asoslar bo‘lmagandi. Demokratlar esa nomzodni almashtirib bo‘lmasligini ochiq aytishda davom etmoqda.
Gap shundaki, bahorda o‘tkazilgan praymerizda Bayden 99 foiz ovoz olgan. Partiya qoidalariga ko‘ra, bu avgust oyida demokratlarning nomzodi e’lon qilinadigan qurultoyga yig‘iladigan 3900 nafar delegat uni qo‘llashi kerakligini anglatadi (garchi bu yuridik jihatdan majburiy bo‘lmasa ham). Ya’ni Baydenning roziligisiz uni boshqa nomzodga almashtirish imkonsiz.
Agar prezidentning o‘zi nomzodini qaytarib olsa, yangi nomzod shu qurultoyda delegatlarning ko‘pchilik ovozi bilan tanlanadi. Bunaqasi oxirgi bor 1952 yilda ro‘y bergandi — unda hali zamonaviy praymeriz protseduralari joriy etilmagandi. Ammo hozirda bu imkonsiz ko‘rinmayapti. Barak Obamaning ismini sir tutgan maslahatchisi Semafor bilan suhbatda shunday degan: «Agar debatlar Baydenni chekinishga majbur qilsa, unda ularni ajoyib o‘tdi deyish mumkin. Agar unday bo‘lmasa — bu yomon».