Kim Nam Sok O‘zbekistonning IT bo‘yicha Janubiy Koreyadagi faxriy elchisiga aylandi

O‘zbekiston 07:32 / 27.06.2024 2204

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Seulda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining sobiq o‘rinbosari, Koreya xavfsizlik va davlat boshqaruvi vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Kim Nam Sok bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida ATK sohasida hamkorlikni rivojlantirish va Koreya kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalardagi ishtiroki muhokama qilindi. O‘zbekistonni mintaqadagi IT xabga aylantirish rejalari haqida ham so‘z yuritildi.

Sherzod Shermatov Kim Nam Sokni O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi IT bo‘yicha faxriy elchisi lavozimiga taklif qildi. Sobiq vazir o‘rinbosari bu taklifni qabul qildi.

Kim Nam Sok O‘zbekistonda vazir o‘rinbosari va ATK bo‘yicha maslahatchi lavozimlarida 2013 yil bahorida ish boshlagandi. Uning mehnat shartnomasi to‘rt yil davom etgan.

U «Elektron hukumat» tizimini joriy etish, Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini 2013−2020 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi, tarmoq standartlari va tasniflagichlarini ishlab chiqish, mamlakatda dasturiy ta’minot sanoatini rivojlantirish, iqtisodiyotning real sektoriga ATKni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar va loyihalarda ishtirok etgan.

Kim Nam Sokning tavsiyalarini inobatga olgan holda «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi va Axborot xavfsizligini ta’minlash markazlari tashkil etilgan. 2016 yilda Kim Nam Sok «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.

Ko‘proq yangiliklar: