“Iqlim o‘zgarishiga nisbatan barqaror agroekotizimni yaratish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarga moslashuvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash doirasida sohaning iqlim o‘zgarishiga moslashishi va uning iqlimga salbiy ta’sirini yumshatish, qurg‘oqchilik va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish, yaylovlar bioxilma-xilligini saqlash (qayta tiklash), yangi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda sohaga keng joriy qilish bo‘yicha amalga oshiriladigan tadbirlarga Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ul etib belgilandi.
Qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish va sohaning iqlimga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlandi.
Iqlim o‘zgarishiga bog‘liq bo‘lgan hududlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni samarali tashkil etish Milliy dasturning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish hamda himoya o‘rmonlari (ihota) barpo etish doirasida:
- cho‘l, tog‘li va tog‘ oldi hududlarda cho‘llanish va qum ko‘chishi, tuproqning suv va shamol eroziyasining oldini olish hamda ekologik muhitni yaxshilash maqsadida himoya o‘rmonlari (ihota) barpo etiladi;
- dala chetlari, yaylovlar va ochiq yer maydonlarini madaniy ekinlar, butalar, galofitlar va cho‘l o‘simliklari bilan qoplashning foydali tomonlari to‘g‘risida tashabbuskorlarga ko‘rgazmali seminarlar tashkil qilinadi.
2024 yil yakunigacha qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishlarini monitoring qilish, hisobotini yuritish va tasdiqlash global tizimi doirasida milliy platforma joriy qilinadi.
“Har bir fuqaro uchun – bir daraxt” tamoyili asosida ko‘rik-tanlov tashkil etiladi va uni respublikada ommalashtirish choralari ko‘riladi.