26 iyun, chorshanba kuni general Xuan Xose Suniga boshchiligidagi Boliviya armiyasi bo‘linmalari poytaxt La-Pas markaziy maydonini egallab oldi va zirhli texnikadan foydalanib, respublika prezidenti Luis Arsening rasmiy qarorgohi hovlisidagi eshikni buzib kirishga harakat qildi, deb xabar beradi Vision360.
Keyinroq prezident harbiy qo‘mondon oldiga chiqdi va ular suhbatlashdi. Biroz vaqt o‘tgach, harbiylar prezident saroyidan chekinishni boshladi va uning oldidagi maydonni prezident tarafdorlari egallab oldi. Isyonkor general politsiya tomonidan ushlandi.
«Biz xalqaro hamjamiyatga Boliviyada demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatimizga qarshi davlat to‘ntarishiga urinish yuz berganini e’lon qilamiz», — deb yozdi Boliviya vitse-prezidenti David Chokeuanka ijtimoiy tarmoqda. O‘z navbatida, respublika prezidenti general Suniga bo‘linmalarining harakatlarini davlat to‘ntarishiga urinish deb atadi va politsiyaga «demokratiyaga sodiq qolgani» uchun minnatdorchilik bildirdi.
General Suniga: Vatanimizni qaytarib olamiz
Bir kun oldin general Suniga Boliviya qurolli kuchlari qo‘mondoni lavozimidan bo‘shatildi, ammo u iste’foga chiqishdan bosh tortdi. «Biz vatanimizni qaytarib olamiz», dedi Suniga Murilo maydonida chiqish qilib. Uning so‘zlariga ko‘ra, armiya bo‘linmalari safarbar etilishi harbiylar «yerga urilishi» tufayli g‘azablanishning namoyishidir, deb yozadi El Deber.
Suniga siyosiy mahbuslarni ozod qilish va «demokratiyani isloh etish» uchun davlat to‘ntarishiga urinish uyushtirganini aytdi, deb yozadi Los Tiempos. «Biz barcha siyosiy mahbuslarni zudlik bilan ozod etishni talab qilamiz. Odamlar buyruqqa amal qilgani uchun qamalishi mumkin emas», dedi Suniga.